

Ushbu jamoa safida to'p tepgan Durbek Kamolov aslida Jizzax viloyatida tavallud topgan bo'lsada, “Mashal” futbol klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Birinchi murabbiyi Dilshod Andaev ekanligini ham aytib o'tish lozim. Kamolov U-19 yoshlar terma jamoamiz tarkibida Qatarda uchta o'yinda ishtirok etdi. Ushbu bahslar davomida Durbek o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi.
- Bunday xalqaro musobaqada ilk bor ishtirok etishim edi – deya gap boshladi Kamolov.
- Qolaversa yoshlar terma jamoamiz bilan bu xorijga ikkinchi safarim edi. Bundan oldin, BAAga yig'in o'tkazish uchun borgandik. Qatar esa men uchun ikkinchi xorij safari bo'ldi. Shu bois dastlab biroz xayajon bosdi. Lekin keyinchalik hammasi iziga tushib ketdi.
- Terma jamoamizdagi muhit juda yaxshi. Barcha futbolchilar bilan huddi bir oiladekmiz. Maydonda va uning tashqarisida ham bir-birimiz bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Kirishib ketishimiz oson kechdi. Muvaffaqiyatimizning asosiy omili ham ahilligimizdadir.
- O'tkazgan o'yinlarimiz xususida aytadigan bo'lsam, dastlabki bahsimiz U-19 Turkmaniston yoshlar terma jamoasig qarshi kechdi. Uchrashuv biz uchun qiyin o'tdi. Vaholanki o'yindan oldin, Turkmanistonning kuchli o'yin namoyish etishini yaxshi bilardik. Shu bois biz ham jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. Bu o'yinda yirik hisobda g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Biroq omad bizdan yuz o'girdi. Ko'rgan bo'lsangiz bir qator golli vaziyatlarni yaratdik. Ammo ulardan foydalanishga kelganida sovuqqonlik etishmadi. Kichik hisobda g'alaba qozongan bo'lsakda, muhimi uch ochkoni qo'lga kiritdik.
- Nepal U-19 yoshlar terma jamoasi bilan o'yinda yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsakda, g'alaba osonlikcha qo'lga kiritildi deya olmayman. Raqib jamoa o'yini tasviri tushirilgan diskni uchrashuvdan bir kun oldin, butun jamoa bo'lib yig'ilib, diqqat bilan kuzatgandik. Ularning nozik jihatlari nimada ekanligini o'rgandik. Shundan so'ng omadimiz kelib, yirik hisobda muvaffaqiyat qozondik. Demak Nepalni yaxshi o'rgangan ekanmiz.
- Guruhdagi uchinchi o'yinimiz Hindiston U-19 yoshlar terma jamoasiga qarshi kechdi. Undan oldingi bahsda oyog'imdan jarohat olganim tufayli bu jamoaga qarshi o'yinda ishtirok eta olmadim. Lekin zaxira o'rindig'ida uchrashuvni kuzatib, shunga amin bo'ldimki, Hindistonga qarshi jamoadoshlarim juda qiyin g'alabaga erishdi. Xullas hech bir bahs biz uchun oson o'tgani yo'q. Sababi har bir terma jamoa saralash o'yinlariga puxta tayyorgarlik ko'rishgan ekan.
- Guruhdagi so'nggi o'yinimizda Qatar bilan to'qnash keldik. Mezbonlarga shu kuni o'z maydonida o'ynashgani qo'l keldi. Qolaversa muxlislarning daldasi ham ularga qo'shimcha kuch bag'ishladi. Qatar kuchli terma jamoa. Lekin yutadigan raqib. Nasib qilsa keyingi to'qnashuvlarda ularni mag'lubiyatga uchrata olamiz. Garchi Qatarga imkoniyatni boy bergan bo'lsakda, asosiysi “A” guruhida 2-o'rinni egallab, o'z oldimizga qo'yilgan vazifani uddaladik. O'yindan keyin ham bosh murabbiyimiz barchamizni vazifa bajarilgani bilan tabrikladi va o'z minnatdorchiligini bildirdi.
- Endilikda e'tiborimizni Osiyo chempionati o'yinlariga qaratamiz. Qatardan qaytib kelganimizdan keyin barcha futbolchilar o'z jamoalari ixtiyoriga jo'nab ketdi. U-19 yoshlar terma jamoamiz endi yanvar oyidan yig'iladi va tayyorgarlikni boshlaydi.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi



