"Dordoy" o'zbekistonlik murabbiy bilan qisqa muddatli shartnoma tuzganini e'lon qildi. Ahmedov ham shu klubda ishlaydi

Narzulla Saydullayev
28 may 2022
Kecha Bishkekning "Dordoy" klubida o'zbekistonlik murabbiy Sergey Arslanov ish boshlashi haqida xabar bergandik.

Bugun klub Arslanov bilan 2022 yilning 1 iyuliga qadar mo'ljallangan shartnoma tuzilganini e'lon qildi.

Sergey Arslanov "Dordoy"da katta murabbiy sifatida ishlaydi. Yana bir hamyurtimiz Islom Ahmedov esa maslahatchi murabbiy etib tayinlandi, murabbiylar shtabiga qirg'izistonlik Zamirbek Jumagulov ham kiradi.

"Qirg'iziston chempionatida o'zimizga xos bo'lmagan o'rinda borayotganligimiz, shuningdek mamlakat kubogidan chiqib ketganimiz tufayli – klub rahbariyati bosh murabbiy Murat Jumakeev va katta murabbiy Aleksandr Beldinov bilan shartnomani kelishilgan holda bekor qildi. Klubga O'zbekistondan ikki mutaxassisni jalb qildik, ular OFK kubogi vaqtida jamoani boshqarishadi", - dedi klub bosh direktori Ruslan Sidikov.

"Birinchi navbatda klub rahbariyatiga taklif uchun va yaxshi kutib olishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Klub haqida nima deya olaman?! Ha, ma'lumotlar to'pladim, chempionat doirasidagi "Abdish-Ota" klubiga qarshi o'yinni ko'rdim va futbolchilar bilan tanishishga harakat qildim. Aytishim mumkinki yigitlar yaxshi. Mahoratli ijrochilar bor. Urg'uni o'yin tashkil etishga qaratamiz. Klub oldidagi maqsadlar doim eng oliy. Vazifa – OFK kubogida guruhdan chiqish", - dedi "Dordoy" katta murabbiyi Sergey Arslanov.

Ma'lumot uchun, "Dordoy" klub OFK kubogi guruh bosqichida "Xo'jand" (Tojikiston) va "Kopetdog'" (Turkmaniston) klublariga qarshi o'ynaydi. Bahslar 24-30 iyun kunlari Bishkek shahrida markazlashgan holda o'tkaziladi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia