Cergey Tokov: "Jamoani kuchaytira oladigan mahalliy futbolchilar qolmadi"

Alisher Ostonov
12 mar 2026
Superliga 3-turidan o'rin olgan "Buxoro" - "Xorazm" (1:1) uchrashuvidan so'ng xorazmliklar bosh murabbiyi Sergey Tokov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.



"O'yin shiddatli bo'ldi. Birinchi bo'limni to'liq yutqazdik. Balki maydon holati ta’sir qilgandir. Ikkinchi bo'limda esa biroz quvnoq o'yin namoyish etdik, ikkinchi golni urishimiz ham mumkin edi va gol o'tkazib yuborish xavfi ham bo'ldi. Nazarimda adolatli natija bo'ldi. Ikki jamoa ham kurashdi", - dedi Sergey Tokov uchrashuvdan so'ng.

- Bugun "Buxoro"ga raqib sifatida qanday baho berasiz va buxoroliklarning qaysi jihati sizning jamoangizga qiyinchilik tug'dirdi?

- "Surxon"da ishlaganimda ham "Buxoro" to'qnash kelganman. Xomyakov u vaqti "Andijon"da ishlar edi. Jamoa juda yaxshi tashkillashgan, bo'ydor va jangchi jamoa. Bunday jamoaga qarshi o'ynash qiyin, ammo juda qiziqarli. Raqib qanchalik jiddiy bo'lsa, g'alaba shunchalik shirin bo'ladi.

- Hakamlik borasidagi fikringiz qanday?

- Hissiyotlar har doim bo'ladi. Men hakamlarga baho bera olmayman. Biz murabbiylar hissiyotga berilib ketamiz. Hakam ko'pgina vaziyatlarga kurashga imkoniyat berdi. Futbol o'zgarib bormoqda, buni bilasiz. Muxlislarimizga ham rahmat.

- "Xorazm"ning o'yini legionerlarga bog'lanib qolgandek. Mahalliy futbolchilar ham o'zini ko'rsatadimi?

- Biz faqat legionerlar degan tushuncha yo'q. Men uchun har bir futbolchi teng. Biz taktikamizdan kelib chiqib futbolchilarni tanlaymiz. Tarkibimizda 6ta legionerlar borligining sababi shundaki, hozirgi kunda jamoani haqiqatdan ham kuchaytira oladigan mahalliy futbolchilar qolmadi. Superligada klublar soni ko'paydi, Pro Ligada ham 3-4ta o'z oldiga jiddiy maqsadlar qo'ymoqda. Yaxshi futbolchilarga talab juda katta. Oyliklar baland va ko'pgina futbolchilar xorijda o'ynamoqda. Bozorimizda sifatli va yaxshi futbolchilarni topish juda qiyin bo'lib qoldi. Barcha futbolchilar band.


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia