"Buxoro" Shavkat Mullajonov va Shavkat Salomov bilan shartnoma imzoladi

Tolibjon Qosimov
8 yanv 2018, 14:09
Ulug'bek Baqoev boshqaruvidagi "Buxoro" o'z tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda.

Yaqinda jamoa yig'iniga mamlakatimizning taniqli futbolchilari Shavkat Mullajonov va Shavkat Salomov kelib qo'shilgan edi. Kuni-kecha ushbu tajribali o'yinchilar bilan klub o'rtasida rasmiy kelishuvga erishildi va tomonlar o'zaro shartnoma imzoladi. Shu tariqa Mullajonov va Salomov joriy mavsumni "Buxoro"da o'tkazadigan bo'ldi.

O'tgan mavsum "Buxoro" safida sermahsullik ko'rsatib, xatto milliy terma jamoadan ham taklif ola boshlagan hujumchi Ivan Nagaev ayni damda jamoa mashg'ulotlarida ishtirok etmoqda. Ammo, Nagaev yaqin orada jamoa bilan xayrlashib, xorij klubiga ko'chib o'tadi. Boisi, 28 yoshli hujumchiga Qozog'iston va arab davlati jamoalaridan jiddiy qiziqish bo'lmoqda. Uning qaysi jamoaga o'tishi haqida keyinroq aniq ma'lumot beramiz. Toshkentdagi yig'in chog'ida murabbiylar yana ayrim futbolchilar bilan ham do'stona ravishda xayrlashishi kutilmoqda. Ularning kimligi sinov-nazorat uchrashuvlaridan so'ng aniq bo'ladi. Eslatib o'tamiz, "Buxoro" 13 yanvar kuni "Mashal"ga qarshi o'rtoqlik o'yinida maydonga tushadi.



"Buxoro" matbuot xizmati


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "Бухоро" матбуот хизмати