Aleksandr Xomyakov: "Hujumda umuman "tishsiz" harakat qildik"

Administrator
23 apr 2026, 01:35
Superliga 9-turdan o'rin olgan "Buxoro" – "Paxtakor" bahsi 0:1 hisobida yakun topdi. O'yindan keyin "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Tushunarliki, biz ham g'alaba qozonishni va muxlislarimizni xursand qilishni xohlagandik. Lekin xohish bilan amalga oshirish bir-biridan farq qiladi. Nima bilan bog'liq bilmadim-u, birinchi taymni juda yomon o'tkazdik, hech narsa o'xshamadi. Rejamiz ish bermadi. To'p nazoratini, to'pni qabul qilib olishni yo'qotdik, maydonda noto'g'ri joylashdik. Katta ishtiyoq bilan o'yin ko'rsatamiz deb o'ylagandik, lekin gol o'tkazib yubordik. Raqib ustunlikni o'z qo'liga oldi va to'p kiritishning uddasidan chiqdi. Ikkinchi taymda yetakchilikni qo'lga oldik deya olmayman-u, ammo raqibga xalaqit berishga urindik. Faqat hujumda umuman "tishsiz" harakat qildik. Bitta o'sha to'p qo'lga tegdimi yo tegmadimi vaziyatni hisobga olmasak, boshqa vaziyat yarata olmadik. Alamli mag'lubiyatga uchradik. Raqibni g'alaba bilan tabriklayman.

- Mana uchinchi o'yindirki jamoangiz dastlabki 15 daqiqa ichida gol o'tkazyapti. Bu nima bilan bog'liq?

- Bu haqda men ham o'yladim va futbolchilarga aytgandik. Bugun o'yindan oldin himoyada ehtiyot bo'lish kerakligini uqtirdik. Biz astoydil gol urishni xohlayapmiz va buning natijasida muammolar yuzaga kelyapti. Hamma hujumga o'tib ketadi, chiziqlar bo'sh qoladi, keyin gol o'tkazamiz. To'g'ri o'yin ko'rsatishimiz kerak edi. OKMK bilan bahsni oling, uchrashuv boshlangan, lekin biz hamon dastlabki 15 daqiqalikda kiyim almashtirish xonasida edik. Albatta, buni yana tahlil qilamiz. Siz to'g'ri savol berdingiz, juda oddiy to'plarni o'tkazyapmiz. Buni to'g'rilash kerak.

- Oxirgi o'yinlarda hakamlarning tez-tez xatoga yo'l qo'yayotgani futbolchilar va murabbiylarga qanday ta’sir qilyapti? Futbolchilar bu borada bosimni his qilmayaptimi?

- Hakamlar ishiga baho berish bizning vazifamiz emas. Bu borada jamoamiz futbolchilarida bosim yo'q deb o'ylayman. Albatta, o'yin payti turli hissiyotlar bo'ladi. Menimcha, Superligaga saviyasi baland hakamlar qo'yilyapti. Shu bois men ularni muhokama qilmoqchi emasman, bunga haqqim ham yo'q.

- Ikkita ketma-ket mag'lubiyat jamoangizga qay darajada ta’sir qiladi?

- Biz tezroq mag'lubiyatni unutib keyingi o'yin haqida o'ylashimiz kerak. Agar maydonga ruhiy tushkunlik bilan chiqsak, bu umuman foyda bermaydi. Mag'lubiyat alamli, lekin hech kim bundan kafolatlanmagan. Bugun mamlakatimizning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi o'ynadik, buni to'g'ri qabul qilish kerak. Raqib safida milliy terma jamoa o'yinchilari bor, bu ham ustunlik berdi. "Paxtakor" rostan yaxshi jamoa. Biz esa bugungi mag'lubiyatdan dars chiqarishga harakat qilamiz.


AdministratorMuallif
Manba: