"Bolalar endi ko'chada futbol o'ynamay qo'yishdi": Andrea Ranokkiya muvaffaqiyatsizlikning 4 ta asosiy sababini aytdi

Aslanov Jasurbek
1 apr 2026
Italiya terma jamoasi va "Inter" sobiq himoyachisi Andrea Ranokkiya "Skuadra Adzurra"ning JCH-2026 yo'llanmasidan quruq qolgani yuzasidan o'z fikrlarini bildirdi.

U vaziyatni shunchaki omadsizlik emas, balki tizimli inqiroz deb atadi va uning 4 ta sababini ko'rsatib o'tdi.

1. Ko'cha futbolining yo'qolishi:

"Bu madaniy muammo. Bolalar endi ko'chada futbol o'ynamay qo'yishdi. Akademiyalar ishlayapti, lekin ilgarigidek ko'chada do'stlar bilan o'tkaziladigan qo'shimcha 4-5 soatlik mashg'ulotlar yo'qligi sababli buyuk talantlar etishib chiqmayapti. Ilgari murabbiylarda tanlov imkoniyati keng edi, hozir esa cheklangan".

2. Infratuzilma va eskirgan stadionlar:

"Stadionlar va echinish xonalarining ahvoli ham ta’sir qiladi. Agar men ota sifatida farzandimni sharoiti talabga javob bermaydigan maydonga berishim kerak bo'lsa, uni boshqa sport turiga yo'naltirishni afzal ko'raman. Bu esa futbolga qiziqishning kamayishiga olib keladi".

3. Mashg'ulot uslubining o'zgarishi:

"So'nggi yillarda biz faqat atletik futbolga e'tibor qaratyapmiz va bazaviy texnikani unutib qo'ydik. Hatto o'g'limning mashg'ulotlarida ham ko'ryapman - ilgarigi futbolning asosi bo'lgan metodikalar endi yo'q".

4. Yakkama-yakka kurashlardagi ojizlik:

"Bizda raqibni aldab o'tadigan futbolchilar etishmayapti. Taktik daraja yuqori, lekin son jihatdan ustunlik yaratadigan o'yinchilar yo'q. Hamisha jarima maydonchasiga pas orqali kirishga harakat qilyapmiz".

Ranokkiyaning takidlashicha, Italiya futboliga katta investiciyalar va siyosiy iroda kerak. Aks holda, bu Italiya o'tkazib yuboradigan oxirgi Jahon chempionati bo'lmasligi mumkin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Sportmediaset