Bir o'yin tarixi. 2002 yil xotiralari yoxud Senegalga atalgan raqs kechasi

Iskandarov Abdulaziz
30 noya 2022
Senegal terma jamoasi kecha JCH-2022 guruh bosqichi uchinchi turida Ekvadorni mag'lub etib keyingi bosqichga yo'llanma oldi.


Senegal futboli haqida gap ketar ekan bevosita 2002 yil Yaponiya va Koreya mezbonligida o'tgan Jahon chempionati ko'z o'ngimizda gavdalanadi. Chunki ushbu mundialda bu yurt vakillari o'ziga hos tarix yaratgan, muxlislar olqishiga va e'tiboriga sazovor bo'lganligi bilan ahamiyatlidir. Mundial mezbonlari kabi Senegal musobaqa davomida nafaqat o'yin bobida balki natija borasida ham ko'pchilik kutmagan natijalarni qayd etgan edi. Ularning bugungi g'alabalari fonida bevosita o'sha damlar ko'z oldimizda gavdalandi. Qolaversa, jamoaning ayni paytdagi bosh murabbiyi Aliu Sisse Osiyo qitasidagi mundialda Senegal sharafini himoya qilgan. 

Jahon chempionatiga qadar uzoq masofani bosib o'tgan Senegal qur'a natijalariga ko'ra, Daniya, Urugvay, Fransiya terma jamoalari bilan "A" guruhidan joy oladi. Tabiiyki bu kvartetda Roje Lemer murabbiyligidagi Fransiya yaqqol favorit hisoblanardi. Amaldagi Jahon va Yevropa chempionlarining tarkibi o'tgan turnirdan farq qilsada, mahoratli ijrochilar etarli edi. Dide Desham, Loran Blan kabi yetakchilar o'z o'rnini boshqa futbolchilarga bo'shatganiga qaramay tarkibni kuchsiz deb bo'lmasdi. Roje Lemer oldida esa jiddiy muammo yuzaga kelgan, Zidan jarohati sabab guruh bosqichidagi ikki turni o'tkazib yuborishi kutilayotgandi. Darhaqiqat uning o'rni birinchi turdan o'rin olgan Senegal bilan bahsda yaqqol bilingani hech kimga sir emas. Senegal terma jamoasida esa haqiqiy Fransiya falsafasi shakllangan, uslub va taktikada ham francuzlarga hos imzo ko'rinib turardi. Buning sababi esa oddiy tarkibdagi futbolchilarning yarimidan ko'pi Fransiya chempionatida ishtirok etar, murabbiy Brunu Metsyu ham fransiyalik edi. E'tibor bering mundial paytida Papa Buba Diop ("Lans"), El Xoji Diuf ("Lans"), Aliu Sisse ("Monpele"), Koli ("Lans") Toni Silva ("Lill") deyarli yarim jamoa Fransiya chempionatida to'p tepgan. 

Har to'rt yillikning nufuzli musobaqasining ochilish uchrashuvida Papa Buba Diop yetakchiligidagi Senegal Fransiyaga qarshi maydonga chiqadi. O'yin haqiqatdan murosasiz, kurashlarga boy o'tganligini takidlash joiz. 30-daqiqada maydon markazidan oshirib berilgan to'pni qabul qilib olgan El Xoji Diuf tezlik bilan raqib himoyasini yorib o'tadi va markazda ochilib borayotgan Papa Buba Diopga uzatadi. Uning birinchi zarbasini Bartez qaytargan bo'lsada himoyachilarning e'tiborsizligi natijasida Papa Buba Diop to'pni yo'llab hisobni ochadi. Ushbu vaziyatda Emanuel Peti etarlicha qarshilik ko'rsata olmagandi. Ha bu gol tarixiy gol, bu gol Fransiyani gangitib qo'ygan gol, raqibning guruh bosqichida qolib ketishiga sababchi bo'lgan gol edi. Goldan xursandchiligini yashirmagan Buba Diop uni o'zgacha nishonlaydi. Burchak tomon yugurib borgan hujumchi futbolkasini echadi va erga qo'ygancha jamoadoshlari bilan raqsga tushadi. 

Uchrashuvning qolgan daqiqalarida francuzlarda hisobni tenglashtirish uchun bir qancha qulay imkoniyatlar yuzaga kelgan, lekin gohida darvoza to'sini gohida esa posbon Toni Silva mahoratini namoyish qilgandi. Ayniqsa David Trezegening yo'llagan zarbasidan so'ng to'p darvoza to'siniga tegib qaytgan stadionni bir lahzaga jumbushga keltirgan edi. Yana bir vaziyatda Halilu Fadiganing zarbasiga Bartez qoyilmaqom seyv bilan javob qaytaradi. Ustunlik Roje Lemer shogirdlari tomonda bo'lsada omad ochiqchasiga ulardan yuz o'girgani ayni haqiqat. Qolgan ikki bellashuvda Daniya(1:1) va Urugvay(3:3) bilan durangga imzo chekkan senegalliklar pley offda Shvetsiyadan(2:1) ustun kelishadi. Chorak finalda esa musobaqaning kashfiyotlaridan biri bo'lgan Turkiyaga kichik 0:1 hisobida engilishadi. Jahon chempionatidan so'ng Senegalning ko'plab futbolchilariga boshqa chempionatlardan, kuchli jamoalardan chorlovlar tusha boshlaydi. Fransiya bilan uchrashuv qahramoni Papa Buba Diop "Fulxem", El Xoji Diuf esa "Liverpul" safiga borib qo'shiladi. Ha, bu chindan ham Papa Buba Diop va Senegal terma jamoasiga atalgan kecha edi.

JCH-2002. 31.05.2002. Seul, "World sup stedium"

Fransiya - Senegal 0:1

"A" guruhi. 1-tur. 62561 tomoshabin.

Bosh hakam: Ali Budjsaim (BAA)

Gol: Papa Buba Diop 30, 0:1.

Fransiya: 16. Fabien Bartez, 3. Biksent Lizaryu, 8. Marsel Desayi, 15. Lilian Tyuram, 18. Frank Lebue, 4. Patrik Viera, 6. Yuriy Jorkayf, 17. Emmanuel Peti, 11. Silvan Viltor, 12. Terri Anri, 20. Devid Trezege

Bosh murabbiy: Roje Lemer

Senegal: 1. Toni Silva, 2. Omar Diaf, 4. Papa Malik Diop, 6. Aliu Sisse, 13. Lemina Diatta, 17. Ferdinand Koli 10. Halilu Fadiga, 14. Mussa Ndaye, 15. Salif Diao, 19. Papa Buba Diop, 11. El Xoji Diuf

Bosh murabbiy: Brunu Metsyu



Abdulaziz Iskandarov tayyorladi


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia

O'xshash yangiliklar