Bekzod Mamatqulov O'zbekiston futzal federatsiyasida yig'ilish o'tkazdi. Unda Eliboev, Sviridov, Rahmatov va boshqalar qatnashdi

Sherzod Nurmatov
10 iyun 2025
Kecha, 9 iyun kuni O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov boshchiligida yig'ilish bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboev, yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Konstantin Sviridov hamda o'smirlar terma jamoasi ustozi Dilshod Rahmatov, shuningdek, federatsiya mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Yig'ilish davomida Federatsiyaning ortda qolgan vaqt davomida amalga oshirgan ishlar, yutuq va kamchiliklar hamda kelajakda bajarilishi kerak bo'lgan vazifalar haqida so'z bordi. Jumladan, Oliy ligaga o'tish turniriga tayyorgarlik, uni munosib tarzda tashkillashtirish va o'tkazish, mamlakat chempionati starti masalalarini puxta rejalashtirish, barcha terma jamoalarimizni oldinda kutayotgan musobaqalar, o'quv-mashg'ulot yig'inlari, o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish yuzasidan kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Federatsiya prezidenti Bekzod Mamatqulov ichki chempionatimiz sifat darajasini oshirish ustuvor vazifalardan biri ekanligi, aynan shu yo'l bilan mamlakatimiz milliy terma jamoasi ham kuchli bo'lishini ta'kidladi.

"O'zbekiston Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Biz qitada chempionlikka nomzodlardan birimiz. Shuni yodda tutishimiz zarur. Oldinda bizni kutib turgan CAFA musobaqasida ham faqat g'alaba uchun maydonga tushishimiz kerak. Shu sababli munosib tarzda tayyorgarlik ko'rishimiz kerak", – dedi Bekzod Mamatqulov.

Bundan tashqari, federatsiya rahbari terma jamoa va unga chaqirilishga nomzod bo'lgan futzalchilarning salomatligini nazoratga olish, zarur bo'lsa, yordam ko'rsatish kerakligini ta'kidlab o'tdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Ўзбекистон футзал федерацияси матбуот хизмати