A'zam Aliev: "Neftchi"ning oldiga qo'ygan maqsad va sharoit Superliga jamoalarinikidan kam emas"

Aslanov Jasurbek
25 yanv 2021
Pro liga jamoalari orasida "Neftchi" selekciya ishlarida yetakchilikni qo'liga olgan desak xato bo'lmaydi.

Darhaqiqat, o'z oldiga jiddiy maqsad qo'ygan jamoa tarkibga mahoratli va tajribali futbolchilarni jalb qilmoqda. Shunday ijrochilardan biri A'zam Alievdir. "Hokim kubogi" birinchi turidan so'ng yarim himoyachining fikrlarini tingladik.

"Yangi jamoaga o'tganim qaysidir manoda ortga tashlangan qadam deyishim mumkin. Lekin, "Neftchi"ning oldiga qo'ygan maqsadi va bu erdagi sharoitlar Superliga jamoalarinikidan kam emas. Tarkibga jalb qilingan futbolchilar ham yaxshi saviyada. Toshkentdagi yig'inda asosan jismoniy tayyorgarlikka urg'u berildi. O'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik, xato va kamchiliklar ustida ishlashda davom etyapmiz. 

Ha, Ilhom Ibragimovich bilan "Navbahor"da ikki mavsum birga ishladik. Joriy yilda ham o'zimning o'yinlarim bilan murabbiylar va muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilaman. 

O'tgan mavsum Pro liga bahslarini kuzatib bordim. Shiddat va kurash qizg'in kechdi. Superliga yo'llanmasi uchun so'nggi turga qadar intriga saqlanib qolindi. Bu yil avvalgi yildanda qiziqarli o'tadi, deb o'ylayman. O'yinlarning jonli efirda translyatsiya qilinishi esa muxlislarning mazkur ligaga e'tiborini tortmoqda. 

Vodiy derbilari hamisha murosasiz o'tishi bilan ajralib turadi. Superliga va Pro ligada ham bu jamoalar o'rtasidagi uchrashuvlarni keskin ruhda o'tishini kutmoqdaman. 

"Hokim kubogi"ga yaxshi jamoalar taklif qilingan. Uchrashuvlar qiziqarli bo'lmoqda", deydi A'zam Aliev.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia