Axrol Inoyatovning 70 yoshlik yubileyi munosabati bilan tadbir o'tkazildi

Aslanov Jasurbek
14 iyun 2015, 10:48
Bugun O'zbekiston Futbol Federatsiyasi majlislar zalida o'zbek futboli faxriysi, O'zbekistondagi futbol musobaqalarida kelishilgan o'yinlarni aniqlash bo'yicha Ekspertlar Qo'mitasi raisi - Axrol Inoyatovning 70 yoshga to'lgani munosabati bilan tadbir bo'lib o'tdi.

Axrol Inoyatovni 70 yoshlik yubileyi bilan tabriklash maqsadida ushbu tadbirga O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov, O'FF birinchi vice-prezidenti Sardor Raxmatullaev, O'zPFL bosh direktori Farhod Magometov, O'FF qoshidagi futbol faxriylari kengashi raisi Narimon Jalolov, O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov, milliy terma jamoa futbolchilari, Oliy Liga klublari bosh murabbiylari va o'zbek futbolida o'z o'rniga ega bo'lgan boshqa ko'plab insonlar qatnashdi.

O'FF prezidenti Mirabror Usmonov Axrol Inoyatovni tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, unga uzoq umr, salomatlik tiladi va esdalik sovg'alarini topshirdi. Shundan so'ng tabriklash uchun “Paxtakor” bosh murabbiyi Samvel Babayan, “Neftchi” klubi sobiq bosh murabbiyi, hozirda “Bunyodkor”da faoliyat olib borayotgan Yuriy Sarkisyan, “Neftchi” vakillari - Toxir Kopadze, Murod Ismoilov, “Bunyodkor” bosh murabbiyi Sergey Luchshan, “Olmaliq” bosh murabbiyi Igor Shkvirin, shuningdek, “Lokomotiv”, “Nasaf” va boshqa klublar vakillari ham so'zga chiqib, o'z esdalik sovg'alarini topshirishdi.

Tadbirda ishtirok etgan milliy terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabiga esa Jahon chempionati saralash o'yinlarida muvafaqiyatli ishtirok etib, o'zbek xalqini xursand qilishlarida omadlar tilandi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: the-uff.com