Asror Aliqulov: "O'zi hakam bilan tortishishning foydasi yo'q, ammo..."

Narzulla Saydullayev
13 okt 2021, 12:43
Pro liganing 21-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Xorazm" (3:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov o'z fikrlarini bildirdi.

"O'yinda yirik hisobda yutgan bo'lsak ham, bahs oson bo'lmadi. Jismoniy tomonlama, yakkakurashlarda raqib ustunligi sezildi. "Xorazm" oxirgi daqiqaga qadar bizni bosim ostida ushlab turdi", - deydi Asror Aliqulov.

- Birinchi taymda Muhriddin Zoirov juda yaqin masofadan noaniq zarba berdi. O'sha vaziyat bo'yicha murabbiy sifatida fikringiz qanday?

- Bir haftada ikkita mashg'ulot faqat gol urish bo'yicha bo'ladi. Yaqin masofadan ura olmagani o'zining xatosi deb o'ylayman, u yerda qattiq tepish shart emasdi, shunchaki darvozabonning yoniga tepsa bo'ldi edi.

- "Sho'rtan" bugun yutgan bo'lsa ham, faqat "Xorazm" klubi futbolkalarining ortida familiyalar yozilgan ekan. Bunga qanday qaraysiz?

- Biz bu yil to'rtinchi marta jamoa yig'dik. Agar familiya yozadigan bo'lsak forma etmasdi va moliyaviy tomonlama ancha qimmatga tushardi.

- Ofsayddan urilgan golga qanday tarif berasiz? O'sha vaziyatda ofsayd bormidi?

- Bu vaziyatda futbolchimiz xato qildimi yoki hakammi buni faqat videoni ko'rib chiqqach aniq gap ayta olaman.

- Zaxira hakami bilan ko'p tortishdingiz. Nima deb o'ylaysiz buning foydasi bormi?

- O'zi istalgan hakam bilan tortishishning foydasi yo'q, o'zim ham futbolchi bo'lganman. Ammo o'yin davomida ehtirosga berilamiz. O'yindan keyin doim qo'l tashlab, uzr ham so'rayman.

- "Sho'rtan" yilni qaysi pog'onada yakunlaydi deb o'ylaysiz?

- Ikkinchi bosqichda yigitlar oldiga keyingi yil uchun tayyorgarlik boshlanganini aytdik. Yosh futbolchilar bu yil o'zlarini ko'rsatishsa keyingi mavsum o'ynashadi, aks holda qayerda o'ynashadi?





Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia