Asliddin Abdiev: Eng katta orzuim - “Nasaf” jamoasida to'p tepish

Narzulla Saydullayev
24 iyun 2016, 20:36
Bugungi “Nasaf-2” – “Cementchi” 5:1 uchrashuvi yakuniga etkach, uchrashuv qahramonlaridan biri, hujumchimiz Asliddin Abdievdan o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashishni so'radik.

- Bugungi uchrashuvda orqaga yo'l yo'q edi. Keyingi o'tkazgan ikki uchrashuvimiz juda muvaffaqiyatsiz bo'lgandi. Shuning uchun bugun faqat g'alaba uchun maydonga tushgan edik. Yigitlarga rahmat, niyatimizga etdik. Uchrashuvdagi kiritgan gollarimni jamoadoshlarimga bag'ishlayman. Bu gollar mening nomimga yozilgan bo'lsada, barcha jamoadoshlarimning hissalari bor. Bu yilgi mavsumdagi kiritgan gollarim 8taga etdi. Barcha gollarimda jamoamiz futbolchilarining ana shunday hissalari bor.

Jamoamiz asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan, tajriba ham shunga yarasha. Ammo murabbiylarimizning olib borayotgan ishlari mana asta-sekin o'z samarasini ko'rsatmoqda. O'yinimizda jamoaviy  o'yin shakllanib bormoqda. Umid qilamanki, bu holat hali yanada rivojlanadi. Kelgusidagi maqsadim? Mening eng katta orzuim - “Nasaf”dek nomdor jamoaning asosiy tarkib o'yinchisiga aylanish. Agar menga murabbiylarimiz tomonidan ana shunday ishonch bildirilsa, boshim ko'kka etardi. Albatta bunday maqomga erishishim uchun hali juda ko'p ter to'kishim kerak. Shunday qilaman ham.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcnasaf.uz