

- Bugun hujumkor va ajoyib o'yin guvohi bo'ldik. Muxlislarimizni xafa qilishni istamagandik. Uzoq masofadan yo'l bosib kelgan ishqibozlarimizga alohida rahmat. Shuningdek, futbolchilarimizdan ham minnatdormiz. 1:0 hisobida yutqazayotganimizda ham qo'llarini tushirishmadi. Maqsadimizga erishib gol urdik. To'g'ri, yutolmadik, ammo g'alaba qozonishni juda ham istagandik. Samarqandliklarni yana katta futbol qaytgani bilan tabriklayman. Muxlislar yaxshi muhitni tashkil qilib berdilar. O'yin boshida bizga biroz qiyin bo'ldi. Bir qator muammolarimiz borligi sezilib turdi. Bahsni nazorat qildik, oldinga o'tishda ayrim qiyinchiliklar bo'ldi. Himoyada ham muammolarimiz ko'rinib turdi. Raqib bizga qiyinchiliklar tug'dirdi. Ikkinchi bo'limda ancha jismoniy kuch sarfladik. Bir qator vaziyatlarni tashkil qildik. Raqib darvozasi oldida bazida mahorat yetishmayapti. Tarkibimizda bir qator iqtidorli yoshlar bor. Oxirgi zarbani beruvchi futbolchilarimizda aniqlik yetishmay qolyapti. Ishlashda davom etamiz.
- Andijon bir necha turdan beri g'alaba qozona olmayapti. Asosan qaysi poziciyalarda muammolar bor?
- Yuqorida aytib o'tdim, bizga tajriba yetishmayapti, buni tan olamiz. Ishtiyoq juda yuqori. Afsuski, 5 ta o'yindan beri g'alaba qozona olmayapmiz. Yigitlar juda-juda xohlashyapti, ammo imkoni bo'lmayapti. Oxirgi hal qiluvchi zarbani berish uchun chinakam mahorat yetishmay qolyapti. Tarkibimizda o'yinni o'z qo'liga oladigan yetakchi bo'lishini istagan bo'lardim. Nima desam ekan, jamoamiz g'alaba qozonishni nihoyatda istayapti. Bu kabi muammolar jahon miqyosida ham uchrab turadi. Menimcha, jamoamizga haqiqiy dispetcher yetishmayapti.
- O'tgan yili jamoa yetakchisiga aylangan Rubin Xebayni qo'yib yubordinglar. Siz uning ketganidan afsusdamisiz?
- Biz uni boshqa klubga sotdik. Ikkinchi tomoni shundaki, o'zi ham boshqa jamoaga ketishni xohladi, shuni ham hisobga olishimiz kerak. Ketishni istaganidan so'ng majburlab bo'lmaydi. O'zbekistonda qolishni xohlamadi. Bilaman, Xebay o'tgan mavsumda bizga ko'p ochkolar olishimizda yordam bergan. Buning uchun unga katta rahmat. Futbol - bu jamoaviy o'yin. Bitta o'yinchiga qarab jamoani shakllantirishni imkoni yo'q
- Uni qaytarish masalasi ko'rib chiqilmadimi?
- Men bu xususida biror nima deya olmayman. Rahbariyat biladi.
- Andijonlik muxlislar jamoasini ajoyib tarzda olqishlaydilar. Viloyat hokimi ham qo'llab-quvvatlaydi. Iqtisodiy tarafdan muammolar yo'qmi?
- Bizda juda yaxshi muxlislar bor. E'tibor qaratgan bo'lsangiz, bizning fan-klubimiz nimani boshlab bersa, boshqalar xuddi shu narsani davom ettirishyapti va o'xshatishga harakat qilishyapti. Andijon muxlislari fan-klublar ichida yaqqol yetakchilik qilishyapti. Fanatlarimizga alohida rahmat. Ular yangidan-yangi g'oyalarni amalga oshirishyapti. Rahbariyat ham bizni qo'llab-quvvatlab kelyapti. Jamoamiz bosh homiysi Uzavtosanoat hisoblanadi. Kerakli darajada homiylik ishlarini bajarmoqda. Shuningdek, viloyat hokimi ham klubni qo'llab kelmoqda.
- Eldor Adhamov bugun asosiy tarkibda maydonga tushdi va bir qator seyvlarni bajardi. Bungacha boshlang'ich tarkibda o'ynagan Igor Litovka zaxirada qoldirildi. Jamoada asosiy posbon kim?
- Qiziqarli savol. Albatta, uning harakatlari yomon chiqmadi. Tinimsiz mehnati bilan asosiy tarkibga qo'shildi. Litovka ham mahoratli va unga ham rahmat. Adhamovga imkoniyat berishga harakat qildik. U yuqori darajada o'yin o'tkazdi. Mashg'ulotlarda yana kuzatib boramiz. Keyingi uchrashuvda kimni maydonga tushirishni murabbiylar shtabi tomonida hal qilinadi.
- O'tgan turda Qizilqumga qarshi o'yin ancha xissiyotlarga boy o'tgandi va qizil kartochkalar ko'rsatilgan. Bu safar ham jamoa futbolchisi maydondan chetlatildi…
- Ha, qizil kartochkalarimiz paydo bo'lyapti. Hakamlar VARga qarayapti va shundan so'ng chetlatishyapti. Hakamlar so'nggi qarorni chiqaradilar va bizdan ko'ra vaziyatga yaqinroq turadilar. O'sha holat haqida Islom Mamatkazindan so'raganimda to'pga o'ynagandim degan javobni aytdi. Hammasini ko'rib chiqamiz. Qizilqumga qarshi o'yindagi vaziyat esa boshqa edi. Tartib-intizom qo'mitasi o'sha chetlatishni bekor qildi. Haqiqat ro'yobga chiqqanidan xursandmiz.



