

- O'yin haqida fikringiz?
- Bahs qiyin kechishini bilardik va shunga yarasha hozirlik ko'rgandik. Raqibga ham, bizga ham uch ochko kerak edi. O'yin ahamiyati yuqori bo'ldi. O'ylaymanki, har ikki jamoa yaxshi futbol namoyish etdi, vaziyatlar har ikki tomonda bo'ldi. Imkoniyatlardan foydalanganimizda g'alaba bilan qaytishimiz mumkin edi. Yigitlarga rahmat, oxirigacha harakat qilishdi, faqat ozgina omad yetmadi. Xatolar ustida ishlab kelasi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz. Uzoq masofa bosib shu ergacha kelgan muxlislarimizga ham rahmat.
- Bu turda ko'p murabbiylar hakamlarga etiroz bildirishdi. Masalan, "Andijon", "Dinamo" bosh murabbiylari o'yindan keyin shu gapni aytishdi. Sizda bu borada aytadigan gap bormi?
- Jiddiy etiroz yo'q. Balki bugun ham hakamlardan xato o'tgandir, lekin men bunga ko'p ahamiyat bermadim, qolaversa bu ham insoniylik faktori. Bugun o'yinga ta’sir qiladigan xato kuzatilmadi. Jiddiy xatolar baribir hech kimga yoqmaydi, lekin shuni unutmaylik, hammamiz insonmiz va hamma xato qilishi mumkin.
- "Surxon" U-21 jamoasini boshqarganingizda jamoa yuqori o'rinlarda edi. Lekin siz ketgandan so'ng jamoa quyiga sho'ng'idi.
- Hozir bizning U-21 jamoamizda o'z murabbiyi bor va uning futbolga o'z qarashlari bor. Ikkita stulni egallash to'g'ri emas deb hisoblayman, shu bois xayolim faqat asosiy tarkibga qaratilgan. Futbolda hammaga imkoniyat berib ko'rish kerak. Hozir vaziyatni o'zgartira olamizmi, buni bilmayman.
- O'tgan yil ko'pchilik o'rinbosarlarning asosiy tarkibdan bir kun keyin o'ynashi qulay emasligini aytgandi. Natijada bu yil yana bir kun oldinga surildi. Ammo o'yinlarda ko'ryapmizki, bosh murabbiylardan deyarli hech kim kelib ko'rmayapti.
- Buning ham o'ziga yarasha sababi bor. O'rinbosarlar o'yini payti bizda mashg'ulot ketayotgan bo'ladi. Masalan, o'zim telefon orqali birinchi taymni ko'rdim va keyin mashg'ulotga ketdim. Mashg'ulotni tugatganimizdan so'ng kelib ikkinchi bo'limni ko'rdim. O'yin payti stadionga borish imkonsiz, buyoqda mashg'ulot qolib ketadi. U-21 jamoamizdagi deyarli barchani bilaman, yigitlarning salohiyatidan xabarim bor.
- Superligada eng yosh jamoalardan birisiz. Yoshlardan kimni alohida etirof eta olasiz?
- Bizda hamma yoshlar yaxshi, hamma harakat qilyapti. E'tiborimizni jamoaviy o'yinga qaratganmiz. Yetakchilar bor, lekin o'yin payti butun jamoa bo'lib o'ynashga harakat qilamiz. Bir so'z bilan aytganda, bir mushtmiz.



