Anri Saloh haqida: "Liverpul"da muammolar bo'lib turganda va o'zing natija ko'rsatmayotgan paytda faqat o'zing haqingda gapirish yaramaydi. Men "Barsa"da o'ynamayotganimda buni Pepning yuziga aytganman, ommaga emas. Jamoani himoya qilish kerak"

Aslanov Jasurbek
10 dek 2025
Fransiya terma jamoasi sobiq hujumchisi Terri Anri Muhammad Salohga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlarni qo'llab-quvvatladi.

Francuz Salohning vaziyatini o'zining 2009/10 yilgi mavsumda "Barselona"dagi holati bilan taqqosladi, o'shanda u "Vilyarreal"ga qarshi o'yin tarkibiga kiritilmagan edi.

Eslatib o'tamiz, "Liverpul" vingeri APL doirasidagi "Lids"ga qarshi o'yinni (3:3) to'liq zaxira o'rindig'ida o'tkazdi, u oldingi ikkita bahsni ham zaxirada boshlagan edi. Uchrashuvdan so'ng Saloh klub va bosh murabbiy Arne Slotni tanqid qildi: "Men klub uchun shuncha ish qildim, ular esa meni "avtobus tagiga itarishdi". Afrika Kubogi oldidan xayrlashaman – keyin nima bo'lishini bilmayman". 33 yoshli misrlik futbolchi YCHL doirasidagi "Inter"ga qarshi bahs (1:0) qaydnomasiga kiritilmadi.


"Hech kim Mo Salohning futbolda nimalarga erishgani haqida gapirayotgani yo'q. Biz, mening nazarimda, u xato qilgan vaziyatlar haqida gaplashyapmiz. Jamoada muammolar bor paytda o'zining shaxsiy vaziyati haqida ochiqchasiga gapirish mumkin emas.

Buni kiyinish xonasida qilish kerak. Men shunday qilganman. Kiyinish xonasiga kirib, hamma narsani ostin-ustun qilganman. Murabbiy xonasiga borib shikoyat qilganman.

Men "Barselona"da bo'lganimda, jamoa bilan birga yurardim, meni esa tribunaga o'tqazib qo'yishardi. Bu haqda gapirganimni eshitganmisiz? Yo'q... Bungacha biz treblni yutgandik, lekin men yaxshi natija ko'rsatmayotgandim, agar yaxshi natija ko'rsatmasang, boshqa birovga imkoniyat yaratasan.

O'shanda men bordim, stadionga keldik va men tribunada o'tiribman. Men shovqin ko'tarib, e'tiborni o'zimga qaratamanmi, matbuot bilan gaplashamanmi? Men o'yinda ko'p narsaga erishganman, lekin jamoa birinchi o'rinda. Agar biror narsa aytishim kerak bo'lsa, shunday qildim. Men [murabbiy] Pep [Gvardiola]ga bo'layotgan voqealar haqida nima o'ylayotganimni aytdim, lekin omma oldida emas.

O'z jamoangizni himoya qilishingiz kerak – har qanday holatda, doimo. Men uning gapirish istagini, hafsalasi pir bo'lganini tushunaman. Lekin buning qanday va qachon qilinganini tushunmayapman. Men uchun bunda mantiq yo'q. Bu noto'g'ri bo'ldi, odamlar munosabatlar haqida gapirganda, murabbiy futbolchidan istaydigan yagona narsa – u yaxshi natija ko'rsatishidir.

Agar natija ko'rsatmasang, o'rning xavf ostida qoladi. Ayniqsa "Liverpul" kabi klubda bu o'rinni egallash senga kafolatlanmagan... Bu yana uning nimalarga erishgani bilan bog'liq emas. Takrorlayman – men Mo Salohni yaxshi ko'raman. Uning futbolda qilgan ishlari menga yoqadi. Bu boshqa mavzu, chunki bunday narsalar haqida bu tarzda gapirish qabul qilinmagan", – dedi Anri.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: CBS Sports