Anons: Abror Imomxo'jaev bilan suhbatni o'tkazib yubormang!

4 iyul 2021, 13:35
Bir necha kun oldin xalqaro sport jurnalistlari kuni nishonlandi.

Mana, 2-yil shu sohada baholiqudrat qalam tebratyapman. Lekin, hali biror marta sport jurnalistikasiga mo'may daromad ilinjida, boyib kyetish maqsadida kirgan, yurgan kishini ko'rmadim. Men bevosita muloqotda bo'lgan hamkasb (ustoz)larning barchasi boshqa ish bilan shug'ullansa, ko'proq daromad qilishi, yaxshiroq yashashi mumkin. Lekin, kyetish haqida o'ylamaydi ham - ishini sevganidan. Balki, shuning uchun bo'lsa kerak, har doim mazkur soha vakillari muxlislar qalbidan chuqurroq joy egallagan.

Masalan, yaqinda saytimizda "Afsonaviy sharhlovchi Mirzahakim To'xtamirzaev hozir qayerda?" sarlavhasi bilan xabar e'lon qilindi. Ustozimizning bugungi  mashg'uloti bilan 30 mingdan ortiq kishi qiziqqan va ulardan ma'lum qismi material ostiga o'z sharhini qoldirgan. E'tiborli jihati, oradan o'n yillar o'tsa-da, Mirzahakim aka tomonidan efirlarda aytilgan fikrlar, ibora-yu qochirimlarni hamon eslanmoqda.

Yuqorida sport jurnalistlarining sportni sevishi haqida gapirdik. Ular orasida o'z ustida ishlab, mutaxassis darajasiga erishganlari talaygina: Baxtiyor Shirinov, Oybek Yunusov, Alisher Nikimbaev, Nodirxo'ja Yuldashev, Mirzaevlar, Imomxo'jaevlar, Avaz Berdiqulov, Sanjar Rizaev... Yuqoridagilar orasidan bazilari o'z shaxsiy blogini yuritib, muxlislar bilan aloqani saqlab qolgan bo'lsa, bazilari matbuotda deyarli ko'rinish bermay qo'ydi. 

Shu tufayli ular bilan uyushtiriladigan suhbatlar futbol ishqibozlari uchun qiziq bo'lishini taxmin qildik va yangi - "Jurnalist minbari" ruknini boshladik. Loyihamizning birinchi soni ertaga (Toshkent vaqti bilan 16:00) youtube'dagi sahifamizda efirga uzatiladi. Dastlabki mehmon - Abror aka Imomxo'jaev. Biz u kishi bilan jurnalistika, "Bunyodkor"dagi 12 yil, o'zbek futbolidagi "o'yinlar" va hayot haqida suhbatlashamiz. O'tkazib yubormang!

Championat.asia'ning Youtube'dagi sahifasiga a'zo bo'ling


Manba: championat.asia