Andrey Fyodorov: "Yarim kuch bilan o'ynamayapmiz"

Mirjalol Normatov
19 iyul 2018
Superliganing 17-tur doirasidagi "Lokomotiv" - "Nasaf" (3:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "temiryo'lchilar" bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Andrey Fyodorov ishtirok etdi.

"Jamoadan, futbolchilardan minnatdorman. Yigitlar o'yin oldidan rejalashtirilgan barcha vazifalarni a'lo darajada bajarishdi. Ular raqibni to'g'ri o'rganib chiqib, o'zlariga kerakli ma'lumotlarni olganiga ishonch hosil qildim. Bugun yaxshi o'yin ko'rsatdik va g'oliblikni qo'lga kiritdik. Bunga loyiq edik. Barcha futbolchilar, "Nasaf" a'zolari ham yuqori hajmli ishni bajarishdi. Ikki tomon qattiq kurashdi. Umuman olganda yuqori saviyali, muxlislarga yoqadigan o'yin bo'ldi.

Tanaffusda kiyinish xonasida yigitlarga ayrim ko'rsatmalar berdim va futbolchilar ikkinchi bo'limda shunga yarasha o'yin ko'rsata olishdi. Tribunada futbol o'ynash oson ko'rinadi. Ko'pchilik "Lokomotiv" kuchli emas, yarim kuch bilan o'ynamoqda deyishi mumkin. Ammo statistikada yigitlarning natijalari, qanday tezlikda yugurgani, bahs davomida qancha masofani bosib o'tganini ko'rsangiz, bunday demasdingiz. Gollar urish uchun etarlicha xavfli vaziyatlarga ega bo'ldik. Bu yomon emas. Ko'plab bahslarda raqiblardan ustunligimizni ham ko'rsata olyapmiz.

Maqsad? "Lokomotiv" har doim yuqori o'rinlar uchun kurashadi. Rahbariyat har yili qo'yiladigan vazifani kuchaytirib boradi. Ayni damda vazifalarni o'yindan o'yinga yuqorilashtiryapmiz. Asosiy vazifamiz kuchli oltilikdagi o'rinni saqlab qolib, keyinchalik yuqori o'rinlar uchun kurashish.

Marat Bikmaev: “O'yin qiyin bo'ldi. Raqibdan kuchliroq ekanligimizni ko'rsatdik. Biz munosib tarzda g'alabaga erishdik. Asosiysi uch ochkoni qo'lga kiritdik. Stadionga tashrif buyurgan muxlislarga rahmat aytaman.

To'purarlar ro'yxati? Bunga qaramayman. O'yindan o'yinga jamoaning natijalari yaxshilanib bormoqda. Siz aytgan ro'yxatning menga umuman qizig'i yo'q.

Xet-trik tufayli eng omadli o'yinim? Eng omadli o'yinim hali oldinda".


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia