"Andijon" FKning javobidan xursandmiz!

Nadirkhuja Yuldashev
3 okt 2013
Mamlakatimizdagi yetakchi internet veb-sayti bo'lgan “Championat.asia” saytida “Andijon” klubi hujumchisi Dmitriy Kraev to'g'risida kichik bir maqola chop etildi.
 Unda yozilishicha, hastalikka chalinib qolgan Kraev jarrohlik stoliga yotishi kerak va buning uchun futbolchida pul yo'q deyilgan. Bundan tashqari klub futbolchi safdan chiqqanidan so'ng, unga befarq qarab, yordam bermayapti degan manoda fikrlar bildirilgan. Aslida ham shundaymikin...

Avvalo shunga oydinlik kiritib o'tishni istardikki, “Championat.asia” saytida Kraev sog'lig'i og'irlashib o'z vataniga qaytib ketdi deb yozilgan. Nahotki, muallif futbolchi qaerlik ekanligini bilmasa? Dmitriy Kraev Toshkentda tavallud topgan va futbolchi faoliyati davomida “Lokomotiv”, “Dinamo”, “Xorazm”, “Oq-tepa” va “Andijon” jamoalarida to'p surgan. Bundan tashqari Kraev betob bo'lib Toshkentga, uyiga ketganidan boshlab “Andijon” klubi unga moddiy tomondan har qanday yordamni berib kelmoqda. Buni saytimiz orqali bir necha bor xabar qilib o'tdik. Avval xabar qilganimizdek, “Andijon” jamoasi murabbiylari va futbolchilari mukofot pullaridan 10 million so'm Kraevning hisob raqamiga o'tkazib berishdi. 6 sentyabr kuni “Andijon” – “Zarafshon” uchrashuvi oldidan D.Kraev uchun xayriya koncert tadbiri uyushtirildi va unda chiptalardan tushgan bir yarim million so'm pul ham futbolchiga o'tkazildi. Buni isboti tariqasida bankdan olingan to'lov topshiriqnomalari saqlab turilibdi. Qolaversa, “Andijon” – “Zarafshon” uchrashuvida har ikki jamoa futbolchilari “Kraev biz sen bilan” yozuvi tushirilgan futbolkalarda maydonga tushishdi. Shuningdek, andijonlik muxlislar ham uning sog'lig'iga befarq bo'lishmadi. Xayriya qutisiga ishqibozlar tomonidan 200 ming so'mga yaqin mablag' to'plandi. Bundan tashqari Andijon Viloyat Futbol Federatsiyasi tomonidan ham Kraevga 350 ming so'm o'tkazib berildi. Bu hali hammasi emas. Futbolchiga befarq bo'lmagan Andijon shahrida faoliyat ko'rsatayotgan “O'zDongJu Peynt” qo'shma korxonasi rahbariyati, “Andijon” klubi prezidenti Zafar Ahmedovich Zulunov Dmirtiy Kraevning hisob raqamiga 10 000000 so'm o'tkazib berdi. Ko'rib turganingizdek, shu kungacha futbolchining hisob raqamiga 20 milliondan ortiq pul mablag'i tushirildi.

Kraev ayni paytda nima uchun jarrohlik stoliga yotmayotganining sababiga kelsak, hammasi ham saytda aytilganidek, unda pul yo'qligidan emas. Birinchi navbatda futbolchi shifokorlar tomonidan tashhis natijasini kutmoqda. Qolaversa, operaciya Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o'tkazilishi kutilmoqda. Agar shifokorlar operaciya qilish vaqtini ma'lum qilishsa, Kraev hammasiga tayyor. Bir so'z bilan aytganda, futbolchida moliyaviy tomondan muammo yo'q. Qolaversa, “Andijon” klubi rahbariyati o'z futbolchisi uchun bundan keyin ham qo'l qovushtirib o'tirmaydi. 

Agar Dmitriy Kraevga moddiy tomondan yordam qo'lini cho'zishni xohlaganlar quyidagi hisob raqamiga pul o'tkazishlari mumkin.

Hisob raqami

AKIB “Ipoteka bank”
Toshkent sh. Mustaqillik ko'cha, 15
H-r: 20206000599007302901 Ipoteka bank
MFO 00419. INN 201961469
Sberkassa #1


P.S: Mana bo'lar ekan-ku aniq sonlarni va vaziyatga aniqlik kiritsa. Har kim ham xato qiladi va Kraevni legioner futbolchi bilan adashtirib yuborganim uchun o'quvchilar oldida uzr so'rayman. Aslida maqolaga aynan shu holat yuzasidan kelib chiqib javob berilishi men uchun sariq chaqaliq ham qizig'i yo'q. Agar kishining maqsadi biron insonga berilayotgan yordamning ta’sir kuchini oshirish maqsadida ish qilinsa va u bunday javobga loyiq ko'rilsa...

Lekin 20 000 000 so'm juda ham kam. Yo'l kira va mehmonxona harajati futbolchining hamroxini o'ziga ham etmasligi mumkin. Shuning uchun saytimiz nomidan futbolchining sog'lig'i yo'lida hayriya qilishingizni iltimos qilib qolamiz. Naqd pul bilan qatnashmoqchi bo'lganlar esa, saytimiz xodimlariga murojat qilishlari mumkin. Tomchi-tomchi bo'lib ko'l bo'lur!

Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: