Alisher Nikimbaev: "OFK Osiyo chempionatlarini keyingi yilga qoldirmoqchi"

Narzulla Saydullayev
25 avg 2020
Xabaringiz bor, kuz oyida O'zbekiston va Bahrayn mamlakatlarida U-19 va U-16 Osiyo chempionatlari bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.

"OFK mazkur musobaqalarni keyingi yilga qoldirish haqida o'ylamoqda. Bir qator milliy federatsiyalar OFKga musobaqani qoldirishni so'rab murojaat qilgan. Bunga sabab qilib bu yoshdagi terma jamoalarga haligacha mashg'ulot qilish mumkin emasligini ko'rsatishgan.

Qatarni oladigan bo'lsak ayni paytda faqat professional futbolchilarga mashg'ulot o'tkazish ruxsat berilgan. Yani o'smirlar, havaskor jamoalar mashg'ulot o'tkazishmayapti. Ularga 1 sentyabr kuni ruxsat berilishi kutilmoqda, ammo bir yarim oy Osiyo chempionatiga tayyorgarlik uchun etarli vaqt emas.

Bunday vaziyat Osiyo chempionatida qatnashadigan ko'plab mamlakatlarda yuzaga kelgan. Shu bois OFK o'ziga maqul kelmaydigan variantni ham ko'rib chiqishga majbur.

Xo'sh Osiyo chempionatlari qachon o'tkazilishi mumkin? Ikkala musobaqa ham Jahon chempionatlari uchun yo'llanma berishini hisobga olib FIFA taqvimga qaraymiz.

Indoneziyadagi U-20 Jahon chempionai 20 maydan 11 iyunga qadar bo'lib o'tadi. Ayni paytga kelib hech bir qitada saralash musobaqalari bo'lib o'tgani yo'q.

- Yevropa chempionati 2021 mart oyiga ko'chirildi.

- Afrikada hatto qita chempionati saralashi ham oxiriga etgani yo'q.

- Shimoliy Amerikada musobaqani noma'lum muddatga qoldirishdi.

- Janubiy Amerikada saralash musobaqasini fevral oyida o'tkazishmoqchi.

- Okeaniya chempionati 2021 yil yanvar oyiga belgilangan.

Yani OFK ham UEFA singari mart oyida Osiyo chempionatini o'tkazishi mumkin. Sababi shu vaqtga kelib stadionlarimiz yaxshi holatda bo'ladi.

O'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida barchasi oson. Odatda U-17 mundial kuzda o'tadi. Shunday ekan OFK may-iyun oylarida U-16 Osiyo chempionatini o'tkazishi mumkin", - deb yozadi Alisher Nikimbaev telegramdagi o'z kanalida. 


Ma'lumot uchun, O'zbekistonda o'tishi kerak bo'lgan U-19 Osiyo chempionati 14-31 oktyabr kunlariga belgilangan. Bahrayndagi U-16 Osiyo chempionati esa 25 noyabr - 12 dekabr kunlariga belgilangan.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia