Alisher Ahmedov: “Dila” bilan shartnomamni bekor qildik”

Narzulla Saydullayev
5 mar 2016
O'tgan mavsum Maldiv chempionatida o'ynab, ko'pchilikni e'tiborini tortgan Alisher Ahmedov yaqinda Gruziya klublarining biri bilan shartnoma tuzgandi.

Ammo Ahmedov kuni-kecha Jizzaxda kechgan “So'g'diyona” – “Dinamo” uchrashuvida samarqandliklar darvozasini qo'riqladi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Alisherning o'zi bilan bog'landik.

- Yaqinda “Dinamo”ning “So'g'diyona”ga qarshi kechgan bahsida darvozani siz qo'riqladingiz. Buni qanday izohlaysiz?
- Inkor etmayman samarqandliklarning mazkur nazorat uchrashuvida maydonga tushganim rost. Lekin bu “Dinamo”ga o'tdim degani emas. Viloyat hokimining taklifiga binoan mazkur uchrashuvda ishtirok etdim. Ammo bugungi kunda samarqandliklar bilan emasman.

- “So'g'diyona”ga qarshi kechgan uchrashuv haqida fikringiz qanday?
- Men uchun yaxshi o'tdi deya olaman. Zaxiraga olingunimga qadar o'z darvozam dahlsizligini saqlab qoldim. Keyin 3ta gol o'tkazib yubordik.

- “Dila” bilan shartnoma imzolagan edingizku?
- Ha, o'zaro kelishuvga binoan shartnoma rasmiylashtirilgan edi. Biroq yakunda voqealar rivoji keskin o'zgarib ketti. Shu bois 28 fevral kuni yurtimizga qaytib keldim.

- Bunga nima sabab bo'ldi?
- Ushbu jamoaning o'z futbolchilaridan 6ta oylik maoshi va 9ta mukofot pullari berilmagan ekan. Shu bois UEFA kubogidan chetlashtirildi. Uning o'rniga “Dinamo-Tbilisi” ishtirok etadigan bo'ldi. “Dila” jamoasi meni aslida ushbu turnirda ishtirok etish uchun olgandi. Tabiiyki shundan so'ng ortga qaytishga qaror qildim.

- Endi kelgusi rejalaringiz qanday?
- Hozircha uydaman. Oilam davrasida dam olyapman. Agarda kelgusida biror bir taklif bo'lsa, ko'rib chiqishim mumkin.

- Faoliyatingizni yana xorijda davom ettirishingiz ham mumkinmi?
- Ha, o'tgan mavsumdagi jamoam Maldiv chempionatining “Nyu Radiant” klubiga borishim ham mumkin. Yoki yozgi transfer oynasiga qadar o'zimizda o'ynashim mumkin.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia