Aleksey Evstafeev, "Do'stlik" xaloskori va "Qo'qon-1912" posboni - Pro liga 9-tur laureatlari

Iskandarov Abdulaziz
26 may 2024, 18:12
Pro liganing 9-turi ortda qoldi. Biz esa o'z odatimizga ko'ra tur laureatlarini e'lon qilamiz.

"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra 9-turning eng yaxshi darvozaboni - Islom Abdullaev ("Qo'qon-1912")

"Qo'qon-1912" jamoasi bu turda "Buxoro" mehmoni bo'ldi. Murosasiz o'tgan uchrashuvda darvozalarga to'p kiritilmadi. O'yin davomida bir nechta xavfli vaziyatlar yaratgan mezbonlarga qarshi qo'qonliklar posboni Islom Abdullaev darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Kiper jamoasini yaqqol golli vaziyatlarda qutqarib qoldi. Shu sababli Islom Abdullaevni 9-turning eng yaxshi darvozaboni deb topdik. 


 

"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra 9-turning eng yaxshi futbolchisi -   Hamidullo Abduhamidov ("Do'stlik")

Toshkentning "Do'stlik" jamoasi 9-turda "Olimpik Mobiuz"dan ustun keldi va mavsumdagi ilk g'alabasini qo'lga kiritdi. Bunda jamoaning hujumchisi Hamidullo Abduhamidovning hissasi katta bo'ldi deya olamiz. U dastlabki golda Sherzod Qodirovga assistentlik qilgan bo'lsa, yakunda g'alaba goliga mualliflik qildi. Shubhasiz Hamidullo Abduhamidov tur futbolchisi nomiga munosib o'yin ko'rsatdi.

 

"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra 9-turning eng yaxshi murabbiyi - Aleksey Evstafeev ("Do'stlik")

"Do'stlik" jamoasi yangi murabbiy Aleksey Evstafeevning debyutidayoq 3 ochkoga ega chiqdi. Uzoq kutilgan g'alabada yangi murabbiylar shtabining munosib xizmati bor desak mubolag'a bo'lmaydi. Qisqa vaqtda futbolchilarni yaxshi tayyorlagan mutaxassis o'z-o'zidan 9-turning eng yaxshi murabbiyi bo'ldi.

 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia