Aleksandr Xomyakov: "Vaqt tig'izligi tufayli U-21 jamoasi o'yinlariga borolmayapman"

Alisher
2 iyun 2024, 22:28
Superliganing 10-turidan o'rin olgan "Andijon" - "Paxtakor" (1:3) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yin haqida

- "Paxtakor" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Bugun bizning kunimiz emas ekan. O'yin natijasiga ta’sir ko'rsatgan ko'p jihat birinchi bo'limda sodir bo'ldi. Birinchi bo'limda o'yinimiz qovushmadi, ketma-ket gollar o'tkazib yubordik. Ikkinchi bo'limda o'yinimiz jonlandi, ustunlikka ega bo'ldik. Hujumlar tashkil etdik, gol ham kiritdik, biroq bularning hammasi bizni mag'lubiyatdan qutqarib qola olmadi.

- Andijonlik muxlislar haqida fikringiz qanday? Ular haqida hozir hamma joyda gapirishayapti...

- Albatta, Andijonda futbolni yaxshi ko'rishadi. Bizning muxlislar eng yaxshi ekanini har doim his qilganmiz. Bu kabi qo'llab-quvvatlasangiz, siz uchun juda yoqimli. Klubda muxlislar bilan ishlash amaliyoti yaxshi yo'lga qo'yilgan.

- Bugungi gollarda markaziy himoyachilarning xatolari ko'zga tashlandi. Rotaciya qilish vaqti kelmadimikan?

- 3 ta gol bu juda ko'p. Himoyachilar xatoga yo'l qo'ydi, to'g'ri. Lekin mag'lubiyat uchun butun jamoa aybdor bo'ladi. Raqib qarshi hujumlarda jamoamizda sarosima ko'zga tashlandi. Bu savolga hozir aniq javobim yo'q.

- Marlen Chobanov, Suhrob Berdiev kabi futbolchilar bugungacha maydonga tushirilmadi. Buning sababi nima?

- Biz hozir jamoaning optimal tarkibini shakllantirish borasida ishlayapmiz. Mening qarashlarimga ko'ra, barcha jarayon bosqichma-bosqich amalga oshadi.

- Siz nega o'rinbosarlar ishtirokidagi o'yinlarga kelmaysiz?

- Bu vaqt tig'izligi bilan bog'liq. Bizda mas'uliyatli vazifa bor va ishlashimiz kerak. Imkon qadar borishga harakat qilaman. Yordamchi murabbiylar menga har bir o'yin jarayoni haqida etarlicha axborot berib borishadi.





AlisherMuallif
Manba: championat.asia