“Al Qodisiya” darvozaboni: “2 ochko yo'qotdik...”

Sherzod Nurmatov
13 okt 2026, 16:25
“Al Qodisiya" darvozaboni Ahmad Al Kassar Elit Osiyo Chempionlar Ligasining 2-turi doirasida O'zbekistonning "Paxtakor" klubiga qarshi mehmondagi bahsda (1:1) jamoasi g'alabani qo'ldan chiqarganini ta'kidladi.

Uning qayd etishicha, "Al Qodisiya" o'yin taqdirini birinchi bo'limdayoq hal qilishi mumkin edi, biroq jamoa durang bilan kifoyalanib, musobaqa jadvalidagi muhim 2 ochkoni boy berdi.

“Avvalambor, tashrifingiz, ishtirokingiz va vatanimiz vakilini qo'llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur bildiraman. Kelgusi o'yinlarimiz yanada yaxshiroq bo'lishiga umid qilamiz.

3 ochkoni qo'lga kiritishni maqsad qilgandik, ayniqsa, hisobda oldinda borayotganimizda o'yin taqdirini birinchi bo'limdayoq hal etish imkoniyatimiz bor edi. Shuningdek, ikkinchi bo'limda ham qulay vaziyatlarga ega bo'ldik, ammo ulardan foydalana olmadik.

“Paxtakor” - Osiyo Chempionlar Ligasida katta tajribaga ega bo'lgan va bahsning so'nggi soniyalarigacha kurashadigan jamoa. Shunga qaramay, ikkinchi golni urib, o'yin masalasini uzil-kesil hal qilishimiz kerak edi.

2 ochkoni boy berdik deb bemalol ayta olamiz. Ammo kurashni qatiyat bilan davom ettiramiz, keyingi bahslarda eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatishga hamda “Al Qodisiya” muxlislarini xursand qilishga intilamiz", – deya fikrini yakunladi u.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: aawsat.com