"Paxtakor"ga qoyilmaqom gol urgan "Al Hilol"ning italiyalik yulduzi AGMKga qarshi o'ynamaydi

Olmaliqning AGMK klubi OCHL guruh bosqichidagi ishtirokini 15 aprel kuni Saudiya Arabistonining "Al Hilol" jamoasiga qarshi o'yin bilan boshlaydi.

E'tiborli jihati, "Al Hilol" musobaqaning o'tgan mavsumida "Paxtakor" bilan 1 guruhdan o'rin olgan edi. O'shanda jamoalar o'rtasidagi 1-o'yinda hisob ochilmagan, 2-bahs saudiyaliklarning 2:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan edi.

"Al Hilol" 3 ochkolik bo'lgan bahsda saudiyaliklarning italiyalik yulduzi Sebastyan Jovinko "sherlar" darvozasini chiroyli tarzda ishg'ol qilgani yodingizda bo'lsa kerak (jarima zarbasidan).


OCHL 3-turida kiritilgan ikkita shedevrni suratlar ketma-ketligida tomosha qiling

 34 yoshli Jovinko OCHLning joriy mavsum guruh bosqichida ishtirok etmaydigan bo'ldi. Boisi shundaki, u "Al Hilol"ning OCHL uchun qaydnomasidan o'rin olmagan. Saudiyaliklar legionerlar limitini quyidagi futbolchilar bilan to'ldirishdi: Bafetimbi Gomis (Fransiya), Andre Karilo (Peru), Jan Xyon-Su (Janubiy Koreya) va Lusiano Vetto (Argentina).

Jovinko Razvan Luchesku murabbiyligi davrida jamoaning asosiy figurasi edi.  Biroq, ruminiyalik mutaxassis 15 fevral kuni jamoani tark etgach, uning o'rnini braziliyalik Rojerio Mikale egalladi. Yangi murabbiy Jovinkoga deyarli ishonch bildirmayapti. Italiyalik futbolchi so'nggi bor 11 mart kuni maydonga tushirilgan edi. Arab matbuotining xabariga ko'ra, Sebastyanni OCHL uchun ro'yxatdan o'tkazmagan Mikale jamoa rahbariyatidan Jovinko bilan amaldagi shartnomani uzaytirmaslikni so'ragan. Italiyalik futbolchi katta ehtimol bilan dekabr oyida klubni tark etadi.


Manba: championat.asia