Akbar Ismatullaev: “Lokomotiv"ni yutish uchun borgandik”

O'tgan juma kuni chempionlik uchun kurashayotgan “Lokomotiv” o'z maydonida “Paxtakor”ni qabul qildi. Poytaxt derbisida “sherlar”ning qo'li baland keldi.
 Uchrashuvdan so'ng “Paxtakor” himoyachisi Akbar Ismatullaev bilan suhbatlashdik.

- Akbar, ochig'ini aytganda “Paxtakor”ning safarda “Lokomotiv”ga qarshi kechadigan o'yinidan oldin, ko'pchilik “temiryo'lchilar”ning favorit sifatida ko'rgandi.

-Ha, bo'lishi mumkin. Chunki mezbon shu kuni “Lokomotiv” edi. Boz ustiga bu jamoa juda kuchli tarkibga ega. Ko'plab futbolchilari milliy terma jamoa nomzodlari sanaladi. Bundan tashqari poytaxt derbisi doimo murosasiz ruhda o'tadi. Boz ustiga hozir bizga ham raqibga ham uch ochko juda ham zarur bo'lib, har ikkala klub ham faqat uch ochko uchun maydonga tushdi. Mehmonda to'p surganimizga qaramay, astoydil o'ynab kerakli natijani qo'lga kirita oldik. Albatta, ushbu g'alaba muxlislarimizni behad quvontirib yuborgani aniq. Ishqibozlarimizga xursandchilik ulasha olganimizdan mamnunman.

- “Lokomotiv”ning bugungi kunda kuchli ekanligini aytib o'tdingiz. Agarda uchrashuvda durang qayd etilganida, bu sizlar uchun qoniqarli natija bo'larmidi?

- Yo'q, bilasizmi, biz raqib maydoniga faqat g'alaba qozonish maqsadida borgandik. Sababi bu o'yin jamoamiz uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Shu bois faqat uch ochkoni qo'lga kiritishni o'ylagan xolda to'p surdik.

- Ikkinchi bo'lim o'rtalarida jarohat olib maydonni tark etdingiz. O'sha vaziyatga qanday izoh bergan bo'lardingiz?

-Ha, afsuski eski jarohat shu kuni meni ancha qiynadi. Bundan oldin oyog'imning poyini cho'zib olgandim. “Lokomotiv” bilan o'yinda og'riqni his qila boshladim va shu tariqa o'rnimni jamoadoshimga bo'shatib berdim.

- Davolanish jarayoni qancha muddatni o'z ichiga oladi?

-  Bir hafta muolajada bo'laman. Shundan so'ng shifokorlar ko'rigidan o'tib, mashg'ulotlarga kirishaman. Keyingi turda “Dinamo” bilan bellashamiz. Agarda o'yindan oldin, shifokorlar maydonga tushishimga ruhsat bersa, jamoamga yordam beraman.

- Bungacha muxlislar “Paxtakor”ni sovrinli o'rinlar uchun kurashda chetga chiqarib qo'ygandi. Ammo safardagi ushbu muhim g'alaba jamoangizning medallar uchun bo'lgan imkoniyatini yana qaytardi. Fikrimizga qo'shilasizmi?

- To'g'ri aytdingiz, “Loko” bilan o'yindan oldin, yuqori o'rinlar uchun kurashish imkoniyatimiz biroz pastroq edi. Lekin o'zingiz guvohi bo'lganingizdek, asosiy raqibimizni mag'lubiyatga uchratdik va sovrinli o'rinlar uchun kurash mavsum oxiriga qadar davom etadi deb o'ylayman.

- Vaziyatga real baho beradigan bo'lsak, “Paxtakor” bu yilgi mavsumni nechanchi o'rinda yakunlashi mumkin?

- Yil boshida rahbariyat tomonidan oldimizga chempionlik vazifasi qo'yilgandi. Buni ayni paytda juda yaxshi his etib turibmiz. Demak bir maqsad yo'lida oxirigacha kurashamiz. Bir so'z bilan aytganda, kelasi yil ham OCHLda ishtirok etishni xohlaymiz. Buning uchun chempionat so'nggiga qadar kurashamiz.  

- Oliy liga o'yinlari poyoniga etishiga ham 5 tur qoldi. “Paxtakor”ning oldindagi o'yinlariga e'tibor qaratadigan bo'lsak, uchta o'yinni safarda o'tkazadi. Ayniqsa, vodiydagi bahslar jamoangiz uchun oson kechmasligi aniq. To'g'rimi?

- Ha, hozirda shuni o'ylab turibmiz. Farg'ona va Namanganda o'tadigan o'yinlar azaldan qiyin bo'lgan. Nasib qilsa, bo'lajak uchrashuvlarda g'alaba qozonib, vazifani bajaramiz.

- Tan olish kerak, jamoangiz avvalgidek bu yil ham raqiblarini cho'chitadigan darajada o'yin ko'rsata olmayapti. Bunga ko'pchilik tarkibning keskin yoshartirilganini sabab sifatida ko'rsatmoqda. Sizningcha bundan tashqari yana nimalar barqarorlik uchun to'sqinlik qilmoqda?

- To'g'ri, bu yil tarkibimiz ancha yoshlargani ham asosiy sabablardan biri bo'lmoqda. Lekin yana shuni ham aytish mumkinki, ko'plab o'yinchilarimiz turli yoshdagi terma jamoalar ixtiyorida bo'lishgani ham tarkibimizni optimal tarzda bo'lmaganiga sabab bo'ldi. Kozak, Maxstaliev, Iskanderov hamda Sergeev kabi 1993 yilda tavallud topgan futbolchilarimiz yoshlar o'rtasidagi JCHda ishtirok etib keldi. Albatta ularning yo'qligi “Paxtakor”ga chempionat o'yinlarida o'z ta’sirini ko'rsatdi. Qolaversa bir qator o'yinchilarimiz jarohatga yo'liqib, ko'p vaqtini davolanish bilan o'tkazdi. Xayriyatki, mana Stanislav Andreev maydonga qaytdi. Uni yana avvalgidek, yuqori sport formasiga kirib olishi uchun esa vaqt kerak bo'ladi. Shu kabi muammolar jamoamiz natijalariga salbiy ta’sirini o'tkazmay qolmayapti.

- Tajribali hujumchi Anvar Soliev bu yil yana “Paxtakor”ga qaytdi. Aytingchi uning jamoaga qay darajada foydasi tegmoqda?

- Anvar aka mahoratli hujumchi. Tajribasi katta ekanligiga shubha yo'q. Mashg'ulotlarda biz yoshlarga foydali maslahatlarini ayamaydi. Qisqasi Soliev “Paxtakor” uchun kerakli bo'lgan o'yinchidir.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


Manba: championat.asia