Ahmadjon Musaev: "Xorvatiyaga qarshi o'yinda g'alaba uchun o'ynaymiz"

Narzulla Saydullayev
25 iyun 2013, 18:53
O'zbekiston va Xorvatiya terma jamoalari uchrashuvidan oldingi matbuot anjumani "Otaturk" stadioni anjumanlar zalida o'tkazildi.
Uning ikkinchi qismida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ustozi Ahmadjon Musaev ishtirok etdi.

“O'zbekiston Xorvatiya bilan birinchi marta to'qnash kelyapti. Bu juda yaxshi. Osiyo futboli rivojlanib boryapti. Yevropa terma jamoasiga qarshi jahon chempionatida maydonga tushishimizdan xursandman”, - deydi Ahmadjon Musaev.

- Xorvatiya birinchi o'yinda qo'pol harakat qildi. Bu bizga muammo tug'dirmaydimi?

- Ularni qo'pol o'ynadi deb aytmagan bo'lardim. Ular Urugvayni dastlabki daqiqalardan pressingga olishdi. Xorvatlar birinchi daqiqadayoq qo'pollik ishlatib, sariq kartochka olishdi. Shundan xorvatlarning bahsga jiddiy tayyorgarlik ko'rgani sezilib turgandi. Urugvay yaxshi jamoa, lekin Xorvatiyaning bunday kurashga kirishishi ularni chalg'itib qo'ydi.

- Iskanderov birinchi o'yinda to'pni ko'proq o'zida saqlab qoldi. Bu borada unga ko'rsatma berildimi?

- O'sha o'yin vaqtida havo juda issiq edi. Shu sababli to'pni ko'proq ushlash zarar qilmaydi. Lekin Jamshid to'pni o'zida ushlab turganda bundan xavotirga tushmasayam bo'ladi. U raqibni aldab o'tishi mumkin.

- Jamoaning jangchilik xarakteri qanday? Ertangi g'alaba bizni guruhdan olib chiqishi mumkin.

- Yigitlar hamisha kurashishga shay holatda. Ular hech kimdan cho'chishmaydi. Futbolchilarni shunga o'rgatib kelaman. O'yin boshlanishida hisob 0:0 bo'ladi. Demak, 90 daqiqa kim yaxshiroq harakat qilsa, o'sha jamoa g'alaba qozonadi.

- Xorvatiya bilan o'yinda asosiy e'tibor hujumga qaratiladimi? Biz odatda birinchi jamoa rolida yaxshiroq o'ynayapmiz.

- Nimchorak finalga bizni ertangi durang ham olib chiqishi mumkin. Lekin biz to'pni saqlab tursak, hujumga o'tamiz. Aksincha holatda himoyalanamiz. Boshqa narsalarni hozir aytib o'tishim to'g'ri bo'lmas.

- Xorvatiyaga qarshi yanada yaxshiroq o'yin ko'ramizmi?
- Albatta, shunga intilamiz. O'yin kechroq vaqtda boshlanadi. Bu esa bizga imkoniyat beradi. Yangi Zelandiya bilan uchrashuvda issiq havo tufayli katta qiyinchilikka duch keldik. Biz g'alaba uchun o'ynaymiz. Balki, raqib durang maqsadida shunchaki turishi mumkindir. Biz aslo bunday qilmaymiz.
 

Behzod Nazarov yozib oldi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: