30-tur oldidan. "Navbahor" uydagi mag'lubiyatsiz seriyani chiroyli yakunlab qo'yish harakatida

Xayrulla Xoliqov
24 noya 2017
Ertaga oliy liganing 30-tur bahslari bo'lib o'tadi va shu bilan navbatdagi chempionatga ham yakun yasaladi.


So'nggi turni "Navbahor" o'z maydonida o'tkazadi. Ayni paytda beshinchi o'rinda borayotgan jamoa mavsumni shu pog'onada tugatib qo'yishni maqsad qilgan. Buning uchun jamoadan mag'lubiyatga uchramaslik talab etiladi. 

Shuningdek, bu o'yinda "Navbahor" o'z maydonidagi mag'lubiyatsiz seriyani ajoyib tarzda yakunlab qo'yishni niyat qilmoqda. Ma'lumki, bu yilgi chempionatda uydagi bellashuvlarda shu paytgacha yutqazmagan faqat "Navbahor" bo'lib turibdi. 


"Navbahor" oliy liga klublari orasida o'z maydonida yutqazmagan yagona klub


Namanganliklar uyda 14ta o'yin o'tkazib, shundan 9tasida g'alaba qozonib, besh marta durang o'ynashgan. To'plar nisbati 23-11. Jamoa uydagi o'yinlarda 32 ochko jamg'argan. Agar "Navbahor" ushbu ko'rsatkichni oxirgi turda ham qayd etsa, bundan jamoa muxlislari xursand bo'lsa arziydi. Negaki kuchli deya tan olinadigan "Lokomotiv", "Nasaf" va "Bunyodkor" klublari uyda bir martadan mag'lubiyat alamini totib ko'rishgan.

Shuningdek, to'rtta jamoa o'z maydonida ikki bor mag'lub bo'lgan. Bular - "Paxtakor", "Mashal", "Olmaliq" va "Qizilqum". Ertaga "Nasaf"ning legionerlarsiz maydonga tushishi kutilmoqda. Chunki Ro'ziqul Berdiev oxirgi o'yinda asosan yoshlarni sinab ko'rishni maqsad qilgan. Shunday bo'lsa-da, "Nasaf"ning jiddiy qarshilik ko'rsatishi kutilmoqda.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia