"3 fevraldan 25 fevralgacha Turkiyada yig'in qilamiz. Muxlislarni qiziq uchrashuvlar kutib turibdi" - Ro'ziqul Berdiev

Sherzod Nurmatov
24 yanv 2025, 16:13
"Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida jamoaning keyingi rejalari xususida to'xtalib o'tdi.

"Yig'inimizning birinchi bosqichini 3 yanvardan 16 yanvargacha o'tkazdik. Undan keyin jamoamiz a'zolari tibbiy ko'rikdan o'tishdi. 

Hozirgi paytda yig'inning ikkinchi bosqichini boshlab yuborganmiz, bu 19 yanvardan 29 yanvargacha Qarshidagi qarorgohimizda olib boriladi. Unda asosan jismoniy holatlarni tiklashga e'tibor qaratiladi. 

3 fevraldan 25 fevralgacha Turkiyada yig'in qilamiz. Unda bir qator o'yinlarda maydonga tushamiz. Bu bosqich biz uchun juda muhim. 10 ga yaqin bahsda ko'proq o'yin amaliyoti, jismoniy holatni yaxshilash ustida ish olib boriladi. O'ylaymanki, muxlislarni qiziq uchrashuvlar kutib turibdi. Raqib sifatida Rossiya, Ukraina, Yevropa jamoalari bilan nazorat uchrashuvlarida qatnashib, chempionatga tayyorgarlik ko'ramiz. 

Hozir jamoamiz to'liq tarkibda emas. Ko'p o'yinchilarimiz terma jamoaga jalb qilingan. Shunga qaramasdan, tarkibga yangi futbolchilar kelib qo'shildi, xususan, o'rinbosarlar va 1-liga jamoamizdan ham. Mashg'ulotlar kuniga 2 mahaldan o'tkazilmoqda", – dedi Berdiev.

Avvalroq "Nasaf" albaniyalik forvard Rubin Xebay transferini e'lon qilgan edi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Насаф" матбуот хизмати