

Tashrif doirasida Qarshi shahridagi "Markaziy" stadionga borgan davlatimiz rahbari stadionni rekonstrukciya qilish, sportchilar va tomoshabinlar uchun qulayliklarni yanada oshirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo'yicha zarur tavsiyalar bergandi. Oradan roppa rosa bir yil o'tib, 2017 yilning 30 iyun sanasida "Markaziy" stadion yangi qiyofada muxlislarni o'z bag'riga chorladi.
Bir yilga yaqin davom etgan qurilish-ta'mirlash ishlaridan stadion zamonaviy ko'rinish kasb etdi. Ilgari 16 ming muxlisni o'z bag'riga sig'dirgan stadionda endilikda 22 mingdan oshiq tomoshabin futbol uchrashuvlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Stadion minbarlari Yevropaning zamonaviy stadionlaridagi singari futbol maydoniga yaqinlashtirildi. Qurilish-ta'mirlash ishlari “Nasaf” jamoasi muassisi, yurtimizdagi yirik sanoat korxonasi hisoblanmish Sho'rtangazkimyo majmuasi qurilish brigadasi tomonidan amalga oshirildi.
O'zbekiston kubogi chorak finali doirasida “Nasaf”-“Qo'qon-1912” jamoalari uchrashuvi aynan ushbu stadionda bo'lib o'tdi. Bungacha ta'mirlash ishlari bois “Nasaf” futbolchilari uy uchrashuvlarini G'uzor “Markaziy” stadionida o'tkazib kelishayotgandi. “Nasaf”chilar joriy mavsumda Qarshida o'tkazilgan ilk uchrashuvda raqiblarini yirik hisobda mag'lub etib, stadionga yig'ilgan ko'p ming sonli muxlislarni xursand etishdi. Umid qilamizki, ushbu muhtasham inshoot yillar davomida qarshilik sportsevarlarning sevimli maskaniga aylanadi va ular bu yerda o'z jamoalarining ko'plab g'alabalariga guvoh bo'lishadi.
Aziz NURIY.



Suratlar muallifi -Sardor NUROV ("Nasaf" PFK matbuot xizmati).



