Turkmaniston 32 yildan so'ng Toshkentda gol urdi, Aliqulovda debyut va boshqa faktlar

Iskandarov Abdulaziz
7 iyun 2024, 15:32
O'zbekiston terma jamoasi JCH-2026 saralash bosqichi doirasida Toshkentda Turkmanistonni qabul qildi.

"Oq bo'rilar" uchrashuvda 3:1 hisobida g'alaba qozondi. Quyida ushbu bahsdan qiziqarli faktlarni e'tiboringizga havola qilamiz. 

1. Turkmaniston terma jamoasi 32 yildan so'ng yana Toshkentda gol urdi. Ular bu ishni ilk bor 1992 yil amalga oshirgan, Ulug'bek Ro'zimov va Azamat Abduraimovning goliga Vitaliy Zolotuxin javob qaytargandi. 

2. Oston O'runov terma jamoa libosidagi 27-uchrashuvida 7-golini urdi. 

3. Husniddin Aliqulov O'zbekiston terma jamoasidagi debyut to'pini kiritdi. Aliqulov 2023 yil Vetnamga qarshi bahsda ham gol urgandi, ammo u nazorat uchrashuvi bo'lgani bois FIFA ro'yxatiga kirmagan.

4. Sherzod Nasrullaev terma jamoa libosida 19 bellashuvida qatnashdi va 2-golini urdi. 

5. O'zbekiston terma jamoasining mag'lubiyatsiz seriyasi 14 ta o'yinga etdi. Srechko Katanets shogirdlari so'nggi marotaba 2023 yil o'rtoqlik uchrashuvida AQSHga mag'lub bo'lgan edi. 

6. Turkmaniston bilan o'yinlardagi g'alabali seriya 8 ta o'yinga etdi. Oxirgi marotaba 1998 yil jamoalar o'rtasidagi bahsda g'olib nomi aniqlanmagandi. 

7. O'tkir Yusupov O'zbekiston terma jamoasi tarkibida 30 uchrashuvida maydonga tushdi. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia