To'rtta yetakchi klub van de Ven uchun kurashmoqda

Sherzod Nurmatov
23 yanv 2026, 13:04
Niderlandiyalik himoyachi Mikki van de Ven "Tottenxem"ni tark etishni istamoqda, "shporlar" esa uning transferi orqali salmoqli mablag' ishlab olishi mumkin.

Mashhur jurnalist va insayder Ekrem Konur o'zining X ijtimoiy tarmog'ida xabar berishicha, 24 yoshli himoyachi "Real", "Bavariya", "Liverpul" va "Manchester Yunayted" uchun jozibali transfer maqsadiga aylangan.

Futbolchining o'zi "Tottenxem" bilan yangi shartnoma imzolashdan bosh tortdi va sovrinlar uchun kurashadigan jamoada o'ynash istagini ochiq bildirdi.

Van de Venni jamoada saqlab qolish juda qiyin bo'lishini anglagan "shporlar" rahbariyati himoyachi uchun 100 mln evro miqdorida kompensaciya summasini belgiladi. Katta ehtimol bilan futbolchi yozgi transfer oynasida Londonni tark etadi.

Niderlandiyalik markaziy himoyachi joriy mavsum jamoa safida 29 o'yin o'tkazib, 6 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Van de Venning "Tottenxem" bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo'ljallangan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: x.com/Ekremkonur