ПСЖ нега айнан Ҳусановга қизиқиб қолди? Foot Mercato нашри Абдуқодирга Париж клубидан бўлган қизиқиш тафсилотларини маълум қилди
26 ноя 21:25
Янгиликлар
ПСЖ нега айнан Ҳусановга қизиқиб қолди? Foot Mercato нашри Абдуқодирга Париж клубидан бўлган қизиқиш тафсилотларини маълум қилди
Қуйида Foot Mercato нашрининг Абдуқодир Ҳусановнинг эҳтимолий трансфери бўйича ёзганларини тўлиқлигича эътиборингизга тақдим қиламиз:
ПСЖ вакили Луис Кампос Абдуқодир Ҳусановга кўз тикмоқда
ПСЖ клубининг спорт масалалари бўйича маслаҳатчиси Луис Кампос кейинги трансфер ойнаси учун ҳимоячи излаётган бир паллада "Ланс" шаҳзодаси Абдуқодир Ҳусановга ўзгача эътибор қаратмоқда. Foot Mercato маълумотларига қараганда, Луис Кампос аллақачон "Ланс" клубининг кўп нарса ваъда қилаётган ҳимоячисининг вакиллари билан учрашишга улгурган.
Фото: ПСЖ клуби президенти Носир Ал Ҳелайфи ва клубнинг футбол ишлари бўйича маслаҳатчиси Луис Кампос
Ўзбекистондан бўлган, кейинчалик Беларусда ўйнаган ҳимоячининг бир қарашда ҳаммадан ажралиб туради. Футболчининг вакиллари Абдуқодирнинг иқтидорига тўла амин бўлган ҳолда уни "Ланс" клубига таклиф қилишади. "Ланс" эса 2023 йилнинг ёзида 100 минг евро эвазига каттагина мукофот "ютиб олди". Лига 1 учун ҳали бироз ёшроқ бўлишига қарамай, Ҳусанов биринчи машғулотларданоқ барчада ажойиб таассурот қолдирди. "Ланс" таркибида 2023 йилнинг сентябрь ойида "Мец" жамоасига қарши дебют қилган Ҳусанов биринчи мавсумнинг ўзида таҳминан 15 та учрашувда майдонга тушди.
Марказий ҳимояда Кевин Дансонинг вориси сифатида кўрилган Ҳусанов айни дамда таркибнинг ажралмас қисмига айланиб улгурди. "Энергетик-БГУ" собиқ футболчиси хайрон қолдиришдан тўхтамаяпти. Абдуқодирнинг камчилиги йўқ: қўполдек кўринади, шу билан бирга, техникаси ўта юқори, тўпни олиб қўйиш ва яккакурашлар бўйича у мутлақ етакчи. Бундан ташқари, рақиб ҳужумчилари Абдуқодирнинг бўйи 1.86 метр (84 кг) бўлишига қарамай, уни деярли бирор марта ортда қолдира олганлари йўқ.
Сентябрь ойидаги "Ницца"га қарши ўйиндан кейин лансликлар дарвозабони Брис Самба Абдуқодирга яхши таъриф берди:
"Ҳусанов ҳақиқий махлуқ. У бугун нималар қилганини кўрдингизми? Абдуқодир мени қўрқитяпти. Йўқ, йўқ, лекин бу рост. Ёшига нисбатан у қилаётган ишлар.."
Парижликлар Абдуқодир Ҳусанов вариантини юқори баҳолашмоқда
Энг юқори даражага чиқиш имкониятига эга бўлган Абдуқодир Ҳусанов "Ланс"даги энг қадрли ўйинчилардан бири бўлишга яқин турибди. Foot Mercato маълумотларига кўра, Луис Кампос футболчининг яқинлари билан аллақачон учрашишга улгурди, аммо ПСЖ томони ҳали бирор таклиф берганича йўқ. Қишги трансферлар ойнасида ҳимоячи харид қилиш ниятида бўлган парижликлар ушбу имкониятдан фойдаланиб қолишлари мумкин. Абдуқодирнинг "Ланс" билан шартномаси 2027 йилга қадар мўлжалланган. "Бенфика" ҳимоячиси Томас Араухонинг ПСЖга сотилмаслиги португал клуби томонидан аниқ таъкидланганидан сўнг, Абдуқодир варианти парижликлар учун яхши муқобил бўлиши мумкин.
"Ланс" нимани истамоқда?
Бироқ, "Ланс" ўз шаҳзодасининг трансфер қилинишига рози бўлармикан? "Ланс" клуби Нейл эл Айнауи ва Кейин Дансонинг амалга ошмаган трансфери сабаб қишки трансферлар ойнасида ўз ғазнасини таҳминан 40 млн еврога тўлдириши лозим. Лекин "Ланс" Абдуқодир Ҳусановни бу қишда сотмоқчи эмас. Аммо таҳминий нархи 20 млн евро бўлган Абдуқодир ПСЖ қўлга киритишни истаётган ҳимоячи ҳисобланади. Бу эса Париж клуби нархни яна кўтариши учун етарли сабаб. Юқоридаги важлар "Ланс" ўз жавоҳирини сотиши учун етарлими? Бу саволга бир неча ҳафтадан сўнг жавоб топамиз. "Ланс" Абдуқодир Ҳусанов бўлмаган охирги икки ўйинда бешта гол ўтказганини инобатга олсак, воқеалар ривожи анча қизиқарли тус олиши аниқ.
Лекин бир нарса аниқ ва равшан: 18 ой олдин "Ланс" Абдуқодир учун тўлаган пул ва ҳозир тилга олинаётган сумма ўртасидаги фарк – шунчаки даҳшат!
Foot Mercato нашридан таржима қилинди
Фикрлар
Hozirda Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun kurash olib bormoqda. Jamoa saralash bosqichida maksimum 18 ochkodan 13 tasini jamg‘arib, hozircha o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Aynan ikkinchi o‘rin mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beradi. Albatta, hali ish yakuniga yetgani yo‘q. Oldinda to‘rt uchrashuv bor va O‘zbekiston mutlaqo bo‘shashmasligi kerak. Uchinchi o‘rindagi BAA terma jamoasi Katanes jamoasidan atigi uch ochkoga ortda qolmoqda. Guruhdagi vaziyat bir necha bor o‘zgarishi mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston terma jamoasining asosiy qahramonlarini hozirdanoq ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular JCh saralashida yarim yo‘lni bosib o‘tdi. Ammo shubha yo‘qki, ular o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani uddalay olishadi va 2026-yilgi musobaqaga yo‘llanma oladi.
Srechko Katanes
Foto: Get
Jamoada eng zo‘r futbolchilar avlodi bo‘lmasin, asosiy savol — ular kimning qo‘l ostida bo‘lishi. O‘zbekiston terma jamoasini 2021-yildan buyon sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanes boshqarib kelmoqda. O‘z davrida u e’tiborga molik futbolchi bo‘lgan: Yugoslaviya terma jamoasi, “Shtutgart” va Chempionlar Kubogi finaligacha yetib borgan “Sampdoriya” klublarida to‘p surgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, darhol murabbiylikka kirishgan va uning asosiy yo‘nalishi milliy terma jamoalar bilan ishlash bo‘lgan.
Katanesning murabbiylik faoliyatida bor-yo‘g‘i ikkita klub bor: Sloveniyaning “Goritsa” klubi va Gretsiyaning “Olimpiakos”i. Ammo u beshta terma jamoani boshqargan: O‘zbekiston, Iroq, BAA, Shimoliy Makedoniya va Sloveniya. Murabbiy Srechko Sloveniyani ikki bor boshqargan: 1998-yildan 2002-yilgacha va 2013-yildan 2017-yilgacha. Ikkinchi marta jamoa bilan ishlash uning uchun unchalik omadli bo‘lmadi: Sloveniya na Yevro, na JChga yo‘llanma olgan. Lekin birinchi davri juda muvaffaqiyatli o‘tgan: uning boshchiligida Sloveniya Yevro—2000 va JCh—2002 musobaqalariga yo‘llanma olgan. Bu mustaqil Sloveniya uchun Yugoslaviya davlati parchalangandan keyingi ilk yirik turnirlar edi.
Terma jamoani boshqarish va yirik musobaqalarga tayyorgarlik — bu alohida mahorat talab qiladigan ish. Bu klub murabbiyligidan butkul farq qiladi va Srechko Katanes bu borada tajribali inson. Qolaversa, u O‘zbekistondan oldin Yaqin Sharq davlatlarida ishlash tajribasiga ega. Xususan, u 2019-yilda Iroq terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan: 1/8 finalda uning jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘lgan Qatarga imkoniyatni boy bergan. 2024-yilda esa Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ham xuddi shu jamoaga qarshi kurashda mag‘lub bo‘ldi, lekin bu safar chorak final bosqichida.
Katanes Sloveniya terma jamoasining tarixida jamoani yirik musobaqalarga olib chiqqan murabbiy sifatida nom qoldirdi. Endi esa O‘zbekiston terma jamoasi tarixida shunday o‘rin egallash vaqti keldi.
Abduqodir Husanov
Foto: “O‘FA”
Himoyachi Husanov: Fransiya chempionatining yangi yulduzi
Qiziq savol: sayyoramizda 29-fevral kuni tug‘ilgan odamlar ko‘proqmi yoki 19 yoshida Belarus chempionatidan Fransiya chempionatiga o‘tib, tezda o‘zini ko‘rsata olganlar? Aniq javob yo‘q, ammo bitta shaxs bor, u ikkala holatda ham o‘ziga xosdir. Bu — Abduqodir Husanov.
Bugungi kunda Husanov Liga-1 ning eng istiqbolli himoyachilaridan biri sanaladi. “Lans” uni o‘tgan mavsum boshida Belarusning “Energetik-BGU” klubidan sotib oldi va, ko‘rinishidan, katta yutuqqa erishdi. Abduqodirning birinchi mavsumi asosan moslashishga ketdi: u ko‘p o‘yin o‘ynamadi (chempionatda 11 ta, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasida ikkita uchrashuv). Lekin hozirda O‘zbekistonlik himoyachi asosiy tarkibning muhim o‘yinchisiga aylandi. U yuqori sifat ko‘rsatmoqda, tez sur’atda o‘smoqda va narxi oshib bormoqda.
Husanov terma jamoada ham, klubda ham markaziy himoyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Futbolchi terma jamoada ham klubidagi kabi uch markaziy himoyachi sxemasida o‘ynaydi. Odatda u bilan birga “Rubin” (Rossiya) o‘yinchisi Rustam Ashurmatov va Turkiyaning “Rizyespor” jamoasi himoyachisi Husniddin Aliqulov safga chiqadi. O‘zbekiston JCh saralash bosqichida o‘tgan 6 ta uchrashuvda atigi 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Shuningdek, 4 ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Bu, albatta, butun jamoaning mehnati. Ammo ushbu natijada markaziy himoya chizig‘ining roli juda katta. Husanov va uning sheriklari himoyada ishonchli o‘ynab, jamoaning muvaffaqiyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Husanov — fizik jihatdan kuchli va kelajagi porloq markaziy himoyachi. Abduqodir Husanovning jismoniy imkoniyatlari aql bovar qilmas darajada. 20 yoshida u kurashlarda o‘zini mukammal ko‘rsatmoqda, hatto Liga 1 atletlari uchun uni joyidan siljitish oson emas. Yosh bo‘lishiga qaramay, Husanov allaqachon katta tajribaga ega. U Belarusning "Energetik" jamoasida bir yarim mavsum o‘ynadi, hozir esa “Lans”ning asosiy tarkibida doimiy o‘ynayapti. Bundan tashqari, Husanov Srechko Katanes va “Lans” bosh murabbiyi Frank Ez bilan ishlayapti, bu esa uning tajribasini oshirish uchun ajoyib maktab bo‘lib xizmat qilmoqda.
Husanov O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida g‘alaba qozongan va Olimpiadada qatnashgan. 2024-yil boshida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasida Osiyo Kubogida u uchta uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi, lekin Qatar bilan chorak final bahsini sariq kartochkalar limiti sabab o‘tkazib yubordi. JCh saralashida esa Husanov doimiy ravishda asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. 20 yoshida u allaqachon kattalar terma jamoasi uchun 18 ta o‘yinda qatnashgan.
Osiyoda yangi top markaziy himoyachi yetishib chiqmoqda. Husanov allaqachon ko‘p narsani uddalayapti va kelajakda yanada kuchliroq bo‘lishga va’da bermoqda. Demak, Osiyoda faqat Kim Min Jae bilan cheklanmaymiz!
Abbosbek Fayzullayev
Foto: “O‘FA”
Abbosbek Fayzullayev: O‘zbekiston terma jamoasining asosiy estetika ustasi
Abduqodir Husanovdan farqli o‘laroq, Abbosbek Fayzullayev hozircha top ligalarda o‘ynamaydi. Biroq uning iste’dodi yirik chempionatlar darajasini ko‘tarishga qodir ekanini ko‘rsatmoqda. Fayzullayev “SSKA”da barqaror o‘ynab, o‘zini ko‘rsatmoqda. U asta-sekin O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘ida liderga aylanmoqda. Uning Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb tan olinishining boisi ham shunda.
“SSKA”dagi kutilmagan yorqin birinchi mavsumdan so‘ng, Fayzullayev “ikkinchi mavsum sindromi” qurboniga aylanib qolishi mumkin degan xavotirlar paydo bo‘ldi. Ammo bu xavotirlar o‘zini oqlamayapti. Yozda Olimpiadada qatnashgani sabab klubga kechroq qo‘shilgan Fayzullayevga formaga kirish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Lekin tiklanishi bilan u yana avvalgidek yorqin va samarali o‘yin ko‘rsatishni boshladi.
Fayzullayev va Husanov — O‘zbekiston futbolining yangi to‘lqinidagi yetakchi iqtidorlari. Agar Husanov markaziy himoyachi sifatida raqib o‘yinini buzuvchi rolni bajarsa, Fayzullayev aksincha — ijodkor. U doimo to‘pga intiladi, dribling qiladi, darvozaga zarba beradi va gol uradi. U o‘yin quradi va muxlislar uchun tomosha yarata oladi. Fayzullayev — O‘zbekiston terma jamoasining asosiy estetika ustasi!
Abbosbek Fayzullayev JCh saralash bosqichida ham asosiy to‘purarlardan biri. U uchta gol urdi, va ularning barchasi noyabr oyiga to‘g‘ri keldi. Qatarga qarshi o‘yinda ikkita gol kiritdi, ikkalasi ham bosh bilan! Buning ustiga, uning bo‘yi bor-yo‘g‘i 170 sm. Uchinchi golni esa KXDR darvozasiga yo‘lladi. Ushbu gollardan oldin Fayzullayevning milliy jamoa safidagi so‘nggi goli yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida, 1/8 finalda Tailand darvozasiga urgan g‘alaba to‘pi edi.
Bugungi kunda Fayzullayev bilan bog‘liq asosiy xavotir — unga haddan tashqari ko‘p yuklama bermaslik. Osiyo Kubogida qatnashgani sabab, u qishki ta’tilni to‘liq o‘tkazmadi. Yozda esa Olimpiadada ishtirok etgani uchun yana bir ta’tilni boy berdi. “SSKA”da ham muntazam ravishda o‘ynayotganini inobatga olsak, bu yosh futbolchi uchun jismoniy yuklama juda katta.
Shunga qaramay, Fayzullayev hozircha barcha talablarni muvaffaqiyat bilan uddalamoqda. Unga muvaffaqiyatli tempni saqlab qolishni, eng yaxshi yosh futbolchidan Osiyoning eng yaxshi futbolchisiga aylanishni tilab qolamiz. Unda maqsadlariga erishishi uchun barcha imkoniyatlari mavjud!
Eldor Shomurodov
Foto: Getty Images
Eldor Shomurodov hali ham O‘zbekiston terma jamoasining asosiy yulduzi
O‘zbekistonning yangi avlod yulduzlari juda kuchli, ammo ular hali o‘z kuchini to‘liq namoyon etgani yo‘q. Eldor Shomurodov esa allaqachon shakllangan usta futbolchi. Fayzullayev va Husanov kabi ko‘plab talantlarga ega bo‘lsa-da, Shomurodov hozirda O‘zbekiston terma jamoasining eng katta yulduzi bo‘lib qolmoqda.
Turli qiyinchiliklarga qaramay Shomurodov Italiyada o‘z o‘rnini egallash uchun kurashishda davom etmoqda. Italiyada muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyat ko‘p, ammo hamma ham u yerda moslashib keta olmaydi. Eldor “Roma”dan ijara asosida “Spetsia” va “Kalyari”ga o‘tgan. Shu yozda esa Rimda qoldi. “Roma” esa asosiy tarkibda o‘ynashi uchun Artem Dovbikni olib keldi. Shunga qaramay, Shomurodov o‘yin vaqtini qo‘lga kiritib, undan maksimal darajada foydalanmoqda. U Italiya chempionatida 79 daqiqa o‘ynadi va 1 gol va 1 golli uzatma o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
Italiya chempionatida qanday holat kuzatilishidan qat’iy nazar, O‘zbekiston terma jamoasidagi Shomurodovning o‘rni shubhasizdir. U terma jamoaning sardori va yetakchisi. Aynan u O‘zbekistonning Olimpiadadagi ilk golini urgan futbolchi. Afsuski, Eldor oxirgi Osiyo Kubogida jarohat sabab ishtirok eta olmadi. Agar u maydonga tushganida, ehtimol O‘zbekiston yanada uzoqqa borishi mumkin edi.
Shomurodov, albatta, talantli futbolchi, ammo uni daho sportchiga tenglashtirish qiyin. Biroq u Italiyada o‘rnini topib, o‘yin imkoniyatini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda va hech qachon o‘z o‘yinidan qoniqish hosil qilib to‘xtab qolmaydi. Eldor – kurashchi va mehnatkash futbolchi. Uning futbol o‘ynash mahorati bilan birga, terma jamoaga zarur bo‘lgan kurash ruhini paydo qila oladi. Bunday futbolchi yonida o‘ynash va hatto mashg‘ulot o‘tkazish juda yaxshi maktab vazifasini o‘taydi. Shomurodov yosh o‘zbekistonlik futbolchilar uchun yuksak namunadir.
Eldor Shomurodov allaqachon O‘zbekiston terma jamoasi tarixidan joy oldi. U milliy jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchi sanaladi. Ammo agar u jamoaga 2026-yilda JCh saralashida yordam berib, mundialda jamoani maydonga sardor sifatida olib chiqsa, uning ismi O‘zbekiston terma jamoasi tarixida yanada yorqinroq bo‘ladi.
Oston O‘runov
Foto: Getty Images
Oston O‘runov: faoliyatini qayta qurdi va universalligi bilan ajralib turadi
Mashhxur do‘kondan haridlar bilan tushilgan fotosurat, “Spartak”dan ketish va “Ural”da qisqa muddatli faoliyatdan so‘ng, Oston O‘runov karyeryasini ajoyib tarzda qayta yaratdi. Ko‘pchilik uni allaqachon chetga uloqtirgan edi, ammo 23 yoshli Oston yana maydonda nimalarga qodirligini ko‘rsatmoqda.
O‘runov — Eron chempioni. “Ural”dan keyin u O‘zbekistonning “Navbahor” klubida o‘zini topdi, keyin esa “Persepolis”ga o‘tdi. Bu Eronning ikki asosiy klubidan biri bo‘lib, Ostonga tezda asosiy o‘yinchiga aylanish imkoniyatini berdi. 23 ta o‘yinda u sakkizta gol urdi. Ma’lumot uchun, O‘runovning jamoadoshi bo‘lgan Jaloliddin Masharipov esa Eronning yana bir asosiy klubi “Istiqlol”da o‘ynaydi.
Oston O‘runov terma jamoada qanot hujumchisi sifatida yoki markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynaydi. U — ko‘p qirrali futbolchi. U nafaqat kiyim tanlashda, balki maydonda ham o‘zini ko‘rsatmoqda. Uning terma jamoadagi asosiy esda qoladigan o‘yinlaridan biri bu Qirg‘izistonga qarshi uchrashuv hisoblandi. Mundial saralashidan o‘rin olgan o‘sha uchrashuvda Shomurodovdan to‘pni qabul qilib olgan Oston ikki himoyachini aldab o‘tib darvozani ishg‘ol qilgan edi. Natija — 3:2, O‘zbekiston regional derbida g‘alaba qozonadi.
Oston o‘zining o‘yinini topgani yaxshi bo‘ldi. Juda ko‘p yosh va talantli futbolchilar noto‘g‘ri yo‘l tutib, o‘z imkoniyatlarini yo‘qotadi. Bir paytlar Ostonda ham shunday xavf tug‘ilgan edi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, u to‘g‘ri yo‘lni topdi.