Jamshid Hasanov: "Superligada to'xtalishlar bo'lishiga qaramasdan, shiddat so'ngani yo'q"

4 okt 2020, 21:08
Navoiyning "Qizilqum" jamoasi Superliga 18-turida o'z maydonida "Qo'qon-1912"ni 2:1 hisobida taslim qildi. Ushbu uchrashuvdan so'ng mezbon jamoa tarkibidagi tajribali futbolchi Jamshid Hasanov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"AGMK bilan o'yinda birinchi bo'limni yaxshi o'tkazgan edik. Faqat, ikkinchi bo'lim boshida bir kishi kam bo'lib qolganimiz rejalarimizni o'zgartirib yubordi. "Qo'qon-1912" bilan o'z maydonimizda, muxlislarimiz ko'z o'ngida o'ynaganimiz uchun ochiq o'yin ko'rsatdik, deb o'ylayman. O'z maydonimizda o'ynaganimiz qo'shimcha kuch berdi. 

Albatta, Superligada bu mavsum to'xtalishlar ko'p bo'lganiga qaramasdan, shiddat so'ngani yo'q. Chempionatimizda yildan-yilga o'sish kuzatilmoqda. Bu esa futbolimiz rivoji uchun ayni muddaodir. 

Ha, "Andijon"da penaltilarni o'zim amalga oshirar edim. "Qizilqum"da ham penaltini men tepishim kerakligini o'yindan oldin aytishdi. Lekin, hali raqib darvozasiga 11 metrlik nuqta beliglanganicha yo'q.

Tarkibimizda tajribali futbolchilar ko'p. Biz doim muxlislarni xursand qilish uchun harakat qilamiz. Muxlislar futbolning bir qismi hisoblanadi",- deydi Jamshid Hasanov. 

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi


Manba: championat.asia