Bahodir Jalolov amerikalik raqibini mag'lub etdi VIDEO

Narzulla Saydullayev
28 okt 2018, 07:40
Superog'ir vazn toifasidagi charm qo'lqop ustamiz Bahodir Jalolov AQSHda navbatdagi jangini o'tkazdi.

Ushbu jangda Bahodirga amerikalik Tayrel Rayt raqiblik qildi. Olti raundga mo'ljallangan jang Nyu-York shahridagi mashhur “Madison Square Garden” arenasida bo'lib o'tdi. Jalolov ringga O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman o'shal” qo'shig'i sadolari ostida chiqib keldi.

Jang muddatidan avval yakunlandi. Olti raundlik jangning to'rtinchi raundidan so'ng Raytning jamoasi bahsni davom ettirishdan bosh tortdi. To'rt raund davomida kuchli zarbalarni o'tkazib yuborgan mezbon bokschining murabbiylari bu bilan to'g'ri qarorga kelishdi. Jalolov uchinchi jangini ham texnik nokaut bilan yakunladi.

Ma'lumot uchun, professional boksdagi faoliyatini 2012 yilda boshlagan Rayt bugungisi bilan qo'shib hisoblaganda 14ta jangda ringga ko'tarilib, ularning 9 tasida g'alaba qozongan (6ta jangda nokaut evaziga raqiblaridan ustun kelgan). Bugun uchinchi mag'lubiyatini qabul qilib oldi. Yana 2 ta jangda durangga erishgan.


>>> VIDEONI KO'CHIRIB OLISH <<<


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: olamsport.com