Timur Kapadze: "Jahon chempionati uchun aniq reja? Barchasi hal bo'lguncha kutish kerak"
05 sen 23:24
Yangiliklar


Timur Kapadze: "Jahon chempionati uchun aniq reja? Barchasi hal bo'lguncha kutish kerak"
- Ilk navbatda tabrik uchun barchaga rahmat aytaman. G'alaba bilan hammani tabriklayman. Hudoga shukur, g'alaba qozondik. Oson o'yin bo'lmadi. Muhimi kerakli natijani qo'lga kiritdik. Yigitlarga ham rahmat aytaman. Chiroyli o'yin ko'rsatib berishdi.
Otabek Shukurov: - Terma jamoa darajasida oson o'yinning o'zi yo'q. Shu sababli oson g'alaba qo'lga kiritildi deb o'ylamayman. Yuzimiz yurug' bo'lib, g'alaba qozondik va tepaga chiqib oldik. Eronga qarshi final o'yiniga jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz.
- O'monga qarshi o'yinda jamoa 4-2-3-1 taktikasida o'ynadi. Turkmaniston va Qirg'iz Respublikasi bilan bahslarda esa eski taktika 3-4-3ga qaytildi. Buning sababi nimada?
- Sabab raqiblarda. Ayrim raqiblar 2-3 nafar hujumchi bilan o'ynaydi va bunday holatda biz faqatgina paslar orqali chiqishimiz kerak bo'ladi. Bazida ortda uch himoyachini qoldirish kerak bo'ladi. Biz shuni reja qilgandik. Raqiblar ham bizga aks qilib, shunday taktikada o'ynashdi. Albatta, tarkibda ham rotaciyalar ko'p bo'ldi. Shu sababli himoyada tartibliroq o'ynab, o'z imkoniyatimizni kutishga harakat qildik.
- Bugungi uchrashuvda raqibga hech qanday imkoniyat qoldirilmadi. Bugun Sizni quvontirgan jihatlarni aytib o'tsangiz.
- Bugun barcha futbolchi yaxshi harakat qildi. Shu sababli kimnidir maqtash noo'rin bo'ladi. Ha, bazida kimningdir o'yini chiqmaydi. Bunday paytda bu asosiysi emas. Muhimi g'alaba. Shukurki, 4:0 hisobida g'alaba qozondik. Bunday holatda istalgan futbolchini etirof etsa bo'ladi.
- Kechagi mashg'ulotda Abdulla Abdullaev ko'rinmadi va bugungi bahs qaydnomasiga ham kiritilmadi. U jarohat olgan ekan. Futbolchining holati qanaqa?
- Eski jarohat. Bir oy oldin orttirib olgan ekan. Yuklama ko'proq bo'lsa sezilar ekan. O'yindan keyin unda shunday bo'ldi. Shu sababli u tiklanish jarayonida. Bir-ikki haftada qaytadi va o'z jamoasida o'ynaydi. Turnirgacha kelgan ayrim futbolchilar jarohat bilan keldi, tiklanish jarayonida qatnashdi. Shunda ham rotaciyalar orqali uch o'yinni ham o'tkazib oldik va finalga chiqdik. Bu bahsga jiddiy tayyorlanamiz. Chunki bizni qiyin o'yin kutib turibdi.
- Eronning "CAFA Nations Cup"dagi o'yinlarini ko'rdingizmi? Bu terma bilan 4 marta durang o'ynadik, endi g'alaba qozonish payti keldi. Ular ham yuqori kayfiyatda bu erga keladi. Ushbu terma haqida fikrlaringiz.
- Eronni yaxshi taniymiz. Ko'p o'ynadik. Biroq ularning o'yinlarini kuzatmadik. Chunki o'z o'yinlarimiz bilan ovora bo'ldik. Kuzatmagan bo'lsak-da, Eron qanday o'ynashini bilamiz va shunga yarasha tayyorgarlik ko'ramiz. O'z uyimizdamiz, g'alaba qozonishga harakat qilamiz.
- Aziz G'aniev hamda Jamshid Iskanderov maydonga tushganidan keyin termaning hujumlari ko'paydi. Odatda termamiz markazda ikki yarim himoyachi bilan o'ynaydi. Futbolchi sifatida yoningizda yana bir hujumkor jamoadoshingiz bo'lsa, bu o'yinga qanchalik tasir o'tkazadi?
Otabek Shukurov: - Oldinlari ikki markaziy yarim himoyachi bo'lganda qiynalardik. Chunki to'pni raqibga berib, qarshi hujumni ko'p o'ylardik. Hozir Timur aka bilan 5 himoyachilik taktikada ham, uch markaziy himoyachili taktikada ham shu borada ishlayapmiz. Ikki-uch xil taktika bo'lgani barcha futbolchilar uchun qulay. Raqibga har xil holat bo'lgani ham yaxshiroq. Murabbiylar nima desa, biz shunga yarasha harakat qilamiz.
- Oktyabr oyida termamiz Malayziyada Urugvayga qarshi o'ynaydi. Bu o'yin Sizning talabingizmi yoki O'FAning dasturidagi o'yinmi?
- Bizda xalqaro bo'lim bor va ular o'yinlar izlashadi. Takliflar berishadi. Urugvay mavzusi anchadan beri bor edi. Argentina termasi mavzusi ham. Ular bilan Xitoyda o'ynashimiz kerak edi, keyin bu o'zgardi. Ular ish olib borishadi va bizga variantlar berishadi. Keyin birgalikda qaror chiqaramiz.
- Markaziy himoya chizig'i haqida so'ramoqchi edim. Bu poziciyaga bir qancha yaxshi futbolchilar ham chaqirilmayapti. Masalan, Hamraliev-Davronov-Aliqulov tandemini ham sinab ko'rsa bo'ladi. Umuman olganda O'zbekistonda yaxshi himoyachilar ko'paydimi yoki yaxshi avlod chiqib qoldimi?
- Bu quvonarli holat. Ravshan Haydarov termasida ham yaxshi himoyachilar bor. Shunday turnirlarda ularni ham sinab ko'rsa bo'ladi. Kelajakda bu foydali bo'ladi. Himoyachi etishmay qolganida bemalol maydonga tushirsak bo'ladi. Mana Husanov turnirda o'ynay olmayapti. Shunday paytda boshqa himoyachini o'ynatish kerak bo'ladi. Bunday himoyachilar ko'p bo'lsa, ularni tayyorlab borish kerak. Himoyachilarning darajasi yomon emas, lekin ular o'sishda davom etishi kerak.
- Eronga qarshi o'yinda ikki hujumchi bilan o'ynab ko'rarmiz. Bu ularga syurpriz bo'lishi ham mumkin.
- Endi aytib qo'ysam syurpriz ham bo'lmay qoladi (kuladi). Tayyogarlik ko'ramiz va qaraymiz. Bu borada fikrlarimiz bor. Barchasi yaxshi bo'lishi kerak.
- Jahon chempionatiga ko'p vaqt qolmadi. Bu turnir uchun aniq rejangiz bormi yoki barchasini murabbiy nomi aniq bo'lganidan keyin tayyorgarlik bo'ladimi?
- Hozirgi aniq rejam CAFA turniri uchun edi. Mening termadagi taqdirim bo'yicha javobim yo'q. Vaziyatni barcha ko'rib turibdi. Bu haqda gapirish juda qiyin. Albatta, barchasi aniq bo'lguncha kutish kerak. Lekin rejalar yo'q emas. Oktyabr, noyabr oylarida yig'inlarimiz bor. Keyinchalik nimalar bo'lishini vaqt ko'rsatadi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
жавоб