Superliga. "Pele"ning "Maradona" uslubidagi goli, debyutant hakam, karatecha zarba hamda internetdagi mashhurlik - 2-tur nimasi bilan yodda qoldi?
12 mar 10:13
Yangiliklar
Superliga. "Pele"ning "Maradona" uslubidagi goli, debyutant hakam, karatecha zarba hamda internetdagi mashhurlik - 2-tur nimasi bilan yodda qoldi?
"Metallurg" — "So'g'diyona" 0:0
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Hisobga olinmagan gol
O'yinning 44-daqiqasida "So'g'diyona" futbolchisi Oleg Zoteevning uzatmasidan so'ng Lyupcho Doriev darvozani ishg'ol qildi, ammo bosh hakam va VAR to'p mehmonlar hujumchisining qo'liga tekkanini bildirdi.
- Yoqimsiz jarohat
Bellashuv yakunida "Metallurg" futbolchisi Rizo Yazdando'st raqib o'yinchisi bilan to'qnashib ketib, jarohat oldi va uni zambilda maydondan olib chiqishdi.
- Qahramon Mitrovich
Ikkinchi bo'limga qo'shiq berilgan daqiqalarning ettinchisida mezbonlar tomonidan etkazib berilgan burchak to'pidan so'ng "Metallurg" himoyachisi Davron Ergashev bosh bilan xavfli xarba yo'lladi. "So'g'diyona" darvozaboni Milan Mitrovich yuqoriga sakragancha qiyinchilik bilan to'pni qaytardi.
- Qizishmang, janob murabbiy
Ilk turda jamoa muxlislariga noroziligini bildirgan "So'g'diyona" bosh murabbiyi bu safar etiroz markazini hakamga qaratdi, ammo o'yin rasmiysi mutaxassisni cho'ntagidagi kartochkasi bilan jilovladi.
Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi
SHohruh Abdurahmonov ("So'g'diyona")
Murabbiylar fikri
Vesko Steshevich ("Metallurg" bosh murabbiyi):
"Biz birinchi bo'limda yomon o'ynadik. Maydon markazida ko'p marta to'p yo'qotdik. O'yin unchalik o'xshamadi. Birinchi bo'limdagi jamoamizni tanimadim. Biz ko'prog'iga loyiqligimizni bilaman. Ikkinchi taymda biroz o'yinni o'zgartirdik va "So'g'diyona" bilan teng o'yin ko'rsatdik".
Ivan Boshkovich ("So'g'diyona" bosh murabbiyi):
"Qiziqarli o'yin bo'ldi. Ko'plab vaziyatlar guvohiga aylandik. Rejamiz ochko olish edi. Albatta, g'alaba uchun harakat qildik va ijobiy natija kutgandik. Raqib biz o'ylaganlarimizni amalga oshirishimizga yo'l qo'ymadi. Malum vaziyatlarimizdan unumli foydalana olmadik. Natija adolatli bo'ldi deyish mumkin. Muhimi, ikkinchi turda ham gol o'tkazib yubormadik. Himoyani kuchaytirgandik, bu chiziq vakillaridan roziman. Umid qilamanki, bundan keyin ham gol o'tkazmaymiz".
Qiziqarli faktlar
- "So'g'diyona" ketma-ket to'rtinchi o'yinda "Metallurg"ni mag'lub eta olmadi.
- "Metallurg" Superligada ketma-ket uchinchi o'yinda mag'lubiyatga uchramadi. Jamoa oxirgi marta o'tgan yilning noyabrida "Bunyodkor"ga yutqazgandi.
- O'tgan mavsum ham ikkala jamoa chempionatning dastlabki ikki turida g'alaba qozona olmagan.
- "Metallurg" Superligada oxirgi 5 ta o'yinda gol o'tkazib kelayotgandi, ushbu seriyaga barham berildi.
"Paxtakor" — "Nasaf" 0:0
- Markaziy uchrashuvga kutilganidan kam muxlis tashrif buyurdi
Nafaqat turning, balki yilning markaziy uchrashuvlaridan biri sifatida etirof etilgan "Paxtakor" — "Nasaf" to'qnashuviga atigi 3220 kishi tashrif buyurgan. Xabarlarga ko'ra, mazkur o'yinga bor yo'g'i 3700 dona chipta sotishga ruxsat berilgan va ularning bari sotilgan. 600 tasi esa fan klubga tekinga berilgan. Qolaversa, muhim bellashuv muhim kun (8 mart)ga belgilangandi.
- "Paxtakor"dan kutilganidan yuqori o'yin va uddaburon CHeran
- Uchrashuvdan ilgari tarkib jihatdan qashqadaryoliklar imkoniyati yuqoriroq baholangandi. Biroq bellashuv davomida mezbonlar to'p nazoratida ham, xavfli vaziyatlar yaratish borasida ham raqibidan ildamroq bo'lishdi. CHeran esa qirqinchi bahori yaqinlashayotganiga qaramasdan, hamon formada yaxshi darajada ekanligini namoyon etdi va vaziyatlar yuzaga keltirishda ustamonlik qildi, ammo o'yin so'ngida biroz chaqqonlik etishmadi.
- N(oyer)ematov
"Paxtakor"ni uch ochkosiz qoldirishda "Nasaf" darvozaboni Abduvohid Nematovning hissasi yuqori bo'ldi. Aynan uning ajoyib seyvlari evaziga raqib futbolchilari bir necha bor boshini changallashga majbur bo'ldi.
- "Pele"ning "Maradona" uslubida urgan goli
Uchrashuvning 66-daqiqasida "Nasaf"ning zaxiradan maydonga tushgan hujumchisi Bobir Abduxoliqov o'ng qanotda Jigaurining uzatmasini raqib darvozasiga joyladi. Dastlab barcha buni gol deb o'ylab, Abdixoliqovni golni nishonlamaganligiga hayron bo'ldi. Biroq takroriy vaziyat "Pele" laqabiga ega mehmonlar forvardining "Maradona" uslubi deya etirof etiladigan qo'l orqali gol urgani malum bo'ldi. Buni hujumchining o'zi hakamga aytgani tahsinga sazovor.
Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi
Abduvohid Nematov ("Nasaf")
Murabbiylar fikri
Maksim SHackix ("Paxtakor" bosh murabbiyi):
"Menga bugungi uchrashuv yoqdi. "Nasaf"ga qarshi kechadigan uchrashuvlar har doim qiziqarli kechadi. Ko'p vaziyatlar yaratdik, ammo raqib ham kuchli jamoa edi. Bugun sifatli o'yin namoyish etdik. Menimcha bugun raqibdan yaxshiroq o'ynadik va ustunroq edik. G'alaba qozonishimiz kerak edi, ammo g'alabalarimiz hali oldinda".
Ro'ziqul Berdiev ("Nasaf" bosh murabbiyi):
"Bugungi o'yinni epizodlarga bo'lib olsak bo'ladi. Umumiy qilib olganda, ikki jamoa ham yutqazishga xohlamadi. Hech kim tavakkal qilib, hujumga berilishni istamadi. Ikki jamoa ham vaziyatlar yaratdi, ammo muxlislar kutgan gol bo'lmadi. Teng kurashlarga boy o'yin deyishimiz ham mumkin, ammo bugun "Nasaf" o'yinidan ko'nglim to'lmadi. Bugun jamoam ruhiy tomondan qandaydir bosim bilan harakat qilgandek ko'rindi".
Qiziqarli faktlar
- "Paxtakor" Superliga doirasida 3 yildan buyon "Nasaf"ni mag'lub eta olmayapti. "SHerlar" oxirgi marotaba 2021 yil Piter Xyuistra davrida raqibidan ustun kelgan (1:0).
- Maksim SHackix "Paxtakor" murabbiyi sifatida hali "Nasaf"dan 3 ochko tortib olishni uddasidan chiqqani yo'q — 5 o'yin: 3 durang, 2 mag'lubiyat.
- "Nasaf"ning Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 9 o'yinga etdi. Qarshiliklar oxirgi marta o'tgan yilning sentyabrida o'z maydonida "Bunyodkor"ga yutqazib qo'ygandi.
- "Paxtakor" mezbon sifatida Superligada ketma-ket uchinchi o'yinda g'alaba qozona olmadi, toshkentliklar so'nggi bor o'tgan yilning oktyabrida o'z maydonida "Turon"ni mag'lub etgandi.
- "Nasaf" Superliga doirasida safardagi ketma-ket 6-o'yinda yutqazmadi. Ro'ziqul Berdiev shogirdlari oxirgi marta o'tgan yilning avgustida "Turon" maydonida imkoniyatni boy berib qo'ygandi.
"Olimpik" — "Lokomotiv" 0:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Debyutant hakam
Mazkur uchrashuvni Navro'z ayyomida 24 yoshni qarshilaydigan Sardor Ismatullaev boshqarib bordi. Yosh rasmiy vakil uchun bu bosh hakam sifatida Superligada debyut o'yin hisoblanadi.
- "Olimpik" tarixidagi eng yosh futbolchi
"Olimpik" safida asosiy tarkibda maydonga tushgan Behruz Jumatov mezbonlar tarixidan joy oldi. Himoyachi klub safida maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo'ldi.
- Simulyaciya
7-daqiqada "Olimpik" hujumchisi Alisher Odilov raqib posboni Suhrob Sultonov bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va uni aldab o'tishga harakat qilmoqchi bo'lib, yiqildi. Vaziyatni yaqin masofadan nazorat qilib turgan hakam esa penalti ishlashga bo'lgan urinish uchun mezbonlar o'yinchisini ogohlantirdi.
- To'p ham dumaloq, bosh ham..
25-daqiqada maydon markazidagi kurashda "Lokomotiv" yarim himoyachisi AbubakrRizo Turdaliev raqib o'yinchisi Farruh Muxtorovning boshini "to'p" deb tasavvur qilib yubordi. Biroq bosh hakam biroz avval ogohlantirilgan mehmonlar vakilini maydondan erta chetlatishni istamadi va og'zaki ogohlantirish berdi.
- Inobatga olinmagan gol
Oradan ikki daqiqa o'tar-o'tmas boshidan lat egan Muxtorov qasdini oldi va raqib darvozasini ishg'ol qildi, ammo u o'yindan tashqari holatda bo'lgani sababli gol inobatga olinmadi.
- Penalti
36-daqiqada "Olimpik" jarima maydonida Izzatilla Abdullaevga nisbatan qo'pollik ishlatildi. Hakam VAR bilan masalani hal qilib, mezbonlar darvozasi tomon penalti belgiladi. Damiyan Krayishnik esa uchrashuvdagi yagona golni urdi.
- Qizil kartochka
57-daqiqada penalti belgilanishiga sababchi bo'lib, ogohlantirilgan Asad Rahimjonov raqib futbolchisini to'xtatib qolgani uchun ikkinchi sariq kartochka bilan jazolanib, maydondan chetlatildi. Natijada mezbonlar bir kishi kam bo'lib qoldi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Izzatilla Abdullaev ("Lokomotiv")
Murabbiylar fikri
Timur Kapadze ("Olimpik" bosh murabbiyi):
"O'yin yaxshi o'tdi, har ikki jamoa ham o'z rejasi bilan tushgani ko'rindi. Birinchi uchrashuvdan keyin biz ham ularni o'rgangandik. O'z navbatida ular ham jamoamizni o'rgangan bo'lishi kerak. Ikkinchi bo'limda yaxshi harakat qildik, yaxshi imkoniyatlarimiz bo'ldi. Lekin, afsuski, VAR orqali penalti qo'yildi va gol urildi, penalti bormidi yoki yo'q? Bilmayman. Bu borada savollar bor. Bizning hujumimizda esa penalti berilmadi, darvozabon futbolchimizga nisbatan qo'pollik ishlatgandi. Bu vaziyat o'yinni buzdi deb o'ylayman. Bunday oson penaltilar qo'yilmaydi".
Aleksandr Stoymirovich ("Lokomotiv" katta murabbiyi):
"Joriy mavsumdagi birinchi g'alaba bilan tabriklayman. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, sekin astalik bilan o'z o'yinimizni topib bormoqdamiz. Futbolchilar ham o'yin uslubiga ko'nikib borishmoqda. Jamoa sardorisiz o'ynamoqdamiz va Tursunovsiz o'ynash oson emas. "Paxtakor"ga qarshi kechadigan keyingi uchrashuvda Sanjar qaytadi. "Olimpik" jamoasiga yuqori baho bergan bo'lardim".
Qiziqarli faktlar
- Ikkala jamoa hozirga qadar uch marotaba to'qnash kelgan ("Lokomotiv" 2 g'alaba, "Olimpik" 1 g'alaba). Qiziq tomoni, ikkala jamoa ham o'z maydonida g'alaba qozonmagan.
- "Lokomotiv" 2018 yildan beri Superligada eng yaxshi startini amalga oshirdi.
- "Olimpik" futbolchilari Superligadagi ketma-ket ikkinchi o'yinda maydondan chetlatilmoqda. "Nasaf"ga qarshi ilk turda Akbar Abdurasulov maydonni erta tark etgandi.
- "Lokomotiv" ga tegishli bo'lgan Timur Mamasidiqov ijara asosida "Olimpik" safida to'p tepmoqda va 2-turda "Lokomotiv"ga qarshi maydonga tushdi.
"Navbahor" — OKMK 1:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- CHiroyli golga chiroyli javob
Uchrashuvdagi ikkala gol ham chiroyli tarzda urildi. Dastlab "Navbahor" hujumchisi Toma Tabatadze 11-daqiqada raqib jarima maydoni ichida kuchli zarba bilan hisobni ochgan bo'lsa, oradan 8 daqiqa o'tgach, Sardor Rahmonov qanotdan oshirilgan to'pni bosh bilan raqib darvozasi burchagiga joylab qo'ydi.
- Ilyosovning marohati
O'yin davomida OKMK darvozaboni Javohir Ilyosov o'z seyvlari va raqibning uzoqdan yo'llagan zarbalarini to'sib qolgani bilan jamoasiga qimmatli ochko taqdim etishda hissa qo'shdi.
- Inobatga olinmagan gol
63-daqiqada mezbonlarning burchak zarbasini raqib futbolchilari qaytardi. Jarima maydonidan qaytgan to'pni "Navbahor" yarim himoyachisi Odil Hamrobekov to'xtatmasdan darvoza tomon aniq yo'lladi. Biroq VAR ishga tushdi hamda takroran ko'rgan Ilgiz Tantashev to'p uchun kurashda Jokich raqib darvozaboniga nisbatan fol ishlatgan deb hisobladi va gol inobatga olinmadi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Sardor Rahmonov (OKMK)
Murabbiylar fikri
Samvel Babayan ("Navbahor" bosh murabbiyi):
"Uyda dastlabki 20-25 daqiqani fantastik darajada o'tkazdik, bu vaqtda 3-4ta gol urishimiz kerak edi. So'ngra g'alati gol o'tkazib yubordik, darvozamiz tomonga berilgan yagona aniq zarba darvoza to'ridan joy oldi. Umuman futbolda bunday adolatsiz narsalar ro'y berib turadi. Albatta, bugun ikki ochko yo'qotdik, yigitlar g'alaba qozonish uchun barcha ishni qilishdi, ammo to'p darvozaga kirishni istamadi. Futbolda shunday sehr mavjud, bugun bu narsa raqib tomonida bo'ldi. Ular bunga loyiq bo'lishdi deya olmayman. Ammo, taqdir ekan, "Navbahor" shunday g'alati va adolatsiz tarzda ikki ochko yo'qotdi. Ikkinchi taymda gol urish uchun katta xohishimiz bor edi va buni amalga ham oshirdik, ammo golni bekor qilishdi. Vaziyatni hali ko'rib chiqmadim. Raqib darvozasi oldida ko'plab vaziyatlar sodir etdik. Jamoaga ikkinchi bo'limda faqatgina gol etishmadi. Uzoq vaqt muhokama qilishimiz mumkin, ammo biz 2024 yilgi mavsum chempionat va Kubokni yutishga loyiq bo'lgan "Navbahor"ni ko'rdik. Qaerdardir omad kelmadi, bu biz uchun yanada kuchayishga va faqatgina 20-25 daqiqa emas, balki 90+ vaqt davomida yaxshi o'ynashga belgidir. Yigitlarga rahmat, ular harakat qilishdi. Albatta, muxlislar bugungi o'yindan katta umid qilishgandi, ammo biz buni biroz oqlamadik".
Mirjalol Qosimov (OKMK bosh murabbiyi):
"Doimgidek jangovar va qiziqarli bahs bo'ldi. Balki hayajondandir, ammo dastlabki o'n daqiqada o'zimizga kelishimiz uchun vaqt talab qilindi, ammo o'yinning qolgan qismi kurashlarga juda ham boy o'tdi. Haqli tarzda durang bo'ldi. "Navbahor" yaxshi tarkibga ega kuchli jamoa. Ularning muxlislari O'zbekistonda birinchi o'rinda turishadi. SHunga qaramay, ushbu natija sabab yigitlardan qoniqish hosil qildim. Sababi joriy yilda yoshlarga etiborimizni qaratganmiz va bunga vaqt kerak".
Qiziqarli faktlar
- "Navbahor" OKMKga qarshi o'z maydonidagi oxirgi 6 o'yinning atigi bittasida qozondi.
- Sardor Rahmonov Superligadagi oxirgi golini 2022 yilning mayida "Qizilqum" darvozasiga urgandi.
- OKMKning Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 9 o'yinga etdi. Olmaliqliklar oxirgi marta o'tgan yilning sentyabrida "Metallurg"ga yutqazgandi.
- "Navbahor" Superligada ketma-ket uchinchi mavsum dastlabki ikki turda yutqazmayapti.
- "Navbahor" Superligada o'z maydonidagi so'nggi 4 o'yinda yutqazmadi.
"Andijon" — "Bunyodkor" 5:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Aytishga noqulay hisob
"Bunyodkor" klub evropalik murabbiylar qo'l ostida yuqoriga intilish o'rniga pastga qarab sho'ng'imoqda. Ilk turda "Qizilqum"ga mag'lub bo'lgan poytaxtliklar bu safar vodiyga safar qilib, yana bir sharmandali mag'lubiyatni qabul qilib oldi.
- Karatechi Ismonaliev, o'xshamagan isbot hamda internetdagi mashhurlik
Uchrashuvning 32-daqiqasida "Bunyodkor" standart vaziyatdan hisobni tenglashtirdi. Hakam esa golni qoidalarga muvofiqligini aniqlash maqsadida VARga quloq tutdi. SHu lahzada hakam qarshisida "Bunyodkor" futbolchisi Usmonali Ismonaliev (keyinchalik o'zi aytganidek) hazil tariqasida "Andijon" yarim himoyachisi Muhammadkarim Toirovga karate uslubida zarba yo'lladi.
Buni ko'rib qolgan bosh hakam Aziz Asimov sportga xos bo'lmagan xatti-harakati uchun mehmonlar yarim himoyachisiga qizil kartochka ko'rsatdi. Mezbonlar o'yinchisi Farhod Bekmurodov esa jabrlanuvchining holatini bo'rttiribroq ko'rsatishga urinib, sherigini turtib yiqitdi va kamida "o'rningdan turmasdan yot" ishorasini bildirdi.
Mazkur video internet tarmoqlarida tarqaldi. Jumladan, Tvitterdagi TrollFutbol akkauntida hozirgacha salkam 10.5 mln marta, Out Of Context Football akkauntida esa 1,4 mln marta ko'rilgan. Qolaversa, MDH mamlakatlaridagi sport saytlarga ham ushbu video joylandi.
PFL mazkur holat yuzasidan Farhod Bekmurodovni jazolash masalasida O'FA qo'mitasiga murojaat qildi.
Keyinchalik Usmonali Ismonaliev va Farhod Bekmurodov vaziyatga o'z munosabatlarini bildirdi.
- "Andijon" fan-klubi
Andijonliklar muxlislikni fan darajasiga olib chiqishmoqda. "Bunyodkor"ga qarshi bahsda ham ular12-futbolchi vazifasini qoyilmaqom bajardi. (VIDEO)
- Boshnyakdino
O'yinning 81-daqiqasida raqib futbolchisining qo'pol xatosidan so'ng mezbonlar tezkor hujumga o'tishdi. CHap qanotda to'pni qabul qilib olgan Armin Boshnyak 17 yashar raqibini ustamonlik bilan aldab o'tdi, biroq yakuniy zarbasini "Bunyodkor" darvozaboni qaytardi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Bektemir Abdumannonov ("Andijon")
Murabbiylar fikri
Aleksandr Xomyakov ("Andijon" bosh murabbiyi):
"Bugungi uchrashuvga jamoa muxlislari ham juda katta tayyorgarlikni amalga oshirgan, buni barchangiz ko'rdingiz. Bugungi g'alabada muxlislarimizning ham alohida hissasi bor. Yigitlarga o'yin borasida etirozim yo'q, bunaqangi g'alabadan keyin etiroz ham bo'lmaydi. Futbolchilar barcha ko'rsatmalarni to'g'ri va aniq bajarishdi, standart vaziyatlarda ham yaxshi ishladik".
Ivan Bubalo ("Bunyodkor" bosh murabbiyi):
"1:5 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin nima ham derdim. Juda yomon o'yin ko'rsatdik. Agar 10 kishi bo'lib qolmaganimizda bunchalik yomon natija bo'lmasdi. O'z xatomiz tufayli tezkor gol o'tkazib yubordik, ammo keyin bizda Yovichning vaziyati bo'ldi. Undan keyin gol ham urdik. Qizil kartochka berilgan vaziyatni ko'ra olmadim. CHetlatishdan keyin o'yin o'zgarib ketdi. Bir daqiqadan keyin standart vaziyatdan gol o'tkazib yubordik. "Qizilqum"ga yutqazganimizda men aybdor edim. Bugun esa faqat men emas, futbolchilar ham aybdor. Standart vaziyatlarda kurashmasa futbolchilar ham mag'lubiyatni o'ziga olishi kerak. Bugun faqat 17 yoshli Aziz To'lqinbekov va Amir To'raqulov xarakter ko'rsata olishgani menga yoqdi, xolos".
Qiziqarli faktlar
- "Andijon" o'z tarixida ilk marotaba "Bunyodkor"ni mag'lubiyatga uchratdi.
- "Bunyodkor" 2019 yildan beri ilk bor dastlabki ikki o'yinda mag'lubiyatga uchradi. O'sha yili "qaldirg'ochlar" mavsumni kuchli uchlikda yakunlagandi.
- "Andijon" esa 2008 yildan buyon ilk bor dastlabki ikki turda 4 ochko jamg'ardi. O'shanda "burgutlar" chempionatni 5-o'rinda yakunlagandi.
- Usmonali Ismonaliev o'tgan mavsum 3-turda "Andijon" maydonida raqib darvozasini ishg'ol qilib, jamoasining yirik hisobdagi g'alabasiga hissa qo'shgandi. 2021 yil esa "Andijon" safida 3-turda "Bunyodkor" darvozasiga to'p kiritgan.
- Vladimir Bubanya Superligadagi bundan oldingi so'nggi golini (4 yilu, 8 oy va 16 kun oldin) "Surxon" safida aynan "Bunyodkor" darvozasiga urgan.
- Armin Boshnyak o'tgan mavsumning ikkinchi davrasida ham "Bunyodkor" darvozasiga chiroyli gol urgandi.
"Dinamo" — "Neftchi" 0:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Erta jarohat
"Dinamo" yarim himoyachisi Fransis Narx uchrashuv boshidayoq jarohatga yo'liqdi va 13-daqiqa maydonni tark etishga majbur bo'ldi. Uning o'rniga Artyom Sokal o'yinni davom ettirdi.
- Afrikalik legionerdan yana samarali harakat
Birinchi turda dublga erishgan "Neftchi"ning nigeriyalik hujumchisi Nsungusi Effiong bu safar Abbos G'ulomovning goliga pas berdi va jamoasining minimal hisobda g'alaba qozonishiga hissa qo'shdi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Abbos G'ulomov ("Neftchi").
Murabbiylar fikri
Vadim Abramov ("Dinamo" bosh murabbiyi):
"Bugun durang bo'lishi kerak edi. Biz ham g'alabaga haqli emasdik, bitta pozicion xato tufayli gol o'tkazib yubordik. Birinchi taym boshida Francis Narxning kutilmagan jarohati o'yinimizga tasir qildi. Afsuski mag'lub bo'ldik, raqibga ham tan berish kerak, bitta vaziyatdan foydalanib ketdi".
Vitaliy Levchenko ("Neftchi" bosh murabbiyi):
"Bugun o'yin qiyin bo'lishini kutgandik. "Dinamo" 1-turda "Navbahor"ga yutqazgandi, raqib agressiv o'ynaydi deb o'ylagandik. Bizning vazifamiz emas bu bosimga dosh berish va qarshi hujumda gol urish edi. Bunga erishdik ham. Hozir biz uchun o'yin sifati emas natija muhim".
Qiziqarli faktlar
- "Neftchi" Superliga doirasida so'nggi uch o'yindan beri "Dinamo"ga yutqazmayapti, samarqandliklar oxirgi marta 2017 yil zafar quchgan.
- "Neftchi" Superliga doirasida "Dinamo" maydonida so'nggi 6 o'yinning 5 tasida mag'lubiyatga uchramadi.
- "Neftchi" ketma-ket ikkinchi mavsumning dastlabki ikki turni g'alaba bilan boshladi.
"Qizilqum" — "Surxon" 2:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- To'purarsiz mehmonlar
Mazkur uchrashuvda "Surxon" to'purari Silvanus Nimeli qaydnomaga ham kiritilmadi. Bosh murabbiy uning jarohati borligini malum qildi.
- "Assistent" darvozabon
O'yinning 23-daqiqasida "Surxon" himoyachisining noqulay uzatmasini jamoa darvozaboni qaytarib yuborishda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi va raqib futbolchisiga pas berdi. Buning natijasida "Qizilqum" hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi.
- Penaltilar
Bellashuv davomida ikkala jamoa bittadan 11 metrli jarima zarbasi amalga oshirdi. 42-daqiqada "Surxon" jarima maydonida Bobur Asqarovning qo'liga to'p tegishi natijasida navoiyliklar foydasiga penalti belgilangan bo'lsa, 68-daqiqada Asadbek Karimovni raqib futbolchisi to'xtatib qolishin natijasida hakam jarima maydoni ichidagi nuqtaga ishora qildi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Akaki SHulaya ("Qizilqum").
Murabbiylar fikri
Jamshid Saidov ("QIzilqum" bosh murabbiyi):
"G'alaba qozonganimizdan xursandman. Ketma-ket ikkinchi o'yin ikkinchi taymda yaxshi harakat qila olmayapmiz, ammo shunga qaramay 3 ochko uchun yigitlarga rahmat aytmoqchiman" Muxlislik uchun kelgan ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman".
Fevzi Davletov ("Surxon" bosh murabbiyi):
"Ikki xil taymlar guvohiga aylandik. Yigitlarga ishonch etishmadi. Ikkinchi bo'limda "Qizilqum" qarshi hujumga tayanib o'ynadi. Bu vaziyatdan chiqish kerak".
Qiziqarli faktlar
- "Qizilqum" ketma-ket uchinchi o'yinda "Surxon"ga yutqazmadi, mezbon sifatida esa to'rtinchi marta;
- O'tgan yilgi yarim mavsumda raqib darvozasiga yo'l topa olmagan Giorgi Kuhianidze dastlabki ikki turda ikkita gol urib, bitta assist qayd etdi.
- Akaki SHulaya o'tgan mavsum ham "Surxon" darvozasini ishg'ol qilib, jamoasining 2:1 hisobida g'alaba qozonishiga hissa qo'shgan.
- "Qizilqum" oxirgi marta 2022 yilgi mavsumnining dastlabki ikki turini g'alaba bilan boshlagan va ketma-ket beshta o'yinda yutqazmagan.
- "Surxon" oxirgi marta 2002 yilgi mavsum chempionatni ikki mag'lubiyat bilan boshlagan. Termizliklar o'shanda ketma-ket olti o'yinda g'alaba qozona olmagan.
Superliga. Dastlabki tur qanday o'tdi? Statistika va yodda qolarli vaziyatlar
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar