Shahboz Jo'rabekov: "Kubokni yutish bugundan "Buxoro"ning bosh maqsadiga aylandi, finalda ko'rishguncha"
26 sen 10:50
Yangiliklar


Shahboz Jo'rabekov: "Kubokni yutish bugundan "Buxoro"ning bosh maqsadiga aylandi, finalda ko'rishguncha"
Gap "Buxoro" haqida ketmoqda. Jamoa bu bosqichga qadar "Bunyodkor", "So'g'diyona" kabi jamoalar sinovidan o'tib keldi. Yarim final esa o'zgacha hissiyotlarni ulashgani shubhasiz. Xo'sh, bu borada "Buxoro" himoyachisi Shahboz Jo'rabekov nimalar dedi?
- "So'g'diyona" bilan o'yin qaysi tomonlama qiyin o'tdi, tarixiy natijadan keyingi hissiyotlar qanday?
- Tarixiy g'alaba va final bilan barcha Buxoro ahlini, bizga ishonganlarni tabriklayman. "So'g'diyona" safida yaxshi ijrochilar bor edi. Ular asosan qisqa paslar bilan Doriev orqali o'ynashini bilar edik. O'yinga qattiq tayyorgarlik ko'rdik. Murabbiylarimizning ko'rsatmalarini maydonda bajarishga harakat qildik. Ochig'i to'p nazoratida qiynalganimizni takidlagan bo'lardim. Qolgan jabhalarda oldinda bo'ldik. Hissiyotlarning chegarasi yo'q. Faoliyatimda bunday holatga endi duch keldim. Umid qilamanki, bu hali boshlanishi.
- Aleksandr Xomyakov kelganiga ko'p bo'lmadi, tabiiyki o'yinni birdaniga o'zgartirib yubora olmasdi. Asosiy o'zgarish nimada kuzatildi?
- Bilasizmi, Xomyakov chizmalar chizib yoki mana bunday o'ynaysizlar degani yo'q. Tasirli gaplar bilan yigitlarni uyg'ota oldi. Kerakli gaplarni ayta oldi. Buni tushungan futbolchilar yakunda borini berishdi. Futbol jamoaviy o'yin ekanligini yana bir bor isbotladik deya olaman. Biz bu bosqichga qadar 2 bor murabbiy almashtirdik. Bunda Ulug'bek Bakaev va Viktor Karpenkoning hissasi ham katta bo'lganini unutmasligimiz kerak.
- Qo'shimcha bo'limlarda ekstra-taymlar nihoyasiga etay deb qolgandi. Jamoa penaltilar seriyasiga tayyormidi?
- Ha, biz mashg'ulotlardan so'ng penaltilar seriyasiga tayyorlandik. Lekin o'yin lotoreyagacha etib borgani yo'q.
- Finalda sensaciya ro'y berishi mumkinmi?
- 29 oktyabr kuni yana bir tarix yozish uchun bugundanoq harakatni boshlaymiz. Kechagi kun faqat qog'ozlarda esdalik bo'lib qoldi, xolos. Finalgacha kimlarni yutganimizning o'zi bizga tarif berib turibdi. To'g'ri, "Paxtakor" kuchli raqib. Ularni hurmat qilamiz. Lekin maydonda jang qilamiz, chunki final 1 ta o'yindan iborat. Ortga yo'l qolmaganini hamma biladi. Kubok endi orzu emas maqsadga aylandi. Finalda ko'rishguncha!
O’xshash yangiliklar

Fikrlar