So’nggi yangiliklar

16:14Ўзбекистон U-17 устози Исмоиловга водий жамоалари қизиқмоқда  0 15:53Мбаппе ва Винисиус ўртасидаги зиддият кучайиб бормоқда  2 15:32Ўзбекистон терма жамоасига бош ошпаз ва нутрициолог жалб этилди  1 15:16Нукус шаҳридаги "Турон" стадиони 2026 йилги мавсумга тайёр бўлади  2 15:00"Қизилқум" Дилшод Комиловга ўринбосарлар жамоаси машғулотларида қатнашишга рухсат берди  2 14:41Эшитдик-да! Қарши давлат университети Про лигада ўйнаши мумкин  4 14:28"Олимпик-MobiUz"ни ушлаб қолишдан фойда борми? Эртага "Олимпик" тақдири такрорланмайдими?  3 14:25"Реал" очко йўқотди, "Арсенал" ва "Бавария" сенсацион тарзда тўхтатилди, Италияда янги етакчи — Еврофутбол дайжести   0 14:00Расман: "Олимпик" Фарғонага боролмайди  2 13:41Ўзбекистон МТЖ Дубайга етиб борди  9 13:04Ўзбекистонлик ҳакамлар Франция ўйинида ишлайди  0 12:43Фабио Каннаваро штабида янгилик  12 12:23Эшитдик-да! "Олимпик" Пролига сўнгги тур ўйинига бормайди  9 12:11Ўзбекистон ампутантлар терма жамоаси Малайзияга 11 та гол урди  4 11:45Аморим январда "Манчестер Юнайтед"ни кучайтиришга чақирди  3

"Real" ochko yo'qotdi, "Arsenal" va "Bavariya" sensacion tarzda to'xtatildi, Italiyada yangi etakchi - Evrofutbol dayjesti Yangiliklar

"Real" ochko yo'qotdi, "Arsenal" va "Bavariya" sensacion tarzda to'xtatildi, Italiyada yangi etakchi - Evrofutbol dayjesti

Omonjon To'xtamirzaev evrofutbolda ortda qolgan hafta qanday o'tganligi haqida batafsil malumot beradi.

Gvardiola "Liverpul"ga imkon qoldirmadi, "Real", "Bavariya", "Napoli" va "Milan" g'alaba qozona olishmadi. Ananaga muvofiq yangi haftani evrofutbol dayjesti bilan boshlasak. APLda ingliz "klasiko"si bo'lib o'tdi, Italiya toplari, "Inter"dan tashqari, yana ochko yo'qotdi. 


Angliya: "Arsenal" birinchi bor 2 ta gol o'tkazib yubordi, Gvardiola Slotga imkon qoldirmadi

"Everton" o'z maydonida "Fulxem"ni mag'lubiyatga uchratdi (2:0). "Vest Xem" va "Byornli" o'rtasidagi autsayderlar kurashida londonliklarning qo'li baland keldi (3:2). "Nottingem Forest" "Lids"ni taslim etdi (3:1) va elitada jon saqlash uchun imkoniyatlarini yaxshilab oldi. "Nyukasl" yana safarda imkoniyatni boy berdi — "Brentford" mehmonlarni ranjitdi (1:3). "Kristal Pelas" esa "Brayton" bilan murosa ko'chasini tanladi (0:0).

MYU g'alaba qozongan taqdirda APLda top-2ga aylanib olardi — aslini olganda barchasi shunga qarab ketayotgandi, har ikki jamoa so'nggi daqiqalarga ancha sokin futbol namoyish etayotgandi: "Yunayted" g'alabali hisobni saqlab qolish uchun harakat qilsa, "Tottenxem"ning esa vaziyatni o'zgartirib yuborish uchun kuchi etmayotgandek edi. Ammo keyin nimalar bo'lib ketganini ko'rganlar ko'rdi. Etti daqiqada  londonliklar hisobda oldinga chiqib oldi — Risharlison gol urgach, g'alaba quvonchidan yig'lab yuboray dedi, lekin Matteys de Ligt tajribaliroq jamoadoshi Garri Maguayrning konspektlaridan foydalangan chog'i, Ruben Amorim jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.

"Sanderlend" bu mavsum ajabtovur o'yin namoyish etmoqda. APL debyutantlariga xos bo'lmagan tarzda ishonchli o'yin ko'rsatayotgani etmagandek, Arteta jamoasining afsonalarga sabab bo'lishi kutilayotgan "quruq seriyasi"ga nuqta qo'ydi. "Arsenal" bungacha 812 daqiqa gol o'tkazmayotgandi, bu safar esa Rayya darvozasidan bir yo'la ikkita to'p olib chiqdi. Alam qiladigan yana bir jihat "kanonir"lar darvozasiga yo'lni jamoa tarbiyalanuvchisi — Deniel Ballard ochib berdi. Yana bir qiziq fakt: "Sanderlend" 90-daqiqadan keyin 5-golini urishga erishdi — bu borada aynan ular Premer-ligada etakchi.

"Chelsi" "Karabax" bilan bahsdagi durang uchun "Vulverxempton"ni yirik hisobda mag'lubiyatga uchratib, muxlislari oldidagi aybini yuvdi. Boshqa tomondan APLdagi Portugaliya filialini bu mavsum kim istasa yutmoqda. O'yin taqdirini esa kutilmagan personajlar hal qildi, birinchidan, Malo Gyusto professional faoliyatidagi ilk golini urdi. Ikkinchidan, tanqidlar yomg'iri ostida qolayotgan Alexandro Garnacho golli uzatmalar bo'yicha dubl rasmiylashtirdi. Londonliklar uchun chindan sifatli o'yin bo'ldi.


Ispaniya: "Real" ochko yo'qotdi, Levandovskidan xet-trik

"Real Sosedad" "Elche" bilan bahsda so'nggi daqiqalarda mag'lubiyatdan qutilib qoldi (1:1). "Jirona" Viktor Cigankovning "Alaves" darvozasiga urgan goli evaziga g'alaba qozondi (1:0) va xavfli zonadan chiqdi. "Sevilya" qatorasiga uch mag'lubiyatdan keyin g'alaba qozondi — "Osasuna" taslim etildi (1:0). "Atletik" qiyinchilik bilan bo'lsada, "Ovedo"ni (1:0) mag'lub etdi.

Antuan Grizmann yana maydonda farq qilib berdi. Franciyalik zaxiradan maydonga tushib, 28 soniyada "Levante" darvozasini ishg'ol etdi. Bundan tashqari Antuan bir murabbiy qo'l ostida gol urish bo'yicha Lionel Messining La Ligadagi rekordini yangilashga muvaffaq bo'ldi. Leo hisobida Xosep Gvardiola qo'l ostida 137 ta gol bor edi, Grizmannda — Diego Simeone bilan 138 ta bo'lib ulgurdi.

"Vilyarreal"ning ishlari undan ham yaxshi. Marselino Toral jamoasi safarda "Espanol"ni engdi. Moreno va Moleyro tomonidan urilgan gollar jamoaga g'alaba keltirdi. Jerar Moreno uzoq burchakni aniq nishonga olgan bo'lsa, yosh yulduz Alberto Moleyro kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo'lib, yaqin masofadan bo'sh qolgan darvozaga yo'llab qo'ydi. Mezbonlar 14 marta darvoza tomon zarba yo'lladi va mag'lubiyatdan qutilib qolishi ham mumkin edi, biroq omad shu kecha raqib tomonda edi.

Ashaddiy xeyterlar "Rayo"ni "Real"ning "qotili" deyishlari mumkin va bunga asoslar etarli. "Madrid" uch yildan buyon bu raqibni safarda mag'lub eta olmayapti, kuni-kecha qayd etilgan durang (0:0) qatorasiga to'rtinchisi bo'lid. Avvalgi o'yinlarda madridliklar hech bo'lmasa gol urardi, bu safar u ham bo'lmadi. Xabi Alonso optimistik ruhni saqlab qolmoqda: mavsum hali uzoq davom etadi va vahima qilish shart emas. ECHLda mag'lub bo'lgan "Real" yana yuta olmagani ogohlik qo'ng'irog'i bo'lishi ham mumkin.

Insayderlar Robert Levandovskini ancha avvaldan nafaqaga kuzatib qo'yishayotgandi, lekin polshalik shoshilmagan maqul ekanligini "Selta" bilan o'yinda ko'rsatib qo'ydi. Uning xet-trigi "Real" qoqilgan turda jamoaga muhim 3 ochkoni taqdim etdi. Vigo jamoasi so'nggi vaqtlarda ishonchli o'yin ko'rsatayotgandi va kataloniyaliklarga qarshi to'qnashuvdan avval qatorasiga 5 ta g'alaba qozongandi. Ammo asosiy raqib durang o'ynaganidan ruhlangan "Barselona"ga qarshi "Selta"ning kuchi etmadi.


Italiya: "Inter" — A Seriyaning yangi etakchisi, "Yuventus" — yana g'alaba qozona olmadi

"Komo" bu safar ham 0:0ga imzo chekdi — "Kalyari" bilan. G'alabalar bo'lganida jamoa hozirga kelib, TOP-4ga mustahkam joylashib olgan bo'larmidi! "Roma" uyida "Udineze"ni mag'lubiyatga uchratdi (2:0) — rimliklar safida Lorenco Pellegrini va Zeki Chelik golga mualliflik qilishdi. Natijada, endi "bo'rilar" A Seriya etakchiligini milanliklar bilan bo'lishmoqda. 

"Yuventus" avvalgi 11 o'yinda 2 tagina g'alabali biroz achinarli statistika bilan derbiga etib kelgandi. "Turin derbi"si ishlarni o'nglash uchun boshlang'ich nuqta bo'lishi mumkin edi — axir "Yuve" bu to'qnashuvda 2015 yildan buyon mag'lubiyat nimalagini bilmaydi. Biroq Spalletti jamoasi bu safar ham raqibni taslim eta olmadi: darvoza tomon berilgan 22 ta zarba tablodagi 0ni o'zgartira olmadi.

Massimiliano Allegri yana sarguzashtlar og'ushida. "Parma"ga qarshi bahsning 25-daqiqasiga kelib, "Milan" 2:0 hisobida oldinda edi, lekin g'alabani qo'ldan chiqardi. "Rossoneri" kiyinish xonasida tanaffus vaqtidayoq navbatdagi uch ochko bayramini uyushtirib bo'lganini sezish uchun mutaxassis bo'lish shart emasdi. Lekin maydondagi vaziyat o'zgarib, yana gol urish kerak bo'lganida vaziyatlar ko'kka sovurildi. Autsayderga qarshi bunday o'yinlar bilan chempionlik qo'lga kiritilmasligi hech kimga sir emas.

Antonio Konte Chempionlar Ligasida mag'lub bo'lish bilan kifoyalanmasdan, Skudettoni ham boy berishga kirishgan chog'i. "Napoli" "Bolonya"ga nafaqat hisobda imkoniyatni boy berdi, balki barcha jabhada raqibdan yomonroq o'yin namoyish etdi va uchinchi o'ringa tushib ketdi. Raqib esa aksincha Tyago Mottasiz ham "yo'qolib" qolishmadi: ECHL zonasiga maksimal ravishda yaqin joylashgan "Bolonya" etakchidan 3 ochkogagina ortda qolmoqda.

Raqobatchilari xatolaridan unumli foydalanib qolgan "Inter" A Seriya etakchisiga aylanib oldi. Kristian Kivu shogirdlari "Lacio" bilan ishonchli o'yin o'tkazishdi va 2022 yil avgustidan buyon davom etib kelayotgan rimliklarga qarshi mag'lubiyatsiz seriyani davom ettira olishdi. Uchinchi daqiqada Lautaro Martinesning goli evaziga oldinga chiqib olgan "neradzurri", 62-daqiqada Anj-Yoan Bonnining goli tufayli asabiy yakundan ham qutilib qoldi. 22 yoshli franciyalik forvard hisobida 11 o'yinda 4+3 ekanligini takidlash lozim.


Germaniya: "Bavariya" joriy mavsum ilk bor qoqildi, Dortmund g'alabani qo'ldan chiqardi

"RB Leypcig" kutilmaganda "Xoffenxaym"ga imkoniyatni boy berdi (1:3). Bu uchrashuvda "buqalarga" hisobni aynan ular ochgani ham yordam bermadi, "Bayer" "Xaydenxaym"ni er bilan bitta qildi (6:0), gollardan 5 tasi tanaffusgacha urilgani etiborga loyiq. Vanihoyat uyg'ongan "Borussiya Myonxengladbax" "Kyoln"ni taslim etdi xavfli zonani tark etdi.

Vensan Kompanini qachon istefoga chiqarkin, qiziq... Myunxenliklar "Union" bilan durang o'ynadi va 16 o'yindan buyon davom etayotgan g'alabali seriyasiga nuqta qo'ydi. Mayli, xazil-xazil bilan-ku, lekin "Bavariya" amalda o'ziga-o'zi qildi. Xarri Keyn kutilmaganda to'pni Danilo Dukiga "oshirdi" va u ikkinchi bor myunxenliklar darvozasini ishg'ol etdi. Qo'shib berilgan daqiqalarda angliyalik xatosini qisman "yuvdi" va goli bilan jamoani mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. "Bavariya"ning yana bir goliga Luis Dias mualliflik qildi — kolumbiiyalik juda o'tkir burchakda bo'lishiga qaramay, raqib darvozasini ishg'ol eta olgani tarifga loyiq.

Yana bir kutilmagan holat Bundesliga etakchilaridan biri "Borussiya" o'yinida yuz berdi. Dortmund vaziyatlardan foydalanib borasida hamon oqsamoqda, Karni Chukvuemeka 64-daqiqadagina Daniel Xoyer darvozasini ishg'ol etishga muvaffaq bo'ldi. Hisobda oldinga chiqib olgan "arilar" xotirjamlikka berilishdi. Yo'qotadigan narsasi qolmagan mezbonlar bor kuchini hujumga tashladi va 90+7-daqiqada Miro Muxaymning uzatmasiga forvard Ransford-Yeboa Kyonigsdyorffer labbay deb javob berdi.


Franciya: "Monako" o'z uyida yirik hisobda mag'lub bo'ldi, Shevalening xatosi 

"Marsel" o'z maydonida "Brest"ni osonlik bilan mag'lub etdi (3:0) — Meyson Grinvud va Per-Emerik Obameyang yana katta sahnaga chiqishdi. "Strasburg" o'zaro uchrashuvda "Lill"ni taslim etgach, jadvalda ham raqibni quvib o'tdi — endilikda "Chelsi" "farm-klubi" to'rtinchi pog'onada. "Nicca" kutilmaganda "Metc"ga yutqazib qo'ydi (1:2).

"Monako" yana avvalgi holatiga qaytayotgandek, jamoadan qanday natija kutishni bilmaysiz. Avvaliga penaltidan gol urgan Folarin Balogun bir necha daqiqa o'tib, maydondan chetlatildi. Qo'shimchasiga Ansu Fati yana bir penaltini golga aylantira olmadi va golsiz seriyasini 6 o'yinga "etkazdi". Uchrashuvdan keyin "Monako" ustozi boshqa bir vaziyatga etiborni qaratdi: "Agarda Golovin 3-daqiqada "Lans"ning qo'pol xatosidan keyin yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanganida, barchasi boshqacha ketishi mumkin edi".

Parijliklar yana chempionatda muammolarga duch keldi. Yaxshi sport formasiga kirib olgan "Lion"ga qarshi o'yinda ancha muammolarga duch kelishdi. Ayniqsa Lyuka Shevale muxlislar asabini sinovdan o'tkazdi. Oxirgi kunlar uni nafaqat maydondagi o'yini uchun, balki ijtimoiy tarmoqlarda "layk" bosgani uchun ham tanqid qilishmoqda. Mazkur turdagi xatodan keyin gap-so'zlar yanada ko'payishi aniq: Eynsli Meytlend-Naylsning golida kiper darvozasini yo'qotib qo'ydimi yoki boshqa sabab, lekin o'tkazib yuborilgan golda asosiy ayb aynan Shevale bo'ynida. Lyukaning baxtiga Joau Nevesh 90+5-daqiqada g'alaba golini urib berdi.


Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика