O'zbekiston chempionatida eng ko'p o'yin o'tkazgan murabbiylar TOP-10
31 dek 2017 16:03
Yangiliklar
O'zbekiston chempionatida eng ko'p o'yin o'tkazgan murabbiylar TOP-10
Ortda qolgan 26 yillik tarix sahifalarini ko'zdan kechirar ekanmiz, futbolda muhim rol o'ynovchi bosh murabbiylar statistikasi etiborimizni tortdi. Ko'p yillik malumotlar natijasiga ko'ra O'zbekiston oliy ligasida eng ko'p faoliyat yuritgan bosh murabbiylar o'ntaligini tuzib chiqdik.
Quyida ular haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz. Sababi ularning aksariyati haqida muxlislarimiz keragidan ortiq malumotga ega.
O'zbekiston chempionatida eng ko'p o'yin o'tkazgan 10 nafar murabbiy
# | Ismi va familiyasi | Jamoasi | O'yin soni |
1 | Yuriy Sarkisyan | Neftchi | 636 |
2 | Rustam Mirsodiqov | Do'stlik (Politotdel), MHSK, Metallurg, Qizilqum, Lokomotiv, Navbahor | 513 |
3 | Bahrom Hakimov | Temiryo'lchi, MHSK, Andijon (Navro'z), Nasaf, Dinamo, To'palang, SHo'rtan | 439 |
4 | Igor SHkvirin | Qizilqum, Olmaliq (OKMK), So'g'diyona | 347 |
5 | Viktor Jalilov | Navbahor, Paxtakor, Mashal, Dinamo | 323 |
6 | Ravshan Haydarov | Traktor, Paxtakor, Qizilqum, Dinamo | 282 |
7 | Usmon Toshev | Buxoro, SHo'rtan, Nasaf | 279 |
8 | Hakim Fuzaylov | Buxoro, Andijon, Samarqand-Dinamo, Lokomotiv | 241 |
9 | Valeriy Lyotkin | Traktor, Mashal, Zarafshon, Metallurg | 235 |
10 | Aleksandr Ivankov | Nurafshon (Buxoro), Paxtakor, Kimyogar (CHirchiq) | 220 |
1. Yuriy Sarkisyan
O'zbek futbolida yorqin iz qoldirgan Yuriy Vazgenovichni ortiqcha tariflashni hojati bo'lmasa kerak. Mustaqil chempionatimizda mutlaq rekord o'rnatgan bu mutaxassis “Neftchi”ni tarix sahifalarida fenomenga aylantira oldi. U 1992-2013 yillar davomida bir jamoada ishlash bilan birga chempionatning bir qator rekordlari sohibi bo'ldi. Uning Farg'onadan ketishi, aniqroq aytadigan bo'lsak ketkazilishi oqibati nima bilan yakun topganini vodiylik muxlislarni yana esiga solib ularni bayram arafasida xafa qilish yaxshimas. Bir so'z bilan aytgan Sarikisyan erishgan bu ko'rsatkich yaqin yillarda biror bir murabbiy tomonidan yangilanmasligi muqarrar.
2. Rustam Mirsodiqov
Rustam To'xtamurodovich yaqinda “Metallurg”dan ketganliklarini rasman elon qilgandi. 500lik marradan o'tgan bu murabbiyimizning ham o'zbek futbolida o'z o'rni va nufuzi borligini futbol ishqibozlari yaxshi bilishadi. Mirsodiqov ham Sarkisyan kabi faoliyati davomida ko'plab sovrin va rekordlar sohibi bo'lgan.
3. Bahrom Hakimov
Qo'qonlik bu mutaxassis ham mustaqil chempionatning ilk mavsumidan faol ishlagan kam sonli murabbiylardan biri hisoblanadi. Hakimov faoliyatidagi eng katta natijalarini Qarshining “Nasaf”jamoasida ishlab yurgan kezlarda qo'lga kiritgan.
4. Igor SHkvirin
Milliy chempionatimizda 2005 yildan murabbiy sifatida namoyon bo'lgan Igor Anatolevich ham 12 yarim mavsumlik faoliyati davomida bir qator natijalarga erishdi. U ham futbolchi, ham murabbiy sifatida O'zbekistonda eng yaxshi bo'lgan ilk insondir.
5. Viktor Jalilov
Namangan futbolini yuksalishida katta hissa qo'shgan Viktor Romanovich o'yinlari soni bo'yicha beshinchi o'rinda turibdi. Bu mutaxassis ham o'z faoliyatida ko'plab sovrin va yutuqlarga erishgan.
6. Ravshan Haydarov
Ayni damda O'zbekiston olimpiya terma jamoasiga ustozlik qilayotgan Ravshan Akmalovich 1998 yilda “Traktor” jamoasida ilk murabbiylik faoliyatini boshlagan. Turli yoshdagi terma jamoalarimizda ishlash bilan birga, oliy ligada ham etarlicha o'yinda ustozlik qilgan Haydarov hisobida hozirda 282 o'yin mavjud.
7. Usmon Toshev
Asosan Buxoroda faoliyat olib borgan Usmon Qudratovich, bir muddat Qashqadaryoda ham murabbiylik vazifasini o'tagan. Joriy mavsumda Toshev birinchi liga vakili “Andijon”da bosh murabbiylik qildi. SHuningdek, bu mutaxassis murabbiylar uchun tashkil etilayotgan OFKning turli kurslarida ham o'qituvchi vazifasini o'tab kelmoqda.
8. Hakim Fuzaylov
Mazkur murabbiylar o'nligida yagona bo'lgan xorijlik mutaxassis Hakim Qayumovich yurtimizda 90-yillarning oxirida ilk faoliyatini olib borgandi. U katta natijalarga bir necha yil avval Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida ishlagan vaqtida erishdi.
9. Valeriy Lyotkin
Valeriy Nikolaevichning murabbiylik faoliyatining katta qismi 90-yillar oxiriga to'g'ri keladi. SHu yilning oktyabr oyiga qadar bu mutaxassis PFL sport bo'limida etakchi mutaxassis lavozimida ishladi.
10. Aleksandr Ivankov
Marhum Aleksandr Dmitrievich mamlakat futbolida salmoqli hissa qo'shgan murabbiylardan biri hisoblanadi. Bu mutaxassis qaerda ishlamasin ko'plab iqtidorlarni kashf etgan. SHuningdek, u O'zbekiston terma jamoasiga ham ustozlik qilgan.
Baxtiyor SHirinov tayyorladi
Fikrlar