LegionerUz. Sergeev jamoasi 2 ta, Haydarov jamoasi 7 ta gol farqi bilan mag'lub bo'ldi
04 fev 2018 11:50
Yangiliklar
LegionerUz. Sergeev jamoasi 2 ta, Haydarov jamoasi 7 ta gol farqi bilan mag'lub bo'ldi
Bir kun avval Otabek SHukurov to'p suradigan “SHarja” bemalol yutishi mumkin bo'lgan o'yinini boy bergan bo'lsa, kecha Igor Sergeevning “Al-Dafra”si Sardor Rashidovning endilikdagi sobiq klubi “Al-Jazira”dan taslim bo'ldi. Jarohatidan to'liq forig' bo'lgan Igor Sergeev o'yinda 90 daqiqa harakat qildi. Biroq unga BAA chempionati gol urish hozirgacha nasib qilayotgani yo'q. Ko'rinishidan, Sergeev kelajagi haqida qayg'urib, o'zi chin manoda borini beradigan klub topishi kerak.
Al-Jazira Yaser Al Juneibi - 73', Romarinho - 75', Ali Ahmed Mabkhout - 83' |
Arabian Gulf League . 15-tur 03/02/2018, 20:00 1
:
3
Tugadi
|
Al-Dhafra Saeed Al Kathiri - 85' |
Aziz Haydarov jamoadoshlari uchun ayniqsa 15-tur og'ir keldi va ular mavsumdagi eng yirik mag'lubiyatini qabul qilib oldi. Yulduzlarga to'la “Al-Ayn”ga qarshi o'yinda “Ajman” futbolchilari javobsiz 7 ta gol o'tkazib yubordi.
Al-Ain Hussein El Shahat - 8', Marcus Berg - 14', Hussein El Shahat - 25', Caio - 30', Rayan Yaslam Al Jaberi - 51', Ahmed Khalil - 77', Hussein El Shahat - 82' |
Arabian Gulf League . 15-tur 03/02/2018, 17:20 0
:
7
Tugadi
|
Ajman |
“Raqib tezkor gol urdi va o'yinning borishini o'zgartirib yubordi. Bir narsa deyish qiyin, chunki futbolchilar o'ta jiddiy xatolarga yo'l qo'ydi ham deb bo'lmaydi. “Al-Ayn” safida individual mahorati evaziga o'yin taqdirini hal qila oladigan futbolchilar ko'p edi. Bizga qarshi o'yinda ularning barchasi yuqori saviyada to'p surishga erishdi, yani, o'yini chiqdi hammasini. “Al-Ayn” shu vaqtgacha 15 ta imkoniyatdan 2—3 ta gol urib kelgan bo'lsa, bizga qarshi o'yinda 10 ta imkoniyatdan 7 marta foydalandi”, — dedi Haydarov.
Biz bilamizki, arab jamoalari muvaffaqiyatsizlikka asosan legioner futbolchilarni aybdor sifatida ko'rsatadi. Debyutant “Ajman” safida Haydarovdan tashqari 3 nafar braziliyalik va bir nafardan Mali hamda Burkina-Fasodan futbolchilar bor. “Ash-SHabab”dan olib kelingan Haydarovning nafaqat “Ajman” safida, balki butun Amirlik chempionatida obro'si baland ekani ko'pchilikka malum. U bejizga 7 yildan buyon muntazam asosiy tarkib futbolchisi bo'lib kelmayapti. Arablarning “Haydaro'o'v” deb, uni hurmat bilan tilga olishlarini Amirliklardagi qolgan o'zbekistonliklar ham ko'p bor tasdiqlaydi.
“O'yinda hech qanday xatoga yo'l qo'yganim yo'q, 3 ta golli pas berdim deb o'ylagandim, ammo jamoadoshlarim ura olishmadi. SHu jamoa safida ekanmanmi, demak, barchamiz birdek aybdormiz. O'yin tugaganidan keyin bir joyda turib qoldim. “Al-Ayn”da do'stlarim ko'p, ular kelib o'rab olishdi, kayfiyatimni ko'tarmoqchi bo'lishdi. Ammo 7 ta gol farqi bu baribir og'ir. Echinish xonasiga klub rahbariyati kirib kelib, qolgan futbolchilar oldida mening kayfiyatimni ko'tarishga urinishdi, aybim yo'qligini, bugun bor kuchim bilan o'ynaganimni tan olib chiqib ketishdi.
Bilasizmi, “Al-Ayn” BAAning yirik jamoasi, “Ajman” esa teskarisi. Kechagi o'yinda mana shu farq yaqqol ko'rinib qoldi. “Al-Ayn” stadionida o'zingiz sog'ingan katta futbol havosini his qilasiz va 100 emas, 200 foiz kuch bilan o'ynamoqchi bo'lasiz. Bir tarafdan alam qildi, 5 ta gol farqi bilan yutqazib turibmiz, yugurib yuribman pressing qilaman deb, ammo shu kuni ruhan engilib qo'ydi jamoa. Futbolchilarni tanimay qoldim, baqirdim, yaxshi gapirdim, bosh egmaslikka undamoqchi bo'ldim. O'yindan avval mahalliy OAV “Al-Ayn”ni rosa qizdirgandi, “Ajman” bugun ochko oladi, ular syurpriz tayyorlagan va hokazo qabilidagi gaplar hamma joyni bosib ketdi. Bu narsa “Ajman”ga aks tasir ko'rsatdi, “Al-Ayn” futbolchilari esa aksincha, o'zlarini ko'rsatib qo'yish uchun ham yugurishdi”, deb aytib o'tdi Haydarov biz bilan suhbatda.
O'zbekistonlik futbolchining yoshi o'tib boryapti. U kelajakda “Al-Ayn” kabi yirik klubda to'p suradimi yoki faoliyatida keskin o'zgarishga qo'l uradimi, malum emas. Ammo uni Amirliklarda hurmat qilishadi, futbolkasini tinimsiz so'rashadi, chempionatda uzoqroq qolishini istashadi. Haydarov o'z yo'lini tanlab bo'lgan va o'sha yo'lda og'ishmaslikka harakat qilayotgan futbolchi. “Ajman” esa ligada jon saqlab qolsa, do'ppisini osmonga otadigan klub. Muhimi, qandaydir mag'lubiyat yoki muvaffaqiyatsizliklardan keyin Haydarov barmoq uchida ko'rsatilmaydi. Legionerlar orasida u mana shunday darajaga chiqib ulgurgan.
Championat.asia statistikasi
Fikrlar