So’nggi yangiliklar

23:32АПЛ. "Манчестер Сити", "Ливерпуль" ва "Челси" жамоалари иштирокидаги ўйинларнинг таркиблари билан танишинг  0 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  113 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  2 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  7 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5 19:45Баҳром Ҳайдаров: "Суперлига ва Про лига жамоалари ўртасидаги фарқ сезилмади"  9 19:31Суперлига учун ўтиш ўйини. "Қўқон-1912" – "Металлург" 1:1. Highlights  1 19:17ФИФА ЖЧ-2034 саналарини белгилашда қийналмоқда  5 18:54"Қўқон-1912" пенальтилар сериясига кўра "Металлург"ни мағлубиятга учратиб, Суперлигага йўл олди. Дарвозабон Азизхон Исақов – қаҳрамон!  97 18:28"Бавария" хавбекига рекорд даражадаги шартномани таклиф қилишга тайёр  1 17:59Аморим 16 ёшли вундеркиндни "Арсенал"га қарши ўйин учун қайдномага киритди  15 17:30"Реал Сосьедад" матбуот котиби Файзуллаевга бўлган қизиқиш ҳақидаги хабарларга муносабат билдирди  9

Intervyu. Yorqin Nazarov: "Ulug'bek Bakaev "So'g'diyona"ning darajasini ko'tarib ketdi. Yangi jamoaning maqsadlari o'zgarmaydi" Yangiliklar

Intervyu. Yorqin Nazarov: "Ulug'bek Bakaev "So'g'diyona"ning darajasini ko'tarib ketdi. Yangi jamoaning maqsadlari o'zgarmaydi"

"So'g'diyona" jamoasi Yorqin Nazarov boshchiligida yangi mavsumga tayyorgarlik olib borayotganidan xabaringiz bor.

Ayni paytda Toshkentdagi noqulay iqlim sharoiti sabab aksariyat jamoalar qatori jizzaxliklar ham mashg'ulotlarni erta tugatishga majbur bo'ldi. Poytaxtdagi yig'in davomida tarkibni kuchaytirish uchun bir qator futbolchilar, legionerlar ham kelib qo'shilganini aytish mumkin. Biz mana shu jarayon va boshqa mavzularda "So'g'diyona" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov bilan suhbatlashishga qaror qildik. 

- Keling, suhbatimizni matbuotga qanday qarashingizdan boshlasak. OAVga munosabatingiz qanday?

- Matbuotdan berkitadigan narsamiz yo'q. Qaerda mashg'ulot qilishimiz, kimdan intervyu olish, yig'inlarni tasvirga olishda OAVga ochiqmiz. 

- SHunday pallalar bo'ladiki, jamoalarimiz yopiq mashg'ulotlar olib borishadi, malumotni sir tutishadi...

- Ammo mavsum boshlanganda, chempionat startiga oz qolganda ko'proq taktik mashg'ulotlarga etibor qaratiladi. Bunday pallada mashg'ulotlar qisman yopiq bo'ladi. Jurnalistlar kelmasa, so'ramasa, xalqqa malumotni kim etkazadi? Matbuotga qarshi emasman. Baribir o'sha narsani hamma ko'radi, eshitadi. Nimanidir yashirish befoyda. 

- O'tgan mavsum yakunlanishiga 2 tur qolganda kutilmaganda "So'g'diyona"da paydo bo'ldingiz...

- Klubdan qo'ng'iroq qilib bosh murabbiylikka nomzodimni ko'rishayotganini aytib, taklif bilan chiqishdi. U paytda "Surxon"da texnik direktor lavozimida faoliyat olib borayotgan edim. Taklifga rozilik bildirdim, chunki bosh murabbiylik baribir o'zim ishlagan soha. Lekin 2 tur qolganda jamoani topshirishlarini kutmagandim, chunki avvalgi murabbiy bilan gaplashganimda shartnomasi yil yakunida tugashini aytgandi. Muzokaralar o'tkazgani borsam, murabbiylar shtabining barcha azolari ketgan ekan. "Lokomotiv" bilan o'yinga bitta mashg'ulot o'tkazib tushdik. Sababini bilsam, ikkita turda futbolchilar bilan yaqindan tanishib olishim ko'zda tutilgan. Qaysidir manoda bu to'g'ri qaror, deb o'ylayman. Ketadigan futbolchilar ketdi. Hech kimni haydaganimiz yo'q. Rahbar bilan kelishgan holda o'ynagisi kelmaganlarni majburlamadik. SHohruz Norxonovga ham ruxsat berdik. Yangi tarkib shakllantiryapmiz. Rahbariyat yig'inlarga barcha sharoitlarni yaratib beryapti. Jizzaxdagi birinchi bosqich yig'iniga 2001 yildan kichik bir nechta futbolchilarni taklif qildik. Ko'rikdan o'tkazdik. Ularning orasidan 2 nafarini tanlab olindi. "Navbahor"dan oldik. Sekin-asta ularni ham qo'shib boramiz. OTJ murabbiylariga ham maqul keladi, degan umiddaman. Legionerlardan Milan Mitrovich va Marko Kolakovichning shartnomasi bor edi. Ulardan tashqari Bosniya va Gercogovinadan markaziy himoyachi va hujumchi kelib qo'shildi. Yaxshi darajadagi futbolchilar, deb ayta olaman. Jenan Zaymovich aslida Belgiyada tug'ilgan. SHu mamlakat maktabini ko'rgan. Yordami tegishiga ishonaman. Ikki oydan beri muzokara o'tkazganimiz Sanjar SHoahmedov bilan shartnoma imzolandi. Demoqchimanki, har bir poziciyaga yaxshi futbolchilarni yig'moqdamiz. 

- Dekabr oyi o'rtalariga kelib "So'g'diyona"ga "Qizilqum" sobiq ustozi Nikola Lazarevich kelishi haqida gaplar bolaladi. Sizning bu xabarlarga reakciyangiz qanday bo'ldi?

- Ochig'i, bu xorijlik murabbiylarning ishga joylashish taktikasimi, bilmadim. Rahbariyat bilan gaplashganimda, Lazarevich nomzodini ko'rib ham chiqishmaganini aytdi. Bu – futbol. Unda har xil gaplar tarqalishi tabiiy hol. Bunga qarab ish qilsak, o'zimizga qiyin. SHartnoma imzolagan edik. 



- Jamoani Ulug'bek Bakaevdan so'ng qabul qilib oldingiz. Bakaev davrida "So'g'diyona" yangi darajaga chiqdi, sovrinli o'rinlar uchun kurashdi. Endilikda jamoa qanday bo'ladi, degan savol ko'pchilikni o'ylantirgani turgan gap...

- To'g'ri aytdingiz. Bakaev "planka"ni ko'tarib ketdi. Muxlislar g'alabalarga o'rganib qoldi. Masuliyat ikki barobar katta. Oxirgi 10 yilda bu jamoa OFK Kubogida o'ynagani yoki chempionatda kumush medal olganini eslolmayman. Ulug'bek o'zi ham yaxshi futbolchi bo'lgan, murabbiy sifatida ham o'zini ko'rsatdi. SHu bois bo'shashishga vaqtimiz, haqqimiz yo'q. "So'g'diyona"ning maqsadlari o'zgarmaydi. Bu yil yangi "So'g'diyona" bo'ladi. CHunki tarkibda 10 ga yaqin futbolchi o'zgardi. Ayrim yulduzdlar ketdi. Bu barchaga qiziq. O'yin borasida ham o'zgarish yuz beradi. Har bir murabbiyning o'z uslubi bor. SHunga mos o'yinchilar olyapmiz. Yoshlarga kelsak, balki biz murabbiylar o'ynatmay qo'ydikmi, boshqa sababmi yosh futbolchilarni chiqishi foiz kamayib ketdi. 

- Balki bu hozirgi vaqtda natija qilish birinchi darajaga ko'tarilgani uchunmi yoki ularni tayyorlab berish jarayonidagi xatolik sababmi yoshlar ko'zga tashlanmayapti. Murabbiylar ularni tushirib, natija o'xshamay qolishidan qo'rqyaptimi?

- Sezgan bo'lsangiz, O'zbekiston chempionati darajasi Osiyo miqyosida yaxshi o'ringa chiqib oldi. Ispaniyaliklar bilan ishlaganimda ular qitada kuchli to'rtlikka kirishini aytishdi. Superliga kuchli ligalar qatoriga kirdi. Yosh futbolchilarga imkoniyat kam berilayotgani ular hali tayyor emasligi bilan bog'liq. "Olimpik"da bitta yaxshi avlod yoshlari yig'ildi. Qolgan klublarda unchalik chiqmayapti. 

- "So'g'diyona"da jizzaxlik yoshlar, yangi nomlarni ham ko'ramizmi? CHunki Ulug'bek Bakaev asosan nomdor va tajribali ijrochilar xizmatidan foydalandi...

-  Mavsum so'ngidagi "Lokomotiv" bilan o'yindan so'ng o'rinbosarlar uchrashuvini tomosha qildim. Birinchi yig'inga 5-6 nafarini chaqirdim, ular orasidan 2 nafar 2003-2004 yilda tug'ilgan futbolchilarni olib qoldim. Kelajagiga shubha qilmayman. Jizzaxdagi mahalliy futbolchilarga etibor qaratamiz. Mavsum davomida ko'rib asosiy tarkibga jalb qilib boramiz. Yangi nomlar chiqishi kerak. 

- Tarkibga legioner tanlashda ko'proq nimaga etibor beryapsiz? Umuman, odatda xorijlik futbolchilarni 5-10 daqiqalik roliklarga qarab olishadi. Mirko Yelichichni ajoyib bir gapi yodimdan chiqmaydi: "Agar Marat Bikmaevning o'yinlarini rolik qilsak, unga "Real" qiziqib qolishi mumkin. Bizda skautlar yo'q". 

- Mirkoning fikriga qo'shilaman. Bizga ham roliklar, videolarini yuborishadi. Dekabr oyidagi yig'inda shu roliklarni 10 kun davomida kuzatdik. CHunki 5 daqiqalik rolikda ular Jahon chempionlaridan farqi yo'q. Lekin 90 daqiqalik o'yinlarini ko'rsak, boshqacha taassurot qoldiryapti. Hattoki oyog'iga to'p tegmayapti. "So'g'diyona"ga chaqirgan legionerlarimizni xorijdagi do'stlarimiz kuzatgan. O'ylaymanki, ikkisi ham uyaltirib qo'ymaydi. 

- Qishki o'quv-mashg'ulot yig'inlari turli taktikalarni sinovdan o'tkazish, tajribalarni ko'rib olish uchun qulay fursat. Hozirgi kunda Jahon futbolida chiroyli o'yindan ko'ra natijaga qaratilgan futbol katta sahnaga chiqmoqda. O'zbek futbolida ham mentalitetni o'zgartirish vaqti kelmadimikan? CHunki hali ham 2010-2011 yillarda kirib kelgan uslubda qolib ketgandekmiz. Lekin unga yarasha "qurol" ishlab chiqilganini Jahon chempionati ko'rsatib berdi... 



- "So'g'diyona" o'tgan yili natijaga o'ynadi, bitta gol urib ushlab qolishga urinardi. Ammo bizning iqlim sharoitdan kelib chiqib texnikaga etibor qaratmasak bo'lmaydi. CHunki 45-50 gradus issiqda to'psiz o'ynash juda qiyin. Baribir bizda o'sha texnik va paslarga asoslangan futbol qoladi. Faqat buni yangilash kerak. Jahondan misol, har qanday uslublar kirib kelmasin, Braziliya o'zining texnik va chiroyli futboliga sodiq qoladi. O'zining uslubidan voz kechmaydi. Jahon chempionatida hamma jamoalarda yangi uslub bor. Kanadada futbol yo'q, deymiz, lekin pressinggli futbol ko'rsatdi. Omadi kelmadi. Angliyani finalgacha etib kelishini taxmin qilgandim. 2022 yilda futbol rang-barang ko'rinishga keldi. O'zbekistonga ham murabbiylar yangicha taktika olib kirsa, yanada qiziqarli bo'ladi. Biz to'p bilan o'ynashni yaxshi ko'ramiz, lekin "tiki-taka" emas. "Tiki-taka"ni qo'llaydigan jamoada Messi, unga pas beradigan Xavi bo'lishi shart. "So'g'diyona"da har xil uslublardan foydalanamiz.

- Yana bir narsaga guvoh bo'ldimki, avvallari qishki yig'inlarda jamoalar dastlabki haftalarni faqat yugurishga sarflardi. Bu mutaxassislar tomonidan noto'g'ri ekanligi aniqlangan. Ko'ryapmanki, murabbiylar bundan voz kechmoqda. Germaniyada tajriba orttirgan murabbiy sifatida bunga qanday qaraysiz? 

- Germaniyada kuchga etibor qaratilishi bor gap. Lekin kimdir kuchni to'p bilan ishlashga sarflaydi, yana kimdir yugurishga. Buni turlicha talqin qilish mumkin. Yuqorida aytganimdek, to'pni yaxshi ko'radigan xalqmiz. Har bir murabbiy turlicha yondashadi.

Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика