Ekspert fikri. Sanjar Tursunov: "Shu ruhda davom etsak Misr ham, boshqa raqiblar ham qo'rqinchili bo'lmaydi"
17 noy 12:37
Yangiliklar
Ekspert fikri. Sanjar Tursunov: "Shu ruhda davom etsak Misr ham, boshqa raqiblar ham qo'rqinchili bo'lmaydi"
Fabio Kannavaro boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvida Misrni mag'lub etgan bo'lsa, U-17 terma jamoamiz Jahon chempionati 1/16 finalida Xorvatiyani taslim etdi. Bu o'yinlar yuzasidan sobiq futbolchi Sanjar Tursunovning fikrlari bilan qiziqdik.
– Ekspert sifatida o'yinlarni stadiondan ko'rayotgan mutaxassis sifatida U-17 terma jamoamizning ishtiroki sizda qanday taassurot qoldiryapti?
– Guruh bosqichidagi Panama bilan o'yinni stadiondan kuzatdim. Birinchi bo'limda o'yinimiz qovushmadi, ikkinchi bo'limda esa Islom Ismoilov amalga oshirgan o'zgarishlar, zaxiradan tushgan futbolchilar o'yinni yaxshi tomonga burishdi. Aslida bu o'yin bizniki edi. Birinchi golni urganimizda yana 1–2 ta gol kiritishimiz mumkin edi. Lekin o'yin boshqacha kechishi ham ehtimol edi — Panama penaltini golga aylantira olmadi. Fikrimcha, raqib hisobni tenglashtirgan taqdirda ham bizda imkoniyat bo'lardi. Yigitlar o'yindan-o'yinga o'sishmoqda. Hozirgi bosqichda har bir uchrashuv bitta imkoniyat: kim yaxshi tayyorlansa, o'sha keyingi bosqichga chiqadi. Ortda qolgan o'yinlarga qarab “yaxshi o'ynadik” yoki “yomon o'ynadik” deyish to'g'ri emas. Har bir uchrashuvda eng yaxshi o'yinni ko'rsatish talab etiladi.
– Raqiblardan ustun jihatimiz nimada ko'rinyapti? Buni Italiyaga qarshi o'yinda ham amalga oshira olamizmi?
– Ustunligimiz, avvalo, jamoaviy ruh va jamoaviy o'yinda. Albatta, tarkibda individual mahoratga ega futbolchilar ham bor. Lekin aynan bunday ijrochilarning ko'p emasligi bizning foydamizga ishlayapti, desam to'g'ri bo'ladi. Chunki ko'p jamoalar individual jihatdan kuchli futbolchilarga orttiqcha suyanib qolishadi. Ular esa bazi o'yinlarda jismonan etarlicha tayyor bo'lmaydi. Bizda esa eng katta kuch – jamoaviy hamjihatlik.
– Misr bilan o'yindagi natija shunchalik ajablanarlimi yoki kuchli raqiblar bilan o'ynab yurganlik tajribasi qo'l keldimi?
– Misrga qarshi o'yinni ham stadiondan ko'rdim. Birinchi bo'limda bu raqibdan o'yin sifati bo'yicha yuz foiz ustun edik. Hisob ham bizga qulay edi. Ikkinchi bo'limda esa yigitlar hisobdan kelib chiqib o'ynashdi, chunki 2:0 edi. Qarshi hujumlarda yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Terma jamoamiz raqibga nisbatan to'g'ri taktika qo'lladi va maydondagi futbolchilar ham tajribali edi. Gol o'tkazmasdan bizga kerakli natijani qo'lga kiritdik. Futbolda natija birinchi o'rinda turadi, shu bois to'p bilan kamroq muomala qilindi. Bu o'yinni tashlab qo'ydik degani emas — bu taktik yondashuv edi. Misr jamoasida zaxiradan tushgan futbolchilar o'yinni kuchaytirdi. Ancha vaqtdan beri bunday g'alabalarni sog'ingandik. Bu g'alabalar futbolchilarga katta ishonch bag'ishlaydi.
– Kannavaro qo'l ostida 3 ta o'yin o'tkazdik. Murabbiyning chizgilari sezilmoqdami?
– O'yinni yaqin do'stlarimiz bilan birga tomosha qilib, tahlil qilib o'tirdik. Terma jamoamizda o'yin surati bor va bu narsa kutilganidan tezroq shakllandi. Jamoaviy va individual o'yinimiz ko'zga tashlanyapti. Shu ruhda davom etsak, Misr yoki boshqa raqiblar qo'rqinchli tuyulmaydi. Yigitlar o'yinga yuz foiz kuchini beryapti. Futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi va murabbiy ko'rsatmalari samara berayotgani bo'yicha ishonch bor. O'ylaymanki, to'g'ri yo'ldamiz. O'zbekiston uchun har doim qayg'uramiz, muxlislik qilamiz.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Al Ain Cup. Остон Ўрунов порлаган оқшомда Ўзбекистон Мисрни мағлуб этди, финалда яна Эрон билан ўйнаймиз
U-17 Жаҳон чемпионати. Ўзбекистон U-17 терма жамоаси пенальтилар сериясида Хорватияни енгиб, кейинги босқичга йўл олди
ЖЧ саралаши. Португалия Роналдусиз рақиб дарвозасига 9 та тўп киритиб, мундиалга чиқди
Криштиану Роналду фаолиятида илк бор Португалия термаси сафида қизил карточка олди
Fikrlar