"Dinamo" darvozasiga belgilanmagan penalti, "Surxon"ning hisobga olinmagan goli. Superliganing 18-turidagi hakamlik faoliyati tahlili
15 avg 15:29
Yangiliklar


"Dinamo" darvozasiga belgilanmagan penalti, "Surxon"ning hisobga olinmagan goli. Superliganing 18-turidagi hakamlik faoliyati tahlili
✅ "Neftchi" - "Nasaf"
Bizning fikrimizcha, hakam "Neftchi" o'yinchisini maydondan chetlatib, to'g'ri qaror qabul qildi. VAR to'g'ri aralashdi. O'yinchi raqibini ko'rib turib, tizzasini butsasining tagi bilan bosib, gavda og'irligini o'ng oyog'iga o'tkazdi va shu bilan raqibiga jiddiy shikast etkazish xavfini yaratdi.
✅ "Neftchi" - "Nasaf"
"Nasaf" himoyachisi raqibdan to'pni olib qo'yishga urinib, qoidani buzmagan holda u bilan arzimas kontaktga kirishdi. Biroq keyinchalik himoyachi muvozanatini yo'qotib, ehtiyotsizlik bilan xato qildi va chap oyog'i bilan raqibning o'ng oyog'ini chalib yubordi, natijada hujumchi yiqildi. Hakam deyarli ideal poziciyada turgani uchun intizomiy choralar qo'llamasdan penalti belgiladi. Bizning fikrimizcha, bu mutlaqo to'g'ri qaror.
❌ "Dinamo" - "Paxtakor"
Yon chiziqdan uzatilgan to'pni "Paxtakor" o'yinchisi boshi bilan darvozaga yo'lladi. Shu paytda "Dinamo" himoyachisi zarbani to'sishga urinib, qo'lining taqiqlangan qismi bilan to'pga tegdi. Qo'l tana maydonini noodatiy tarzda kengaytirdi va bu, bizning fikrimizcha, intizomiy jazo qo'llanilmasdan o'n bir metrlik jarima zarbasiga sabab bo'ladi (qasddan amalga oshirilmagan qo'l bilan o'yin). VAR hakamni monitor yoniga chaqirib, vaziyatga to'g'ri aralashdi. Bosh hakam esa xato qilib, penalti belgilamadi.
✅ "Dinamo" - "Paxtakor"
Fikrimizcha, hakam yordamchisi "Paxtakor"ning golini inobatga olish bo'yicha to'g'ri qaror qabul qildi. To'p uzatilayotgan paytda, u himoyalanayotgan jamoaning oxirgi ikkinchi o'yinchisiga qaraganda darvoza chizig'iga yaqinroq joylashgandi. O'yin qoidalariga muvofiq, bunday vaziyatda ofsayd chizig'i to'p bo'ylab belgilanadi. Takrorni ko'rganimizdek, epizodda faol ishtirok etgan hujumchi raqib darvozasi chizig'idan to'pga nisbatan uzoqroqda turgan edi. Shu sababli, gol to'g'ri hisoblanganini takidlash joiz.
✅ "Dinamo" - "Paxtakor"
Ushbu epizodda "Dinamo" o'yinchisi to'p uchun kurashmasdan raqibning ko'krak qismiga qo'li bilan zarba berdi. Bosh hakam buni ko'rmadi, biroq ikkinchi yordamchisining ishorasidan so'ng o'yinchini maydondan chetlatdi. Takrorlar zarbaning kuchi va shiddatini to'liq baholash imkonini bermasa-da, qasddan qilingan harakatni ko'ryapmiz va fikrimizcha, hakam to'g'ri qaror qabul qilgan. Videoassistentlar ham to'g'ri yo'l tutib, vaziyatga aralashmagan va hakamni videotakrorni ko'rishga taklif qilmagan. Bizningcha, bu tajovuzkor xatti-harakat bo'lib, qizil kartochka ko'rsatilishi to'g'ri qaror.
✅ OKMK – "Qizilqum"
Hakam "Qizilqum" o'yinchisiga sariq kartochka ko'rsatib, to'g'ri qaror qabul qildi. Futbolchi raqibning libosi, so'ngra bo'yin qismini uzoq vaqt ushlab turdi, shu bilan o'yinga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik ko'rsatdi. OKMK futbolchisi sportga zid yoki tajovuzkor harakat qilmasdan qutulishga urindi. VAR noto'g'ri aralashib, hakamga qizil kartochka masalasida vaziyatni ko'rib chiqishni taklif qildi. Takidlash joizki, hakam o'yinni oldinroq to'xtatishi va shu orqali "jabrlangan" futbolchining ehtimoliy javob harakatining oldini olishi kerak edi.
❌ "Surxan" - "Bunyodkor"
Bizning fikrimizcha, bosh hakam jiddiy xatoga yo'l qo'ydi. U "Surxon" jamoasi o'yinchisining hujumdagi qoidabuzarligini qayd etib, mezbonlarning xavfli hujumini to'xtatib qo'ydi. To'g'ri, ehtimol "Surxon" o'yinchisi to'pga tegmagan, faqat raqibga ozgina tegingan bo'lishi mumkin (takrorlardan buni aniqlab bo'lmaydi). Biroq bu holatda raqib bilan to'qnashuv ham ko'rinmayapti. Bunday noaniq vaziyatda hakam hujum tugashini kutishi, keyin esa qoidabuzarlikni qayd etishi lozim edi. Shunda, agar gol urilganda, VAR tizimi vaziyatni tekshirish imkoniyatiga ega bo'lardi. Afsuski, hakam shoshilib, bu holatda xatoga yo'l qo'ydi.
Shu tariqa, 18-turda hakamlar ikkita xatoga yo'l qo'ydi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar