"Chelsi" Mareska istagandek o'yin ko'rsata oldi, "Barselona" esa o'ziga o'xshamayapti. Kataloniyaliklarning "Stemford Bridj"dagi mag'lubiyati haqida
26 noy 13:00
Yangiliklar
"Chelsi" Mareska istagandek o'yin ko'rsata oldi, "Barselona" esa o'ziga o'xshamayapti. Kataloniyaliklarning "Stemford Bridj"dagi mag'lubiyati haqida
UEFA Chempionlar Ligasida "Chelsi" va "Barselona" o'rtasidagi to'qnashuvlar har safar o'ziga xos syujeti bilan esda qoladi. Axir Ronaldinoning "Stemford Bridj"da jarima maydonchasiga kiraverishdan, turgan joyidan urgan golini hammamiz hech bo'lmasa bir marta ko'rganmizku, to'g'rimi, yoki Lempardning "Kamp Nou"dagi fantastik golini eslang. 2009 yil, Evrebe bosh hakamligidagi bahs (2:2) hamda Mikael Ballakning dod-faryodi yoki 2012 yil Fernando Torres ishtirokidagi vaziyat?
Bu safar bu bellashuv pley-offning qizg'in pallasida emas, umumiy bosqichga to'g'ri keldi, ammo nimadir bo'lishi kerakdek edi. Hozirgi "Chelsi" va "Barselona" — qaysidir manoda qaytadan qurilayotgan ikki jamoa. Enco Mareska Londonda nisbatan ancha yosh, umidli yigitlar bilan yangi jamoa shakllantiryapti. Xans-Diter Flik Kataloniyaga yangi havo olib kirgani, u bilan esa "Barsa"da ko'rmaganimiz, ultra-hujumkor uslubiga befarq bo'lishning imkoni bo'lmasa kerak.
Afsuski, har ikki klub bu o'inda etakchilari xizmatidan foydalana olmasdi. Pedri jarohatdan to'liq forig' bo'lib, safga qaytib ulgurmadi hamda 23 yoshligini nishonlash uchun Barselonada qoldi, Koul Palmer esa o'z uyida jarohat olib o'tiribdi. Boshqa tomondan bu har ikki tomon uchun yangi chaqiruv, yana bir sinov edi. Flik vaziyatdan chiqish uchun Pedriga markaziy himoyachi Erik Garsiya siymosida o'rinbosar topdi, ispaniyalik dam olish kunlari "Atletik" bilan bahsda o'zini juda yaxshi tomondan ko'rsata oldi. Mareska esa tarkib borasida undan ham ko'proq hayron qoldirdi: Ris Jeyms tayanch zonada, Pedru Netu esa — markaziy hujumchi.
Amalda esa Enconing rejasi ideal tarzda ishladi. 4-daqiqada boshqa Enco — Fernandes — to'pni raqib darvozasi to'riga yo'lladi, lekin hakam Vinchich golni inobatga olmadi — assistent rolidagi Fofana to'pni qo'li bilan o'ziga o'nglab olgan ekan. Agarda javob hujumida Ferran Torresga aniqlik etishganida, balki o'yin butkul boshqa scenariyda ketishi mumkin edi. Ammo, lekin, biroq...
"Barselona" markazda Pedrisiz to'pni o'z nazoratida ushlab turishi qiyin kechdi, Kukurelya o'z qanotida Yamalni "eb qo'ydi", Ferran Torres tanaffusgacha qolgan daqiqalarda yo to'pni yo'qotdi, yoki o'yin qoidasini buzdi. "Chelsi" esa borgan sari o'yinini kuchaytirardi. Ko'p o'tmay, to'p yana Joan Garsiya darvozasiga borib tushdi — qizig'i, hakamlar yana golni bekor qilishdi. Bu safar Chaloba o'yindan tashqari holatda qolib ketgandi — himoyachi to'p bilan muomalada bo'lmaganiga qaramay, epizodda ishtirok etgandi, barchasi o'rinli.
Mezbonlar to'xtash niyatida emasdi va vaziyat ketidan vaziyat yaratardi. Netu va Fernandesda yaxshi imkoniyat bo'lgan bo'lsa, golni Jyul Kunde urib ketdi — faqat o'z darvozasiga. Jarima maydonchasidagi tushunarsizlikdan keyin franciyalik oyog'ini omadsiz qo'ydi va avtogol muallifiga aylandi. O'yin kartinasidan kelib chiqsak, kutilgan gol kutilmagan vaziyatda urildi — "Barsa" tanaffusgacha faqatgina 1 ta gol o'tkazib yuborganiga xursand bo'lsa ham arziydi, aslida.
O'tgan mavsumdagi "Barsa" 0:2 hisobida mag'lub bo'layotgan bellashuvlarda ham g'alabani ilib keta olardi. Jamoa bu ishni bir necha bor amalga oshirgandi. Jamoa muxlislari bu kecha ham shunday remontada bo'lishiga umid qilayotgan bir pallada, Arauxo "qovun tushirdi". Avvaliga mehmonlar sardori hakam bilan gap-so'z uchun sariq olgan bo'lsa, 44-daqiqada Kukurelyaga nisbatan foldan keyin ikkinchi sariq qizilga aylandi. Uchinchi yilki Ronald Chempionlar Ligasi muhim o'yinida pand bermoqda. Yana tasodifmi?

Ikkinchi bo'limda "Barsa" yanada nochor ko'rindi. Flik o'yinni o'zgartirish uchun maydonga jamoaning mavsumdagi eng sermahsul futbolchilaridan biri Reshfordni tushirdi, leikn Markus ham bu maydonda yo'qolib qoldi. "Chelsi" esa bosimni davom ettirdi va ikkinchi golni rasmiylashtirdi — Garnacho Kundeni "do'konga jo'natvordi" va to'pni Andrey Santosga oshirdi, u esa Garsiyani ranjitdi. Ammo hakamlar vinger o'yindan tashqari holatda bo'lganini qayd etishdi.
Shunga qaramay, ikkinchi gol vaqt masalasi ekanligi sezilib turardi — 18 yoshli Estevao, maydondagi eng faol o'yinchilardan biri, jarima maydonchasiga yorib kirdi, dribling bilan Kubarsini dog'da qoldirib, Garsiyaga ham imkon qoldirmadi. Juda ham chiroyli gol! Braziliyalik APLga ko'chib o'tishidan avvalroq bergan intervyularidan birida "ko'k-anorranglilar" muxlisi ekanligi haqida gapirgandi. Messino laqabi ham ko'p narsani bildiradi. Hayot qiziq, Estevao shu kecha ingliz jamoasiga qarshi ilk bor o'yin o'tkazayotgan Yamalni soyada qoldirdi.
Oxirgi nuqtani esa Liam Delap qo'ydi. Oxirgi vaqtlarda hujumchini ko'p tanqid qilishayotgandi va u gol urishi muhim edi. Qizig'i, hakam yana "Chelsi"ning golini bekor qildi, biroq VAR bu safar londonliklarga yordamga keldi.
3:0 — mehmonlar uchun alamli bo'lmasin, mezbonlar munosib bo'lgan hisob. "Chelsi" oxirgi 5 o'yinda 4-quruq g'alabasi, "Barselona" esa 1/8 finalga chiqmoqchi bo'lsa, boshqa xato qilishga haqqi yo'q.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Элит ОЧЛ. "Насаф" ўз майдонида Ҳамробеков тўп тепаётган "Трактор"га ютқазди
МЛС. Мессининг супер ўйини "Интер Майами"ни ярим финалга олиб чиқди
Винисиус "Реал"дан йилига 30 млн. евро талаб қиляпти, аммо "Реал"...
Ла Лига. "Реал" "Эльче" билан ўйинда қоқилди, аммо биринчи ўринда қолди — "Барселона" билан орадаги фарқ 1 очко
Fikrlar