Bir paytlar ular O'zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchilari edi. Sovrinning birinchi egalari bugun qaerda?
03 fev 10:45
Yangiliklar
Bir paytlar ular O'zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchilari edi. Sovrinning birinchi egalari bugun qaerda?
O'zbekiston U-17 terma jamoasi safida Osiyo chempioni va Jahon chempionati ishtirokchisi bo'lgan Sadriddin Hasanov 2025 yilning "Eng yaxshi yosh futbolchisi" deb topildi. Mazkur nominaciya 2007 yilda tasis etilgan. Biroq yillar kesimida olsak, uni uzluksiz har mavsum aniqlab borilgan deyish qiyin. Xo'sh, ushbu sovrinning ilk egalari bugun qaerda?
2007 — Abdumutallib Abdullaev
Biz tilga olayotgan sovrinning ilk sohibi Abdumutallib Abdullaev bo'lgan. U 2008 yil Toshkentda o'tgan U-16 Osiyo chempionatida O'zbekiston terma jamoasining asosiy figuralaridan biri sifatida maydonga tushgan. Saralash bahslarida ajoyib o'yin ko'rsatgan. Biroq ushbu musobaqadan so'ng bu futbolchining ismi katta futbolda umuman ko'rinmadi. Transfermarkt portali esa uning 2012 yil butsalarini mixga ilgani haqida malumot qoldirgan.
2008 — Shahzod Shaymanov
2008 yilda Toshkent U-16 Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Unda Robert Gay boshchiligidagi, 1992 yilda tug'ilgan o'smirlarimiz ishtirok etdi. Qita turnirida yarim himoyachi Shahzod Shaymanov ham to'p tepgan. Garchi terma jamoamiz chorak finalda Janubiy Koreyaga mag'lub bo'lgan bo'lsa-da, tarkibda bir qator mahoratli yoshlar jamlangan edi. O'sha yili Shaymanov O'FA tomonidan "Eng yaxshi yosh futbolchi" deb topildi.
"To'g'risi, o'shanda sovrin olishni kutmagandim. Sovrinni olganimda xursand bo'lishni ham, xafa bo'lishni ham bilmaganman. Chunki biz mundialga chiqa olmagan edik va vazifani bajara olmagandik. O'sha sovrinimni Jahon chempionati yo'llanmasiga jon deb almashgan bo'lardim. Tan olaman, o'shandan keyin malum muddat yulduzlik kasaliga duchor bo'ldim. O'yinim pasayib ketdi", — degan edi u saytimizga bergan intervyusida.
Shaymanov faoliyati davomida "Mashal", "Metallurg", "Andijon", "Navbahor", "Lokomotiv" jamoalarida to'p tepdi. Bangladeshning "Sheyx Jamal" jamoasidagi faoliyatidan so'ng butsalarini mixga ildi. Bugungi kunda esa "Mashal" akademiyasida murabbiy sifatida faoliyat olib bormoqda.

2009 — Timur Hakimov
1994 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat avlod o'z vaqtida yaxshi natijalar bilan barchani o'ziga qarata olgan edi. O'sha avlodning yorqin yulduzlaridan biri hujumchi Timur Hakimov bo'lgan. U keyinchalik Osiyo va Jahon chempionatlarida ham porladi. Afsuski, uning katta futboldagi faoliyati kutilganidek kechmadi. Bu haqda Hakimov ko'plab intervyularida ochiq aytgan. Faoliyatining oxirgi yillarida Pro-ligada "Oq-tepa", "Dinamo" jamoalari libosida harakat qildi. So'nggi besh yilda esa hech qaysi jamoada ko'rinish bergani yo'q.

2010 — Abbosbek Maxstaliev
Abbosbek Maxstaliev ham 1994 yilli avlodning asosiy yulduzlaridan biri sifatida tanilgan. 2010 yilda Toshkent ikkinchi bor o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Maxstaliev ushbu qita turnirida ajralib turgan va raqiblar darvozasiga 4 ta gol urgan. Katta futbolda Superligada "Paxtakor", "Andijon", "Neftchi", "Navbahor", "Surxon" jamoalarida to'p tepdi. 2020 yildan keyin quyi ligalarda "Yangier", "Istiqlol", "Rubin" jamoalarida faoliyatini davom ettirdi. Hozirda u Sirdaryo viloyatida murabbiylik qilmoqda va yangi tashkil etilgan "Guliston" jamoasi murabbiylar shtabida ish olib bormoqda.

2011 — Davlatbek Yorbekov, Timur Hakimov, Bobur Davlatov
2011 yil o'zbek futboli uchun zafarlarga boy o'tgan. Qatarda bo'lib o'tgan Osiyo Kubogida milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor yarim finalga chiqdi. Shu yili Aleksey Evstafeev boshchiligidagi U-17 terma jamoamiz Meksikadagi Jahon chempionatida ishtirok etib, chorak finalgacha etib bordi. Ushbu jamoa tarkibida to'p tepgan Davlatbek Yorbekov, Timur Hakimov va Bobur Davlatov 2011 yilda "Eng yaxshi yosh futbolchi" sovrinini qo'lga kiritgan.
Hakimov haqida yuqorida to'xtalib o'tdik. Davlatov "Mashal" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Meksikadagi Jahon chempionatidan so'ng u Rossiyaning "Rubin" jamoasiga yo'l olgan. Keyinchalik Qozog'istonning "Jetisu", "Aktobe", Rossiyaning "Nefteximik" jamoalarida o'ynagan. O'zbekistonda esa "Nasaf" safida ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lgan. Uning so'nggi jamoasi "Sho'rtan" bo'lib turibdi. Davlatov faoliyatini davom ettiradimi yoki yo'q — hozircha nomalum.
Davlatbek Yorbekov esa faoliyatini quyi ligalarda olib borgan. U Farg'ona bolalar va o'smirlar sport maktabi orqali "Paxtakor" akademiyasiga yo'l olgan. Biroq katta futbolda omadi kelmadi. Hozirda u "Paxtakor" akademiyasining Farg'onadagi filialida ish olib bormoqda.

2012 — Otabek Shukurov, Jamshid Boltaboev
2012 yilda Eronda o'tgan U-16 Osiyo chempionatida o'smirlarimiz tarixiy muvaffaqiyatga erishib, bosh sovrinni qo'lga kiritishdi. Jamoani Otabek Shukurov sardor sifatida etaklagan bo'lsa, Jamshid Boltaboev ham muhim futbolchilardan biri edi. Shukurovning keyingi faoliyati barchaga yaxshi malum: "Mashal"dan so'ng "Bunyodkor"da porladi, milliy terma jamoaga jalb etildi va unda ajralmas futbolchiga aylandi. Klub miqyosida "Sharja", "Karagumruk", "Kayserispor", "Al Fayha" jamoalarida to'p tepdi.
Jamshid Boltaboev ham Osiyo va jahon maydonlarida porlagan. "Paxtakor"da katta futbolga kirib kelgan futbolchi faoliyati davomida jiddiy jarohat olgandi, keyinchalik qaytadan yuqori darajaga chiqdi. "So'g'diyona"da o'z o'yinini tikladi va Katanec boshchiligida milliy terma jamoaga ham chaqirildi. Hozirda Shukurov "Baniyas"da, Boltaboev esa "Andijon"da to'p tepmoqda. Bu ikki futbolchi haqiqatdan ham o'zidan kutilgan natijalarni oqlay olishdi.

2013 — Akobir To'raev, Jamshid Boltaboev, Izzatilla Abdullaev
Dilshod Nuraliev boshchiligidagi O'zbekiston U-17 terma jamoasi 2013 yil BAAda o'tgan Jahon chempionatida ishtirok etdi. Ushbu jamoa safida Akobir To'raev, Jamshid Boltaboev, Izzatilla Abdullaevlar ham bor edi. Boltaboev haqida yuqorida to'xtaldik. Akobir To'raev o'sha yillarda haqiqiy kashfiyotga aylangan, terma jamoaning muhim gollariga mualliflik qilgan. Keyinchalik u "Buxoro", "Paxtakor", "Mashal", shuningdek, Bangladesh, Tojikiston, Hindiston va Qirg'iziston jamoalarida faoliyat olib bordi. Uning "PWD SC" klubi bilan shartnomasi 4 yanvar kuni yakunlangan.
Izzatilla Abdullaev Superligada "So'g'diyona", "Buxoro", "Neftchi", "Lokomotiv" jamoalarida munosib darajada to'p tepdi. Keyinchalik Qirg'izistonning "Uzgen" jamoasida legioner sifatida faoliyat yuritdi.
2014 — Islom Kenjaboev
Islom Kenjaboev ushbu sovringa atigi 15 yoshida erishgan. Bunda 2014 yilda o'tgan Osiyo chempionati katta ahamiyat kasb etgan.
"To'g'risini aytsam, eng yaxshi yosh futbolchi deb topilishimni kutmagandim. Buning uchun futbolimiz rahbarlariga minnatdorlik bildiraman. Bu mukofot mendan yanada ko'proq ishlashni talab qiladi. Unvon bejiz berilmaganini isbotlash uchun bor kuchimni sarflayman", — degan edi u sovrinni olgandan keyin.
Kenjaboev "Nasaf"da muxlislarga tanildi, keyinchalik "Cheju", "Navbahor", "Qizilqum" jamoalarida o'ynadi. Ayni paytda u navoiyliklarning etakchilaridan biri hisoblanadi.

2017 — Igor Chikrizov
Igor Chikrizov 2017 yil yakunlariga ko'ra yilning "Eng yaxshi yosh futbolchisi" deb topilgan. U ham 15 yoshidayoq ushbu nominaciyada g'olib bo'lgan. Chikrizov "Paxtakor" va "Lokomotiv" o'rinbosarlar jamoalarida to'p tepdi. O'sha yili O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga ham chaqirilib bordi. 2021 yilda Superligada 6 ta, 2022 yilda 4 ta o'yinda ishtirok etdi. Birinchi ligada "Paxtakor-79" safida ham maydonga tushgan. 2024 yilda "Navbahor"ga o'tgan, ammo asosan o'rinbosarlar jamoasida qolib ketgan. Oxirgi malumotlarga ko'ra, bir yildan beri jamoasiz.

Keyingi yillar g'oliblari:
2018 — Oston O'runov
2019 — Jasur Jaloliddinov
2020 — Abduvohid Nematov
2021 — Husayn Norchaev
2022 — Abbosbek Fayzullaev
2023 — Abduqodir Husanov
2024 — Muhammadyusuf Sobirov
2025 — Sadriddin Hasanov
O’xshash yangiliklar
championat.asia
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" Вальверденинг хет-триги эвазига "Манчестер Сити"ни мағлуб этди
ЕЧЛ. "Барселона" меҳмонда "Ньюкасл" билан дуранг ўйнади
Суперлига. "Насаф" сўнгги дақиқаларда урилган гол эвазига "Динамо" билан дуранг ўйнади
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" — "Манчестер Сити" 3:0
Fikrlar