

Uchrashuvda viloyat hokimi "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdievni "Dinamo"ga taklif etgani haqida gapirib berdi.
"Samarqand viloyati hokimi bo'lib ishlayotgan paytlarimda "Dinamo"ni kuchaytirish maqsadida klubga Ro'ziqul Berdievni taklif qildim. Uning javobidan juda ta’sirlangandim o'shanda - "Bor e'tiborim shu klubda, men "Nasaf"siz futbolni tasavvur etolmayman", degandi Berdiev. U menga klubdan bo'shatib yubormagunlaricha boshqa klubga o'tish taklifini ko'rib chiqolmasligini ma'lum qilgandi", - deydi Zoyir Mirzaev.

Futbol jamoatchiligi va viloyat rahbari bilan bo'lgan ilk yig'ilishda Norqul Daminov boshchilik qilayotgan Qashqadaryo viloyat futbol Federatsiyasi faoliyati ham qoniqarsiz ekanligi tanqid qilinib, o'tkazilgan ijtimoiy so'rovnomada 31 foiz aholi hatto bunday tashkilot borligini bilmasligi aytib o'tildi.
Shuningdek hokim klublar bosh menedjerlarining hisobotini ham tingladi. "Nasaf" bosh menedjeri Sergey Kucherenko "ajdarlar" yangi mavsumda kuchli uchlikka kirishni ko'zlayotganini ma'lum qildi. Yig'lishda homiylik muammosi ham o'rtaga tashlandi. G'uzorning "Sho'rtan" klubi yangi mavsumga tayyorgarlikni juda kech boshladi. Klub hali hamon o'tgan mavsumdagi qarzdorliklarini to'liq bartaraf etmagan. Jamoa bosh menedjeri Shamil Yarulin hali ham klubda yillik byudjet tasdiqlanmagani, homiylar tomonidan mablag' tashlab berilmaginini aytib o'tdi. Viloyat hokimi mazkur masalada albatta yordam berishini biroq o'z navbatida klubdan natijani ham talab qilishini ta'kidladi.
"Men uni yoki bu futbolchini o'ynat demayman. Biroq, milliardlab mablag' sarflanayotgan sohadan natija so'rashga viloyat hokimi sifatida meni ham muxlislarning ham haqqi bor. Klublarga qancha mablag' ajratilgani ma'lum qilinadi va shu mablag'ga yarasha natija ham talab qilamiz. Talabni bajarolmaganlarga kerak bo'lsa chora ham ko'ramiz", - deydi viloyat hokimi.

Zoyir Mirzaev klublar ochiqlik siyosatiga o'tish kerakligini ham ta'kidladi: "Jamoalar kimga qancha maosh berayotgani, qaerga, qancha mablag' ishlatayotganini ma'lum qilib borishi kerak. Shunda shaffoflik bo'ladi. Shunda futbol faqatgina maydon ichida o'ynaladi. Maydon atrofida emas", - deya aytib o'tdi Zoyir Mirzaev.

Yana bir muhim yangiliklardan biri Qashqadaryoda hokim kubogi tiklanadigan bo'ldi. Viloyat hokimi kubok bahslari uchun 400 million so'm ajratishini ma'lum qildi. Unda shahar va tuman hokimlarining jamoalari bahs olib boradi va Hokim kubogi aprel-sentyabr oylari oralig'ida bo'lib o'tishi ma'lum qilindi.
Shuningdek, Zoyir Mirzaev 29 fevral kuni Muborakda bo'ladigan "Mashal" - "So'g'diyona" bahsini ko'rish uchun ochilish o'yiniga borishini ma'lum qildi. "Muborakka boraman. Lekin "So'g'diyona"ni yutishinglar kerak", - deya samimiy hazil qildi viloyat rahbari.
Yig'ilish yakunida viloyat hokimiga "Mashal" klubining esdalik futbolkasi sovg'a sifatida topshirildi.








Nomoz Choriev Qarshi shahridan maxsus
Foto: Abdilatif Shodiev



