Yurgen Klopp "Real"ni qabul qilsa, transfer siyosatida to'liq vakolat talab qiladi

Iskandarov Abdulaziz
24 yanv 2026
Murabbiy atrofida yangi ma'lumotlar tarqalmoqda.

Dortmundning "Borussiya"si va "Liverpul"ning sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp 2026 yil yozida Madridning "Real" klubini qabul qilib olgan taqdirda, yangi futbolchilarni xarid qilish va jamoani tark etuvchi o'yinchilar bo'yicha to'liq nazoratni talab qiladi. Bu haqda Ispaniyadagi manbalarga tayanib, X ijtimoiy tarmog'idagi "Topskills Sports UK" sahifasi xabar berdi.

Manbaga ko'ra, "qirollik klubi"ning hozirgi ikki nafar qanot himoyachisi - Daniel Karvaxal va Ferlan Mendi Kloppning jamoa tuzish rejalariga kirmaydi.

Avvalroq OAVda madridliklar nemis mutaxassisiga qiziqish bildirgani haqida xabarlar paydo bo'lgan edi.

Eslatib o'tamiz, "Real" klubi 2025 yil yozidan beri jamoani boshqarib kelgan Xabi Alonsoni iste'foga chiqardi. Uning o'rnini madridliklar safida o'ynagan yana bir sobiq futbolchi - Alvaro Arbeloa egalladi. Ispaniya chempionatida "Real" ayni paytda turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi - jamoa 20 uchrashuvda 48 ochko jamg'argan.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia