Yosh futbolchilar maydonda yoxud ustoz ruhini shod etib

Aslanov Jasurbek
20 sen 2021
"Xorazm"da xotira turniri.

Xorazm viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi  tasarrufidagi  Sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabi   tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, sportimiz  fidoyisi va jonkuyari  Shuhrat Vaisovning porloq xotirasiga bag'ishlab 2008-2009 yillarda tug'ilgan o'smirlar o'rtasida futbol bo'yicha viloyat turniri tashkil etildi.  Xotira turnirida 12 ta jamoa  g'oliblik uchun maydonga chiqdi. 

 Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasi stadionida o'tkazilgan musobaqaning finalida Urganch shahrining “Binokor” va Urganch tumanining “Lochin” jamoalari o'zaro bahs yuritdi. Bu o'yinda tumanning yosh futbolchilari 2:0 hisobida g'alaba qozonib, uchinchi marta o'tkazilayotgan turnir g'olibi bo'ldi. “Binokor”chilar ikkinchi o'rin bilan kifoyalanishdi. Faxrli uchinchi o'rin uchun kechgan uchrashuvda viloyat markazining ikki jamoasi “Junior” va “Jayhun” jamoalari ro'para keldi. Bu o'yinda “Junior” jamoasi  2:1 hisobida g'alaba qozondi

 "Mazkur turnirni o'tkazishda nafaqat viloyatimiz, umuman, respublikamiz sportida munosib iz qoldirgan Shuhrat aka Vaisovning farzandlari va yaqinlari bosh-qosh bo'lishdi. Bundan juda xursandmiz, albatta. Zero, tashkil etilayotgan bunday musobaqalar yoshlarimiz qalbida insonlarga nisbatan hurmat va ehtirom hissini uyg'otishda,  milliy qadriyatlarimizni avlodlarga etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning barobarida, yosh “charm to'p” o'yini ustalarining mahoratini oshirishga xizmat qiladi", - deydi musobaqa bosh hakami  Anvar Alimov. 

 Binobarin, turnirning yopilish marosimida marhum Shuhrat Vaisovning oila a'zolari, do'stlari  va shogirdlari jam bo'lishdi. Unda so'zga chiqqan voha sportining faxriysi Durdi Rajapov, sport ustasi Aleksandir Larcev, sport ustaligiga nomzod Vladimir Vorobev va boshqalar SH.Vaisovning hayot davrida bosib o'tgan sermazmun va samarali mehnat yo'li, erishgan muvaffaqiyatlari haqida gapirib, endilikda, bu inson boshlagan xayrli ishlar, ezgu   ananalar shogirdlari tomonidan davom ettirilayotganini faxr bilan qayd etishdi. 

  O'z navbatida  g'olib va sovrindor jamoalar, murabbiylar hamda turnirning eng yaxshi futbolchilari  Shuhrat Vaisovning oila a'zolari tomonidan tegishli darajadagi diplom, medal va sovg'alar bilan  taqdirlanishdi. 

 


Ikrom Xudoyberganov, Urganch shahridan


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia