

O'yindan keyin "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- "Sho'rtan" yaxshi jamoa va klub oldiga vazifa qo'yilganini bilamiz. G'uzorda qiyin bahs o'tkazdik va uddaladik deb o'ylayman. Qaysi jamoaga qarshi bo'lmasin, g'alaba uchun o'ynaymiz. Bugun durang qayd etdik, bir ochkoni qo'lga kiritdik.
- Natija o'yinga mos bo'ldi deb o'ylaysizmi?
- Ha, shunday desa bo'ladi. Har ikki jamoada vaziyatlar bo'ldi. Bugun maydonda bir kalla ustun jamoani ko'rmadim. Shu bois durang qoniqarli. To'p bilan muomala qilish borasida ham yutqazmadik.
- Raqibning qaysi nuqtasini zaif deb hisoblaysiz?
- Ikkala jamoa ham ikkitadan gol o'tkazdi va har ikki jamoaning himoyasi zaif ko'rindi deb o'ylayman.
- "Yaypan"da to'plar nisbati 7-5. Jamoangiz himoyasining qaysi jihatlari sizni qoniqtirmayapti? Hujum chizig'idan ko'nglingiz to'qmi?
- To'g'risi, statistikani uncha kuzatmayman, ko'proq futbolchilar harakatiga e'tibor beraman. Biz jamoa bo'lib himoyalanishni va jamoaviy hujumga o'tishni maqul ko'ramiz. Mashg'ulotlarda ham shuning ustida ishlaymiz. Qaysi chizig'imiz zaif, qay biri kuchli deya olmayman. Chunki o'yinlar turlicha bo'ladi va bugun maqtalgan chiziq ertaga xato qilishi mumkin. Hujumdagi xatolar ko'zga tashlanmasligi mumkin, lekin himoyadagi xato birdaniga ko'rinadi. Chunki orqada faqat darvoza qolgan bo'ladi.
- "Sho'rtan" ikkinchi golni urgan vaziyatda qoida buzildi deb hisoblaysizmi? Chunki etiroz bildirganingiz uchun hakam sizga qariq kartochka ko'rsatdi.
- Men hech kimga yomon gap aytmadim, fqaqat o'z himoyachilarimizga nimaga hushyorlikni yo'qotdinglar deb baqirdim. Bir vaziyatda o'yinchimiz hakam bilan gaplashib raqibni ko'zdan qochirdi. Aslida futbolchi diqqatini o'yinga qaratishi kerak. Hakam bilan gaplashgandan ne foyda.
- Sho'rtan hisobni tenglashtirgan vaziyatda himoyachingiz yerda yotib oldi. Bu borada fikringiz?
- Men to'g'risi o'sha holatni ko'ra olmay qoldim, chunki qanot hakami vaziyatni to'sib turgandi.
- Mavsum davomida jamoangiz qaysi vazifani hal etishi kerak?
- To'g'risi, shu paytgacha bu savolni hech kim bermadi. Maqsadimiz - "Neftchi" kabi kuchli jamoalarga futbolchi etkazib berish. Oldimizda Superligaga chiqish, keyin beshtalikka kirish degan gap yo'q. Lekin futbolchilarga doim maydonga chiqqandan keyin oxirigacha o'ynash kerak deymiz. Jamoa yutib tursa ishiyam yurishib ketadi.



