Xorazm viloyati futbol Federatsiyasining 2014 yilgi yakunlari sarhisob qilindi

Narzulla Saydullayev
25 dek 2014
Urganch shahridagi “Visol” to'yxonasida Xorazm viloyati futbol federatsiyasining 2014 yilgi yakunlariga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirga viloyat hokimligi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, viloyat futbol federatsiyasi vakillari,  shuningdek, vohaning yetakchi mutaxassislari, murabbiylari, futbolchilari, ommaviy axborot vositalari va mehmonlar tashrif buyurishdi.
  
Tadbir davomida O'zbekiston chempionatining joriy yilgi  ayollar birinchi ligasida faxrli uchinchi o'rinni egallab, kelasi yildan oliy ligaga yo'llanma olgan Yangibozor tumanining “To'maris” ayollar jamoasi va 2014 yil bo'yicha Xorazm viloyatining “Eng yaxshi”larini  sharaflash marosimi o'tkazildi.
  


Jumladan, Xorazm viloyati futbol federatsiyasi  tomonidan uyushtirilgan so'rovnomaga asosan aniqlangan g'oliblar  viloyat hokimligi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi va viloyat futbol federatsiyasi tomonidan tegishli darajadagi diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishdi.
  
Quyidagilar Xorazm viloyati futbolining 2014 yil yakuni  bo'yicha “Eng yaxshi”lar nominaciyasida g'olib bo'lishdi:
   “Yilning eng yaxshi futbolchisi” – Jamshid Iskandarov,
   “Yilning eng yaxshi iqtidorli futbolchisi” – Umidbek Sultonov,
   “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” – Habibulla Matyoqubov,
   “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” – Dilnoza Bektemirova,
   “Yilning eng yaxshi faxriy futbolchisi” – Shokir Do'schanov,
   “Yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi” – Otabek Rahimov,
   “Yilning eng yaxshi murabbiyi” – Islom Abdusharipov,
   “Yilning eng yaxshi ayollar futboli murabbiyi” – Olimboy Davletov,
   “Yilning eng yaxshi mini futbol jamoasi” – “Aloqa Bank” jamoasi,
   “Yilning eng yaxshi yoshlar jamoasi” – 2002 yilda tug'ilgan yoshlar viloyat terma jamoasi,
   “Yilning eng yaxshi hakami” – Anvar Alimov,
   “Yilning eng yaxshi to'purari” -  Feruzbek Jabborov.
  


Shuningdek, 2014 yilda Xorazm viloyati birinchiligida  g'olib chiqqan Urganch Davlat universiteti va  Xorazm viloyati kubogi sohibi bo'lgan Urganch Olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi tashkilotchilar tomonidan munosib rag'batlantirildi.
  
- Ushbu bayram tadbiri yangi yil arafasida vohamiz futbol ahliga quvonchli daqiqalarni baxshida etdi, - deydi Xorazm viloyati futbol federatsiyasi birinchi vice prezidenti Ravshanbek Otajonov. – Ishonchim komilki, ushbu tadbirimiz keyingi yillarda  vohamiz futbolini yanada yuqori cho'qqilarni egallashiga o'ziga xos omil vazifasini o'taydi.  

- Bu kunni hech qachon unuta olmasam kerak, - deydi “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominaciyasi g'olibi Islom Abdusharipov.  – Vaholanki, vohamizda juda ko'p tajribali murabbiylar faoliyat yuritishadi. Shunga qaramay, ular orasida Xorazm viloyatining 2014 yilgi eng yaxshi murabbiyi deb etirof etilishim menga bitmas –tuganmas sevinch  va g'urur bag'ishlayapti.
  


- Viloyatimizda o'tkazilayotgan  mini futbol musobaqalarida muntazam ravishda ishtirok etib kelamiz, - deydi “Aloqa Bank” mini futbol jamoasi sardori Furqat Jumaniyozov. – Joriy yilda jamoamiz beshinchi marotaba Xorazm viloyati hokimi kubogini qo'lga kiritdi. Albatta, bundan xursandmiz. Ayniqsa, 2014 yil yakuniga ko'ra mini futbol jamoamizning Xorazm viloyatida eng kuchli deb etirof etilishi biz uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi. Bu bizga o'zgacha kayfiyat bag'ishlayapti.
  
Xorazm viloyati futbol federatsiyasining 2014 yilgi yakunlariga bag'ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimining birinchi o'rinbosari SH. Xo'janiyozova ishtirok etdi va maruza qildi.


Ikrom XUDOYBERGANOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia